To’sin

To’sin — bino va inshootlarning tomi, orayopmalari, poliga ishlatiladigan va tayanchlarga tayanadigan konstruktiv elementi. Joyiga qarab temirbeton, metall va yog’och To’sinlar ishlatiladi. Ko’ndalang kesimi shakliga ko’ra, to’g’ri to’rtburchak, tavr yoki qo’shtavr, trapetsiya va doiraviy bo’lishi mumkin. Tayanchlarning soni va To’sin uchlarining biriktirilishi usuliga ko’ra, To’sinlar bir qulochli (prolyotli), ko’p qulochli, konsolli, uchlari mahkamlangan, qirqma, yaxlit, osma va boshqa turlarga bo’linadi. Vaznini yengillashtirish maqsadida ichi kovak To’sinlar ham ishlatiladi. Ilgari O’zbekistonda binolar uchun asosan yog’och to’sinlar (bolorlar) ishlatilar edi. Xonalarning kattakichikligi solinadigan To’sinlar soniga qarab belgilanar edi (masalan, besh, yetti, to’qqiz, o’n bir To’sinli va boshqalar). To’sin ustiga toqi (vassa) lar zich qilib yonma-yon yotqizilardi. Toqi siyrak bo’lganda ustidan bo’yra tashlanardi. Ko’pincha, To’sin sifatida daraxtning shakli saqlangan holda ishlatilgan, keyinchalik to’rtburchak qilib yo’nilgan, o’yib, bo’yab naqsh ishlangan. Yakka tartibda uyjoy qurilishida bu an’ana hamon saqlanib qolmoqda. Ammo zamonaviy yirik binolarda yog’och to’sinlar o’rnini yig’ma metall yoki temirbeton plitalar egalladi. Binokorlikda yig’ma temirbeton To’sinlar keng tarqalgan. To’sin egilganda Markaziy (neytral) o’qdan pastki tolalari cho’zilishga, yuqori tolalari esa siqilishga ishlaydi. Beton cho’zilishga zaif, siqilishga yaxshi ishlaydigan material. Betonning cho’zilishga mustahkamligini oshirish maqsadida To’sinning cho’zilish zonasiga po’lat armatura joylanadi. To’sin yoki plitaning o’rta qismida kuchlanish kam bo’lganligi sababli, o’rta qismlari kovakli, bo’shliqli qilib ishlanadi. Tom va orayopma uchun ishlatiladigan plitalarning aksariyati ko’p bo’shliqli bo’ladi.