TSAYDAM SOYLIGI

TSAYDAM SOYLIGI – Xitoydagi tektonik botiq. Uzunligi 700 kilometr, eni 300 kilometrgacha, balandligi 2600-2900 metr. Nanshan, Kunlun, Oltintog’ tog’lari o’rab turadi. Tubi tekis. Iqlimi keskin kontinental, quruq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -11° dan -15° gacha, iyulniki 15-18°. Yillik yog’in 25-50 millimetr, sharqida 150 millimetrgacha. Mayda sho’r ko’l ko’p. Tsaydam soyligining aksari qismi Toshloq, qumli, gilli cho’l, chala cho’l va sho’rxokdan iborat. Shimol-g’arbiy qismi denudasion tekislik, Janubi-sharqi akkumulyativ tekislik. O’simlik kam. Tog’ etaklarida qamish, boshoqlilar, yulg’un, juzg’un o’sadi. Neft va osh tuzi konlari bor.