TSERKOSPOROZ

TSERKOSPOROZ — Cercospora avlodiga mansub zamburug’lar qo’zg’atadigan o’simliklar kasalligi. O’simlik barglarida turli o’lcham, shakl va rangdagi dog’lar paydo bo’lishi bilan tavsiflanadi. Kasallik kuchli rivojlanganda burglar qurib qoladi. Tserkosporoz qo’zg’atuvchilari vegetasiya davrida tarqaladi, o’simlikning zararlangan qoldiqlarida qishlaydi. Eng ko’p tarqalgan va zararlilari lavlagi, kartoshka, tok va mevali daraxtlar Tserkosporozlaridir. Kurash choralari: kartoshka va lavlagi dalalarida hosil yig’ilgandan keyin maydonni tozalash, fosfor-kaliyli o’g’itlar bilan oziqlantirish, fungisidlar purkash; mevali daraxtlar va toklarning zararlangan qismlarini va to’kilgan barglarini yoqib yuborish; shoxlarni qirqish; fungisidlar bilan ishlov berish.