TSZYANSI
TSZYANSI — Xitoyning Sharqiy qismidagi provintsiya. Yantszi daryosining o’ng sohilida. Maydoni 164,8 ming kilometr kvadrat. Aholisi 41,9 million kishi (1999). Ma’muriy markazi — Nanchan shahri. Yer yuzasi Markaziy va shimol qismida allyuvial pasttekislik, qolgan qismi tog’lik, eng baland joyi 1696 metr. Iqlimi subtropik mussonli iqlim. Yillik yog’in 1400-1700 millimetr. Tog’lar o’rmonlar bilan qoplangan. Iqtisodiyotida dehqonchilik yetakchi o’rinda. Asosiy ekini — sholi. Bug’doy, arpa, batat, dukkaklilar, paxta, jut, shakarqamish ekiladi. Tsitrus mevalar etishtiriladi. Qoramol, cho’chqa boqiladi. Baliq ovlanadi. Volfram, toshko’mir, rux, qo’rg’oshin qazib olinadi. To’qimachilik, mashinasozlik, kimyo, oyna-shisha, metallurgiya, qog’oz sanoati korxonalari bor. Tszyansi qadimdan o’zining chinni buyumlari bilan mashhur. Bu yerda Xitoyda eng katta chinni fabrikasi joylashgan. Daryolarida kema qatnaydi. Tszyansi hududida miloddan avvalgi 7-4-asrlarda Tsi, Yue, Chu podshohliklari bo’lgan. Miloddan avvalgi 3-asrda Tsin imperiyasi tarkibidagi Szyuszyan viloyati edi. 13-asrda Xitoyni mo’g’ullar bosib olgach, Tszyansi provintsiyasi tarkib topgan.