Tugma qachon paydo bo’lgan?

Tosh asri zamonida hali tugmalar bo’lmagan, ularning vazifalarini har xil to’g’nag’ichlar bajarar edi. Tugmalarning o’zi esa faqat XV asrda ixtiro qilingan. Yevropada kiyimni tartibga solish uchun yoki bezak maqsadlarida tikiladigan aytarli katta bo’lmagan tosh, suyak yoki metaldan yasalgan ushbu buyum mis asridan beri ma’lum. Tugmalarning ishtiroki gazlamadan tikilgan kiyimning mavjudligini taxmin qilishga imkon beradi, chunki tugmalarni qadash uchun yetarlicha ingichka ip, shuningdek chetlari mustahkamlashga muhtoj bo’lgan maxsus ishlangan halqa kerak bo’ladi. O’sha qisqa davrda tugmalar ham kundalik, ham hayitlik kiyimlarning muhim unsuriga aylandi. Ularni turli-tuman materiallardan — mo’giz, suyak, yog’och, metaldan tayyorlashadi. Ko’pgina muzeylarda naqshlar va nodir toshlar bilan bezatilgan qadimiy tugmalarni ko’rish mumkin. Tugmalardan turli tumorlar va ko’zmunchoqlar taqib yurish uchun ham foydalanilgan. Salb yurishlari zamonida, masalan, go’yo qachonlardir soyasida Iso Masih nafas rostlagan Mamviriy eman yog’ochidan ishlangan tugmalar sotilgan. Rossiyada XVIII asrda yarimnodir toshlar — yashim, aqiq, malaxitdan ishlangan tugmalar ancha-muncha ommalashgan edi. Shunday bo’lsa-da, vaqt o’tishi bilan bichimlar va jilolarning benihoya rang-barangligi, shuningdek uncha qimmat bo’lmagan narx tugmaning asosiy fazilatiga aylandi. Tugma modasi turli-tuman bo’ladi: kiyimni tartibga solish uchun turli shakl va kattalikdagi tugmalarni shunchaki qadab qo’ymaslik ham mumkin ekan. Bir necha yil ilgari tugmaband naqsh deb ataluvchi moda mavjud edi: tugmalar kiyimga qo’shimcha bezak sifatida tikilardi. Ayrim modaparastlar hatto qanchalik ko’p tugma qadasangiz, siz shunchalik po’rim kiyingan bo’lasiz, deb taxmin qilishgan.