Turkiston

Turkiston — Markaziy Osiyoning o’rta asr tarixiygeografik adabiyotlarda uchraydigan nomi. Manbalarda Turon va Turkiston atamalari o’rnida qayd etilgan. 639 y. Turfonda tuzilgan Sug’d hujjatida O’rta Osiyo mintaqasining nomi sifatida ishlatilgan. «T.»atamasi «O’rta Osiyo» va «Movarounnahr» nomlaridan farqli ravishda nafaqat geografik, balki etnogeografik tushunchani anglatib, shuningdek, siyosiyhuquqiy ahamiyatga ham ega bo’lgan. Arablar istilosidan so’ng «T.»toponimi o’zining siyosiyhuquqiy ma’nosini yo’qotmagan. Uning siyosiy sarhadlari uzok, shim. va sharqqa, Arab xalifaligi, Qarluq va Uyg’ur xoqonliklari bilan chegaradosh bo’lgan erlargacha yoyilgan. Ayni mana shu davlatlar endilikda T. nomi bilan Arab tarixchigeograflari asarlarida (8-10- a.lar) qayd etilgan. Markaziy Osiyoning Markaziy va Jan. viloyatlari (Amudaryo va Sirdaryo oralig’i) Movarounnahr deb atala boshlagan. Qoraxoniylar davlati barpo etilishi bilan «T.»toponimining ahamiyati yana qayta o’zining sobiq hududlari doirasida deyarli tiklanadi, uning Jan. sarhadlari Amudaryo bilan belgilanadi. «Movarounnahr» atamasi esa, T.ning bir qismi sifatida, ya’ni K,oraxoniylar, so’ngra Xorazmshohlar, Chig’atoiylar, Temuriylar va Shayboniylar davlatining bir qismi sifatida qarala boshlagan. Mahmud ibn Valnning yozishicha, «Turkiston — bu keng va ko’ngilli yurtdir.., bu yurtning uzunligi Sayhun daryosining qirg’og’idan Qoramurun daryosi qirg’og’igacha bo’lib, bu erni Mo’g’uliston nomi bilan ataganlar». Muallif T.ning yana bir nomi — bu Turon va uning aholisi turklar deb yozadi. Shu davrdagi Mo’g’uliston Sharqiy Turkiston, Ettisuv va Oltoyni qamrab olgan. 19-a. o’rtalarida T. xududi (3 mln. kv. km dan ortiq) g’arbda Ural tog’lari etagi va Kaspiy dengizi, sharkda Oltoy tog’lari va Xitoy, Jan.da Eron va Afg’oniston, shim. da Tomsk va Tobolsk gubernyalari bilan chegaradosh bo’lgan. T. shartli ravishda G’arbiy (Qozog’istonning Jan. qismi, O’zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston hududlari), Sharqiy (SintszyanUyg’ur Muxtor rayoni) va afg’on T.i (Afg’onistonning shim. qismi)ga bo’lingan. Rossiya imperiyasi bosib olgan G’arbiy T. hududida 1867 y. Turkiston generalgubernatorligi tashkil qilingan. 1886 y.dan rasman Turkiston o’lkasi deb atala boshlagan. Oktyabr to’ntarishidan so’ng, 1918 y. apr.da G’arbiy T. hududida Turkiston avtonom Sovet sosialistik Respublikasi (TurkASSR) tuzilgan. Sho’ro hokimiyati yagona va mustaqil T. ni qayta tiklash g’oyasi tug’ilishidan xavfsirab 1924-25 y.larda shoshilinch suratda «T.xalqlarining milliydavlat chegaralanishi» deb atalmish tadbirni o’tkazgan. Natijada, ugla paytda siyosiy ahamiyat kasb etgan «T.»atamasi sun’iy ravishda iste’moldan chiqarilib, o’rniga rasman «O’rta Osiyo» geografik termini joriy qilingan. Ad: Bartold V.V., Istoriya Turkestana, Sochineniya, T. 11(1), M., 1963; Sagdullaev A. S., Qadimgi O’zbekiston ilk yozma manbalarda, T., 1996. Shamsiddin Kamoliddinov.