Turli-tuman ziravorlar qayerdan olinadi?

Tabiatda turli-tuman o’t o’simliklar bor. Shuning uchun ularning aksariyati tibbiyotda va atir-upa ishlab chiqarishda qo’llanayotganidan ajablanmasa ham bo’ladi. O’t-o’lanlar keng qo’llaniladigan yana bir soha kulinariyadir. Hammaga ma’lumki, qiyomiga yetmay pishirilgan taomni ham turli xil ziravorlarni qo’shish bilan tansiq ne’matga aylantirib yuborish hech gap emas. Shu bilan birgalikda, ayrim ziravorlar o’tkir ta’m va hidga egaki, ularni ishlatishda juda ehtiyot bo’lish kerak. Dunyoda ziravorlar son-sanoqsizdir. Biz ulardan Yevropada ma’lum va mashhur bo’lganlari to’g’risida bir-ikki og’iz ma’lumot bermoqchimiz. Rayhon — muloyim, bir oz shirin, ta’mi qalampirni eslatadigan ziravordir. U ko’pincha salatlar va achchiq gazaklarga qo’shiladi. Mavrak yog’li ovqatlarga qo’shilganda, yaxshi foyda beradi. Uning hidi juda o’tkir, ko’pincha pishloq ishtahani qo’zg’ovchi hid berish uchun uning yaproqlariga o’raladi. Boshqa bir ziravor chebretsning bir necha turi bor. Ularning vatani O’rta yer dengizi sohillarida joylashgan mamlakatlardir. Chebretsning hidi o’tkir, ta’mi o’ziga xos, uni yangi uzilgan holicha ham, quritilgan holda ham ishlatish mumkin. Chinnigul shirin va achchiq taomlarga solinadi. Bu bir oz shirin va xushbo’y ziravor Molukka orollarida o’sadigan chinnigul daraxtining gulidan tayyorlanadi. Yalpizni bilmaydigan kishi bo’lmasa kerak. Uning inglizcha nomi qadimgi yunon nimfasi (tabiat kuchlarining ayol obrazidagi ilohasi) sharafiga qo’yilgan. Rivoyatlarda aytilishicha, bir iloha o’z kundoshini rashki zo’rligidan yalpizga aylantirib qo’ygan ekan. Yalpiz ham ziravor sifatida ishlatiladigan chebrets, rayhon, mavrak, rozmarin, mayoran kabi labgullilar oilasiga kiradi. Yalpizning 20 — 25 turi bor, ammo turli taomlar tayyorlash, saqichlarga xushta’m qo’shimchalar qo’shish uchun ko’pincha bog’ yalpizi ishlatiladi.