Ulug’nor kanali

Ulug’nor kanali – Andijon viloyatidagi Ulug’nor — Baliqchi — Mazgil kanallar tarkibiga kiruvchi yirik sug’orish inshooti. Katta Farg’ona kanalining Kuyganyor suv olish to’g’onidan 3,3 kilometr quyidan suv oladi. Uzunligi 44,7 kilometr, bosh qismidagi suv sarfi 35 m3/ sek. Oltinko’l qishlog’i yaqinida Asaka tashlama kanali bilan kesishadi. Kanalning 11 kilometr uzunlikdagi yuqori qismidan suv Asaka tashlamasiga tashlanadi, bu suv quyiroqda to’sqich yordamida to’silib, taqsimlash-rostlagich inshooti orqali kanalga qayta olinadi. Ulug’nor kanalida yana 8 ta yirik: 20 kilometrda Qo’shko’pir, 35 kilometrda Urmonbek, 45 kilometrda umumiy suv sarfi 8m3/sek bo’lgan shimol va Janub tarmoqlar va boshqa inshootlar bor. Qo’shko’pir inshootidan Qoradaryo va Zambarko’l kollektori oralig’idagi yerlarni sug’orish uchun mazgil kanaliga, undan esa O’rmonbek tarmog’iga suv olinadi. Ulug’nor kanali Qoradaryoning chap sohilida 40 ming gektar atrofidagi ekinzorni sug’orish imkoniga ega.