Umar Shayx Mirzo Bahodir
Umar Shayx Mirzo Amir Temurning ikkinchi o’g’li bo’lib, 1356 yilda tug’ilgan. Umar Shayx Mirzoning onasi To’lin Og’o (To’mlun og’o) dir.
Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, Umar Shayx Mirzo yoshligidanoq harbiy ishlarga iqtidori yuksak bo’lib, mohir chavandoz va tolmas jangchi bo’lib yetishgan. Shu bois bo’lsa kerak, uning jangovarlik faoliyati haqida ko’pgina naql va rivoyatlar yozib qoldirilgan.
1370 yilda sohibqiron Amir Temurning amir Husayn ibn Musallabga qarshi olib borgan jangida 15 yoshli Umar Shayx Mirzo alohida jangovarlik namunasini ko’rsatgan. Shuningdek, u Farg’onada mo’g’ullarga qarshi ko’pgina janglarda ishtirok qilgan. Uning shaxsiy hayotiga doir tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, u o’zining mardligi bilan sohibqiron qo’shinida ustuvor sarkarda bo’lgan.
Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, 1393 yilda sohibqiron Amir Temur Umar Shayx Mirzoni Fors viloyatini zabt etish ishiga mutasaddi qilib tayinlaydi. Binobarin, u Istahr, Farak, Shahriyor va shunga o’xshash bir necha qal’alarni zabt etib, navbatdagi Sirjon qal’asini zabt etmoq uchun qal’ani muhosara qilish taraddudida edi. Aynan shu paytda sohibqiron Amir Temur Misr va Shom (Suriya)ni zabt qilish uchun Diyor Bakr tomon yo’lga chiqqan edi. Shu bois Amir Temur Umar Shayx Mirzoni o’z huzuriga yetib kelishini ta’kidlab, odam yuboradi.
Umar Shayx Mirzo Sirjon qal’asini muhosara qilish ishini amir Idigu barlosga topshirib, o’zi Sherozga keladi. Sherozda ishonchli kishilardan amir Sunjaq huzuriga kelib, uni fors mamlakatini zabt qilish ishiga mutasaddi qilib, so’ngra otasi sohibqironning huzuriga jo’naydi. Umar Shayx Mirzo safar asnosida Shavliston yo’li bilan yurib, Kurdistondan o’tib borayotganda, yo’l chekkasida kichikroq bir qal’aga ko’zi tushadi. Bu qal’aning nomini Harmotu deb atardilar. Umar Shayx Mirzo mazkur qal’ani yaqinroqdan tomosha qilish maqsadida bir tepalik ustiga chiqib, qal’a tomon nazar tashlaydi. Shu asnoda qal’a ichidan otilgan nogahoniy o’q Mirzoning qulog’i ostidagi ko’k tomiriga tegib, shu zahoti til tortmay o’ladi. Bu falokat sodir bo’lgach, Mirzoning qo’shini mazkur qal’ani yer bilan yakson qilib, barcha jonzodni qilichdan o’tkazadilar.
Bu mash’um xabar sohibqiron Amir Temurga yetgach, ko’p anduh chekadi va nihoyat taqdirga tan beradi. U amir Uch Qaro bahodirni Harmotu qal’asi tomon yuboradi. Amir Uch Qaro bahodir Umar Shayx Mirzoning jasadini Sherozga olib keladi. Sherozda motam o’tkazilib, jasadni muvaqqad dafn etadilar. Bir necha muddat o’tgach, marhum Umar Shayx Mirzoning xotinlari – Sevin Qutlug’ Og’o begim, Beka Mulk Og’o begim va Mulkat Og’o begimlar hamda hali voyaga yetmagan (sag’ir) o’g’li Iskandar Mirzolar jasadni Sherozdan Keshga (Shahrisabz) olib ketadilar va temuriylar xonadoni uchun maxsus qurilgan dahmaga dafn qiladilar.
Marhum Umar Shayx Mirzodan olti o’g’il qolgan bo’lib, kattasi Pir Muhammad Mirzo 16 yoshda edi. Undan keyingilari Rustam Mirzo, Iskandar Mirzo, Ahmad Mirzo, Saidi Ahmad Mirzo va Bayqaro Mirzolar edi. Amir Temur Fors mamlakatining hukmdorligini 16 yoshli Pir Muhammad Mirzoga topshiradi.
PIR MUHAMMAD MIRZO amirzoda Umar Shayx Mirzoning katta o’g’li bo’lib, 1379 yilda tug’ilgan edi. Otasi Umar Shayx Mirzo vafotidan so’ng, unga tegishli bo’lgan Fors mamlakatining hukmdorligi Pir Muhammad Mirzo ixtiyoriga topshiriladi. Shundan so’ng shahzoda Sherozda hukmronlikni boshlaydi. Shu bois shahzodani Pir Muhammad Mirzo Sheroziy deb ataydilar.
1400 yilda sohibqiron Amir Temur Forsda hukmron bo’lib turgan nabirasi Pir Muhammad Mirzo Sheroziy Sohibqironning harbiy yurishlaridan biriga o’zini kasalikka solib qatnashmaganligi sababli uni hokimlik mansabidan azl qiladi. Ikkinchidan, noma’lum maqsadni ko’zlab, qandaydir zahar tayyorlash bilan mashg’ul bo’ladi.
Faqat 1403 yilda Pir Muhammad Mirzoga Sherozni qaytarib beradi. Rustam Mirzoni Isfaxonga va Iskanda Mirzoni Hamadonga hokim etib tayinlaydi.
Shahzoda Pir Muhammad Mirzo yosh bo’lsa-da, aqlli, ziyrak va tadbirkorligi bilan ukalaridan farq qilardi. U harbiy san’atdan yaxshigina xabardor bo’lsa-da, biroq uning tabiatida harbiylarga xos toshbag’irlik bo’lmay, aksincha, ishonuvchalik, muloyimlik va muruvvatlik ko’proq edi.
Sohibqiron Amir Temur vafot qilgandan keyingi taxt talashuvlarida u o’z arkoni davlati bilan maslahatlashib, kichik amakisi Shohruh Mirzoning xibzi-himoyatida bo’lishga qaror qiladi. Bunga otasi Umar Shayx Mirzo vafotidan so’ng, 1398 yilda bobosi sohibqiron Amir Temurning xohishiga muvofiq o’gay onasi, ya’ni ukasi Iskandar Mirzoning onasi Mulkat Og’o begimni amakisi Shohruh Mirzoga bay’at (ishonch) bildiradi. Pir Muhammad Mirzo Sheroziyning mazkur iltifotidan Shohruh Mirzo bag’oyat xushnud bo’ladi.
1405 yil o’rtalarida Iskandar Mirzo Hamadondan akasi Pir Muhammad Mirzoga zarurat yuzasidan Forsga ko’chib kelayotgani haqida maktub yuboradi. Pir Muhammad Mirzo o’z ukasining fe’lini yaxshi bilgani tufayli, o’z o’rnida, ya’ni Hamadonda xavf-xatarsiz o’tirishni ta’kidlab javob maktubini yo’llaydi. Ammo Iskandar Mirzo maktubga iltifot qilmay Sherozga qarab yuradi. Bir oydan so’ng Iskandar Mirzo akasi huzuriga yetib keladi. Bu paytda Umar Mirzoning akasi huzuriga yetib keladi. Bu paytda Umar Mirzoning Iroq va Forsga lashkar tortib kelayotgan xabari eshitiladi. Aka-uka Mirzolar Umar Mirzoga qarshi jang taraddudiga tushadilar. Darhaqiqat, Umar Mirzo katta qo’shin bilan Hamadonga keladi. Ammo Rustam Mirzo Umar Mirzoning huzuriga Hoji Musofirni elchi qilib jo’natadi. Har ikki o’rtada sulh tuzilib, Umar Mirzo qaytib ketadi. Aka-uka Mirzolar urushdan qutilib qoladilar.
Pir Muhammad Mirzo Sheroziy ukasi Iskandar Mirzoga Yazd viloyatini beradi. 1405-1406 yil qish faslida Pir Muhammad Mirzo Umar Mirzo bilan ittifoq tuzib, Abubakr Mirzoga qarshi urishadi. Xarbura mavze’ida bo’lgan jangda Pir Muhammad Mirzo va Umar Mirzolar yengilib orqaga qaytadilar.
Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, 1407 yilga kelganda Umar Shayx Mirzo farzandlari orasiga fitna-fasod oralab, aka-ukalar bir-birlariga dushmanlik harakatlarini boshlaydilar. Pir Muhammd Mirzo Sheroziy ukasi Iskandar Mirzoni ushlatib qamoqqa oladi. Uning Yazd viloyatidagi barcha xazina va dafinalarini olib, Sherozga keltiradi. O’zining esa qo’l-oyog’ini bog’latib, Hirot dorissaltanasiga yuboradi. Biroq Iskandar Mirzo yo’lda banddan xalos bo’lib, Isfanxonga akasi Rustam Mirzo huzuriga qochib keladi. Shundan so’ng, Rustam Mirzo va Iskandar Mirzolar ittifoq tuzib, akalari Pir Muhammad Mirzoga qarshi Sherozga qo’shin tortadilar. Ammo Sherozni qamal qilsalar-da, uni ololmaydilar. Sheroz atrofidagi qishloqlarni talon-taroj qilib, ko’p o’ljalar olib Isfaxonga qaytib ketadilar.
1408 yilda Pir Muhammad Mirzo o’tgan yilgi mag’lubiyat intiqomini olish uchun Rustam Mirzoga Isfaxonga qo’shin tortadi. Jang Gandumtosh mavzeiga yaqin joyda bo’lib, Rustam Mirzoning mag’lubiyati bilan tugaydi. U Koshonga qochib ketadi. Pir Muhammad Mirzo intiqom olib bo’lgach, Isfaxon ahliga hech qanday zarar yetkazmaydi. Faqat Isfaxonda Rustam Mirzoga xayrixoh bo’lgan amir va beklrni yo’qotib, Isfaxon viloyatini o’z o’g’li Umar Shayx Mirzoga in’om qilib, o’zi Sherozga qaytib ketadi.
1409 yilda Pir Muhammad Mirzo Xuziston mamlakatini zabt etadi. Ammo jangda mag’lubiyatga uchragan Rustam Mirzo Hirotga – Shohruh Mirzo huzuriga panoh istab borgan edi. Shuningdek, Iskandar Mirzo ham Xuroson hududida sargardon yurgan kezlarda, uning sargardonligi Shohruh Mirzoga ma’lum bo’lib, u Pir Muhammad Mirzo Sheroziyga o’z uksi Iskandar Mirzoga nisbatan shfqat qilmog’i lozim ekanini uqtirib maktub yuboradi. Shundan so’ng Iskandar Mirzo akasi Pir Muhammad Mirzo Shohruh Mirzoning farmoniga amal qilib, Iskandar Mirzoni marhamat qilib kutib oladi.
1410 yilda Pir Muhammad Mirzo Sheroziy Kermon viloyatini zabt etish ishtiyoqida qo’shin tortib yo’lga tushadi. U Duchoha mavze’iga yetganda, qo’shinga orom berish uchun o’sha manzilda to’xtaydi.
Pir Muhammad Mirzo Sheroziyning Xoja Husayn Sharbatdor ismli amiri bor edi. Uni tabiblik lavozimidan amirlik mansabigacha ko’tarib, ko’p tarbiya va navozishlar qilgan hamda mulk ishlarida mutlaq sohib ixtiyor qilib qo’ygan edi. Ana shu ko’rnamak amir Xoja Husayn sharbatdor bir necha yomon kishilar bilan til biriktirib, qorong’u tunda odil podshohzodaning chodiriga kirib, uni qatl etadi. Pir Muhammad Mirzo Sherzouy 31 yoshda halok bo’ladi. Undan ikki o’g’il qoladi. Kattasi Umar Shayx Mirzo, kichigi Solih Mirzodir.
UMAR SHAYX MIRZO 1398 yilda tug’ilgan edi.
1408 yilda Pir Muhammad Mirzo Isfaxon viloyatining hokimligini Umar Shayx Mirzoga in’om qiladi. Umar Shayx Mirzo Isfaxon viloyatida osuda hayot kechirar ekan, 1409 yilning oxirida Sulton Mo’tasimning Isfaxonga to’satdan bostirib kirishi Umar Shayx Mirzo qo’shinida parokandalikni vujudga keltiradi. Uning ishonchli beklari amir Said barlos va amir Jalonboirshohlar dushmanga qarshi urushish o’rniga o’z jonlarini qutqarib, Yazd viloyati tomon ketib qoladilar. Nochor ahvolda qolgan shahzoda Isfaxonni tashlab, Yazdga ketishga majbur bo’ldi.
U keyinchalik amakisi Iskandar Mirzo qo’l ostida xizmatda bo’ladi. Biroq Iskandar Mirzo Iroq va Fors mamlakatlarini o’z tasarrufiga kiritib olgach, shahzoda Umar Shayx Mirzoning mamlakatdan ixroj qilishga farmon beradi.
1411 yil 24 mayda Shohruh Mirzo Bodxez mavze’ida dam olayotgan chog’ida, Umar Shayx Mirzo xoqonning huzuriga najot istab keladi va bo’lgan voqealarni birma-bir bayon qiladi. Shohruh Mirzo shahzodaga shafqat va muruvvat ko’rsatib, o’z saroyida olib qoladi. Shahzoda umrining oxirigacha Hirotda – Shohruh Mirzo mulozamatida hayot kechiradi. Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Umar Shayx Mirzo 1429 yilda 31 yoshida Xurosonda vafot etgan.
SOLIH MIRZO 1406 yilda tug’ilgan edi. U otasining o’limidan so’ng Shohruh Mirzo saroyida xizmat qiladi. Shohruh Mirzo vafotidan (1447) so’ng, uning nabirasi Alouddavlar qo’l ostida bo’lgan.
Alouddavla Mirzo bilan Abdullatif Mirzo o’rtasida sodir bo’lgan 1447/48 yil qish faslidagi jang paytida Solih Mirzo Chechektudagi chegara harbiy guruhining boshlig’i vazifasida qoyim edi. U Abdullatif Mirzoga nisbatan ko’nglida kek va adovat saqlardi. Solih Mirzoning husumatidan Abdullatif Mirzo yaxshi xabardor edi. Binobarin, Abdullatif Mirzo Chechektu harbiy guruhiga hujum qilib, Solih Mirzoni mag’lubiyatga uchratadi. U Chechektudan Hirotdan qochib keladi va 1452 yil 46 yoshida vafot etadi.
RUSTAM MIRZO amirzoda Umar Shayx Mirzo bahodirning ikkinchi o’g’li bo’lib, 1381 yilda tug’ilgan edi.
1403 yilda sohibqiron Amir Temur Rustam Mirzoga Isfahon hukmronligini beradi. Rustam Mirzo 1406 yilda Umar Mirzo va Pir Muhammad Mirzolar bilan birgalikda Abubakr Mirzoga qarshi urushadilar. Xarbura mavze’ida bo’lgan jangda Rustam Mirzo qo’shini qattiq shikastlnadi.
Ko’p o’tmay aka-uka shahzodalar orasida fitna oralab, hamjihatlik tobora susaya boradi. Chunonchi, Rustam Mirzo o’zining beklaridan amir Said barlosning ichi qoraligini payqagach, uning ikki ko’ziga mil torttirib, ko’r qilib, qal’ada mahbuslikda saqlardi. Ammo amir Said barlosning bir ko’zida ozgina ko’rish imkoni saqlanib qolganligi tufayli, kunlardan bir kun qal’a posbonlarini chalg’itib qochadi va so’qmoq yo’llardan yurib, Sherozga keladi. Pir Muhammad Mirzo o’z ukasining dushmaniga homiylik qilayotganini bilibmi, bilmaymi, amir Said barlosni o’z himoyasiga olib, tarbiya qiladi.
Akasining bu ishidan xabar topgan Rustam Mirzo, “Amir Said barlos bu xonadonga nisbatan bir necha bor ko’rnamaklik qilgan, xudoyi taolo ko’mak berib, uning qing’ir ko’ziga mil tortdik, endi esa u xuddi o’q yegan to’ng’iz yoki dumi qirqilgan ilon qabilidadir. Shunday ekan, uning bu xondadonga nisbatan to’g’ri fikrda bo’lishiga qaysi aql bovar qiladi?” – degan ma’noda akasiga maktub yo’llaydi. Pir Muhammd Mirzo zo’r xato qilganligini sezsa-da, uzr so’rab, Rustam Mirzonining ishontiraoladigan dalillar bilan maktub yozib, sovg’a-salomlar bilan jo’natadi. Garchi Rustam Mirzo akasining isbot-dalillarini odob yuzasidan qabul qilgan bo’lsa-da, biroq ko’ngil ko’zgusi allaqachon xira tortgan edi.
Shu voqeadan so’ng, Rustam Mirzo ukasi Iskandar Mirzo bilan ittifoq tuzib, akasi Pir Muhammd Mirzoga qarshi urush harakatlarini boshlaydi. Ammo nima bo’ladi-yu,1410 yilda aka-uka o’rtasida ixtilof chiqib, muxoraba sodir bo’ladi. Rustam Mirzo bu muxorabada mag’ubiyatga uchrab Qaro Yusuf Turkman huzuriga panoh izlab ketadi.
1412 yilda Rustam Mirzo Qaro Yusuf huzuridan qaytib Tabriz orqali Isfaxonga keladi. Uni ixtilofchi amirlardan bo’lgan sohibi ixtiyor Xoja Ahmad Saidiy kutib oladi. Rustam Mirzo Xoja Ahmad Saidiyni qatl qilish borasida o’z arkoni davlati bilan kengashib olgach, Xojani jallodga topshiradi. Shu voqeadan so’ng isfaxonliklarning Rustam Mirzodan ixlosi qaytadi. Ayni vaqtda Iskandar Mirzoning qo’shini Isfaxonga yaqinlashib kelmoqda edi. Rustam Mirzo ukasi Iskandar Mirzo bilan jang qilishga qudrati yetmasligini fahmlagach, Isfaxonni tashlab, Xuroson tomonga ketadi.
1412 yil aprel oyida Rustam Mirzo Hirotga kelib, xoqon Shohruh Mirzo huzuriga dohil bo’ladi. Shohruh Mirzo shahzodaga iltifotlar ko’rsatib, o’z huzurida bir oz orom olishini buyuradi.
1414 yilda Iskandar Mirzoni tutib, Shohruh Mirzo huzuriga keltiradilar. Iskandar Mirzo Iroq va Fors hukmdorligidan azl qilinadi. Uning o’rniga mazkur mamlakat hukmdorligini Rustam Mirzo izxtiyoriga topshiriladi. Shuningdek, sobiq hukmdor Iskandr Mirzoni ham Rustam Mirzo qo’liga topshiradilar. Biroq Rustam Mirzo fursatni g’animat bilib, eski gina-quduratlarni evaziga intiqom olish hamda kelajak istiqbolini ravnaq toptirish maqsadida ukasi Iskandar Mirzoning ikki ko’ziga mil tortirib ko’r qiladi.
1415 yil 9 iyunda Iskandar Mirzoning bir onadan tug’ishgan ukasi Boyqaro Mirzo Sherozni zabt etadi. Bu xabarni eshitgan Rustam Mirzo fitnaning o’zagi bo’lgan Iskandar Mirzoni qatl qildiradi. Ammo Shohruh Mirzo farmoniga muvofiq Ibrohim Sulton Mirzo katta qo’shin bilan Sherozga yaqinlashganda, Boyqaro Mirzo qarshilik befoyda ekanligini tushunib Boysung’ur Mirzo huzuriga elchi yuboradi. 1415 yil 8 noyabrda Boyqaro Mirzo xoqon Shohruh Mirzo huzuriga bosh egib boradi.
Shundan so’ng Iroq va Fors mamlaktlari Rustam Mirzo ixtiyorida qoladi. Rustam Mirzo 1424 yilda vafot etadi. Uning ikki o’g’li bor edi. Kattasi Usmon Ali Mirzo, kichigi Sulton Ali Mirzo edi.
Usmon Ali Mirzo 1400 yilda tug’ilgan bo’lib, balog’atga yetgach, Qaydu Mirzoga qarshi uyushtirilgan fitnada qatnashadi va 1424 yilda qatl etiladi.
Sulton Ali Mirzo Rustam Mirzoning ikkinchi o’g’li bo’lib, 1402 yilda tug’ilgan edi. 1412 yilda Iroq va Fors mamlakatlari Iskandar Mirzo qo’liga o’tgach, yosh shahzodani hokimiyatga da’vogar bo’lishidan qo’rqib, mamlakatdan ixroj qilgan edi. Shahzoda Sulton Ali Mirzo Hirotga borib, xoqon Shohruh Mirzo mulozimatiga dohil bo’ladi. U 1422 yilda kasal bo’lib Isfaxonda vafot etadi.
ISKANDAR MIRZO amirzoda Umar Shayx Mirzo bahodirning uchinchi o’g’li bo’lib, 1384 yilda tug’ilgan. Onasi Mulkan Og’o begim edi.
Bu Mirzo haqida “Muhammad Sulton Mirzo” bobida ma’lum darajada, ya’ni Farg’ona hukmdori bo’lganligi va Muhammad Sulton Mirzo tomonidan jazolanganligi haqida ma’lumot bergan edi. O’sha ma’lumotga qo’shimcha ravishda shuni ma’lum qilamizki, keyinchalik Muhammad Sulton Mirzo 1401 yilda Iskandar Mirzoni qamoqdan chiqarib, kaltaklab jazolaydi.
1403 yilda sohibqiron Amir Temur Iskandar Mirzoning Hamadon viloyatining hokimligiga tayinlaydi.
1405 yil o’rtalarida Iskandar Mirzo Hamadondan akasi Pir Muhammad Mirzo Sheroziyga elchi yuborib, “Umar Mirzo (Mironshohning ikkinchi o’g’li) Jaxonshoh Jokuni to’satdan o’ldirdi va o’z otasi Mironshoh Mirzoni mamlakatdan ixroj qildi. U tufayli bu tarafga biror malollik yetib qolishi mumkin, degan gumon bilan ko’chimizni birga olib Fors va Iroqqa qarab yurdik, endi qayerga tushishimizni ma’qul topsalar, ishorat qilsinlar” – deb xabar beradi.
Pir Muhammad Mirzo o’z ukasining fe’lini yaxshi bilgani tufayli, “yana biror fitna boshlamasin” – degan andishada, ishonchli kishi orqali ukasiga maktub yo’llaydi. Maktubda Iskandar Mirzoni Umar Mirzodan hadiksiramaslikka, shuningdek fuqaro orasida asossiz vahima tarqatmasdan o’z o’rnida qoyim o’tirishga undaydi. Ammo Iskandar Mirzo maktubga iltifot qilmay, Forsga qarab yuradi. Bir oydan so’ng Iskandar Mirzo akasi huzuriga yetib keladi. Pir Muhammad Mirzo ukasi Iskandar Mirzoga Yazd viloyatini beradi. Ammo tez kunda aka-ukalar o’rtasida nizo chiqadi.
1407 yilda Pir Muhammad Mirzo ukasi Iskandar Mirzoni qamoqqa oladi va Yazd viloyatidagi barcha xazina va dafinalarni Sherozga keltiradi. Iskandar Mirzoni esa qo’l-oyog’ini bog’latib, Hirot dorissaltanasiga yuboradi. Biroq yo’lda Iskandar Mirzo banddan xalos bo’lib, Isfaxonga – akasi Rustam Mirzo huzuriga qochib keladi. Shundan so’ng Iskandar Mirzo akasi Rustam Mirzo bilan birgalikda, katta akalari Pir Muhammad Mirzoga qarshi jang boshlaydilar. Shahzodalar Sherozni qamal qilib ololmaydilar, ammo Sheroz atrofidagi qishloqlarni talab, ko’p miqdorda o’ljalar bilan Isfaxonga qaytadilar.
1409 yilda Pir Muhammad Mirzo Huzistonni zabt etib, Rustam Mirzo va Iskandar Mirzoni mag’lubiyatga uchratadi. Rustam Mirzo Hirotda – Shohruh Mirzo huzuriga panoh istab boradi. Iskandar Mirzo esa Xurason hududida darbadarlikda hayot kechiradi.
Iskandar Mirzo Andxo’y atrofiga keladi. Andxudning hokimi Sayyid Ahmad tarxon bundan xabar topib, uni kutib oladi va yuksak ehtiromlar ko’rsatadi. Shu bilan birga Shohruh Mirzoga Iskandar Mirzoning hozir Andxo’yda ekanligi haqida arz qilib, maktub jo’natadi.
Shohruh Mirzo Iskandar Mirzoning sargardonligidan voqif bo’lgach, Sayyid Ahmad tarxonning navkaridan ikkita maktub yuboradi. Birinchi maktub Sayyid Ahmad tarxon nomiga yozilgan bo’lib, “Iskandar Mirzoga hech bir zarar yetkazilmain, aksincha izzat-ikrom qilinsin. Shahzoda qaysi tomonni orzu qilsa, o’sha tomonga ketishiga ko’maklashsin” – deyilgandi. Ikkinchi maktub esa, Pir Muhammad Mirzo Sheroziy nomiga yozilgan bo’lib, “izzatu hurmatli janob to’ng’ich farzand, davlatu dinning nuri tangri umrini boqiy qilgur Pir Muhammad Mirzo barcha hollarda, Alloh senga yaxshilik qilganidek, sen hm kishilarga yaxshilik qil va yaqin tug’ishganlarni shavqat ezguligidan bahramand qilish lozim. “Tug’ishganlarning birlari boshqa birlariga yaqinroqdir” – oyati taqozosiga, bu muhim qoida nurlaridan foydalanish uchun tug’ishganlik tugunlariga ega bo’lgan jamoatdan boshqa biror yaratilgan banda sazovorroq ekanligini xayolga keltirib bo’lmaydi. Mavjudlik boshini bir yoqadan chiqargan toifa nash’u namo oyog’ini bir etikka uzatish, xuddi Surayyo sitoralari shaklida bir matla’dan tulug’ qilishi, uddi burjladek bir-biri ketidan chiqishi, xuddi gavharlardek bir shodadan tarqalishi va xuddi kalimalar singari bir lafzdan aytilishi lozim. Bu holatlar aka-uka va opa-singlillar, qarindosh-urug’lardan boshqalar orasida bo’la olishi mumkin emas. Chunki bu jamoatda bir-biriga nisbatan muhabbat va e’tiqod ziyodadir. Agarda xudo ko’rsatmasin, orada biror shubha tug’ilib qolsa, chaqimchi va hasadchilar yo’lini to’sib “bugun sizlarning ustingizda malomat yo’q” oyati ko’chasini ochiq tutsinlar. Maqsad shulki, farzand Iskandar Mirzoni chaqirib olib inoyat va shafqat bilan taqdirlasin ham mamlakat chekkasidan bir bo’lagini uning devoniga topshirsin” – deyilgandi.
Bu maktub Iskandar Mirzoga tekkach, o’z yaqin kishilari bilan kengashib, Pir Muhammad Mirzo huzuriga qarab yo’l oladi.
Iskandar Mirzo 1409 yil 12 fevralda, ya’ni ramazonning yigirma oltinchisida Sherozga borib, ayni iftor vaqtida Pir Muhammd Mirzo huzuriga dohil bo’ladi. Iftor qilib o’tirgan hukmdor oz ukasi Iskandar Mirzoni ehtirom bilan qabul qiladi.
1410 yilda Pir Muhammad Mirzo Sheroziy Kermon viloyatidan, Duchoha mavze’ida amir Xoja Husayn sharbatdor tomonidan qatl etilgach, Iskandar Mirzo darhol o’z yaqin kishilari bilan o’sha tunda Sherozga qarab qochadi.
Iskandar Mirzo 1410 yilda akasining vorisi sifatida uning o’rniga taxtga o’tiradi.
Pir Muhammad Mirzoning Kermonga jo’natgan amirlari mash’um xabarni eshitishgach, Sherozga qaytib keladilar. Amir Siddiq yo’l ustida ko’rnamak Xoja Husayn sharbatdorni ushlab olib, uning bir qulog’ini belgi sifatida xanjar bilan kesib olib, Iskandar Mirzo jo’natadi. Xojani soqol-mo’ylablarini taroshlab, ayollarga o’xshatib yasantirib ho’kizga mindiradilar va boshiga davlat kuloxini kiydirib, Iskandar Mirzo huzuriga keltiradilar. Iskandar Mirzo undan “Nega birodarimni o’ldirishga qasd qilding?” – deb so’raganida, u: “Agar men unga qasd qilgan bo’lsa, natijasi sen uchun yomon bo’lib chiqmadi” – deb javob beradi. Iskandar Mirzo pichoq olib, o’z qo’li bilan uning ko’zini o’yib oladi va cho’qmor bilan urib o’ldirishga buyuradi. Uning kallasini Isfaxonga yuboradilar, tanasini esa ikki-uch kun osib qo’ygandan so’ng kuydiradilar.
Iskandar Mirzo 1411 yil may-iyun oylarida katta qo’shin bilan Kermon viloyatiga qarab yuradi. Qo’shin qayerga borsa, o’sha yer xarob bo’lardi. Kermonliklar sulh so’raydilar. Sulh tuzilib, Iskandar Mirzo Sherozga qaytadi.
1412 yilda Iskandar Mirzo Qum viloyatiga qarshi otlanadi. Ammo qumliklar osonlikcha taslim bo’lmadilar. Oxiri Iskandar Mirzo noumid bo’lib orqaga qaytayotganda, Qumning amirlaridan Muzaffar Faroxoniy Iskdanr tomonga o’tib Qum viloyatini taslim qildiradi. Iskandar Mirzo shu yili o’z poytaxtini Isfaxonga ko’chiradi.
Iskandar Mirzo Iroq va Fors salnatat taxtida qoyim bo’lgach, endi mustaqillik orzusini qila boshlaydi va pul zarb qildiradi va xutbani Shohruh Mirzo nomiga emas, o’z nomiga o’qitadi. Asta-sekin Xuroson chegaralarini mustahkamlab, ayrim hollarda Xuroson hududiga bosqinlar ham qilaboshlaydi.
Iskandar Mirzo keyingi davrlarda maishatga berilib, dunyoda qanday kayf beruvchi narsa bo’lsa, hammasidan iste’mol qilib, gulruxsorlar anjumanini kundan-kunga kengaytirib boradi.
1414 yilda xoqon Shohruh Mirzo o’z qo’shinini Iskandar Mirzoga qarshi yuboradi. Mag’rur Iskandar Mirzo ham qo’shin tortib keladi. Ammo birinchi to’qnashishdayoq Iskandar Mirzo qo’shini katta talofat ko’radi. Ayrim amir va beklari Shohruh Mirzo huzuriga qochib o’tadilar. Nihoyat, Iskandar Mirzo orqaga chekinib, Isfaxon qal’asiga kirib oladi. Xuroson qo’shini esa 1414 yil 3 iyulda shaharni qamal qiladi. Nihoyat, 20 iyulda shahar olinadi. Iskandar Mirzoni ushlab xoqon Shohruh Mirzo huzuriga keltiradilar. Undan har qancha savol qilasalar-da, ammo javob ololmaydilar. Iskandar Mirzoning keyingi taqdirini “Rustam Mirzo” bobida hikoya qilgan edi.
Iskdar Mirzoning Pir Ali Mirzo nomli o’g’li bo’lib, 1400 yilda tug’ilgan edi. Otasining vafotidan so’ng, 1415 yilda u ham olamdan o’tadi (sababi noma’lum).
AHMAD MIRZO amirzoda Umar Shayx Mirzo bahordirning to’rtinchi o’g’lidir. U 1388 yilda tug’ilgan.
Ahmad Mirzo 1404 yil oxirida sohibqiron Amir Temurning Xitoyga qarshi mashhur yurishida qo’shinning o’ng qanotiga Xalil Sulton Mirzo bilan birgalikda rahbarlik qilgan edi.
Sohibqiron vafotidan so’ng, Ahmad Mirzo Shohrux Mirzo mulozimatida bo’ldi. 1409 yilda Hisor viloyatini bo’ysundirish uchun, Shohruh Mirzo amir Xudoydodni va aka-uka mirzolar Ahmad Mirzo va Saydi Ahmad Mirzolarni jo’natadi. Topshirilgan vazifa muddatidan ilgari bajariladi.
1409 yilda Movarounnahr saltanati Shohruh Mirzo qo’liga o’tgach, Samarqand taxtini Ulug’bek Mirzoga, Balxni Ibrohim Mirzoga, Farg’onani esa Ahmad Mirzoga in’om qilgan edi. Ahmad Mirzo Farg’onada o’z hukmronligini boshlab, u yerning istehkomlarini ta’mirlab, obodonchilik ishlarini yanada rivojlantirishga harakat qiladi. Shuningdek, valine’mati Shohruh Mirzoning talabiga muvofiq, o’z navkarlari bilan uning harbiy yurishlarida qatnashib turadi.
Hofizi Abru va Abdurazzoq Samarqandiyning yozganlariga qaraganda, 1413 yilda Ulug’bek Mirzo harbiy kengash bahonasida, Ahmad Mirzoni Samarqandga taklif qiladi. Ammo Ahmad Mirzo Ulug’bek Mirzoning fe’lidan hadiksirab, Samarqandga kelmaydi. Shundan so’ng Ulug’bek Mirzo o’z kishisi amir Boyazid parvonachilik muzokara yuritish uchun Andijonga yuboradi. Amir Boyazid parvonachi Ahmad Mirzo bilan mukokara qilib, ko’zlangan maqsadga erishaolmaydi. Faqat Ahmad Mirzo ma’lum muddatdan so’ng, o’z o’g’lini garov tarzida Samarqandga yuborishga rozilik beradi. Biroq belgilangan muddat o’tsa-da, o’g’lini yubormaydi.
Shundan so’ng Ulug’bek Mirzo Andijonga qo’shin tortadi. Ahmad Mirzo istehkomlarni mustahkamlab, o’zi toqqa chiqib ketadi. Ulug’bek Mirzo Andijonni jang bilan qo’lga kiritgach, eng mustahkam va ulkan qal’a – Ahsini shiddatli janglardan so’ng zabt qilishga muvaffaq bo’ladi. Ulug’bek Mirzo Poyanda bakovulni qutvol tayinlab, Andijonni idora qilish ishini amir Musoko va amir Muhammad Tobonlarga topshirib, o’zi Samarqandga qaytadi.
Ahmad Mirzo Ulug’bek Mirzoning qaytib ketgan xabarini eshitgach, Mo’g’ulistondan madad uchun kelgan lashkarni olib, Andijonga qarab yuradi. Bu xabarni eshitgan amirlar jang qilish maqsadida O’sh atrofiga beradilar. Ahmad Mirzo to’satdan amirlar ustiga hujum qilib, hammasini halokat girdobiga uloqtiradi. Shundan so’ng Ahmad Mirzo Mo’g’ulistonga – Muhammadxon huzuriga borish maqsadida Qashqarga o’tib ketadi.
Abdurazzoq Samarqandiyning bergan xabariga qaraganda, Shohruh Mirzo 1415 yil 26 mayda Ahmad Mirzoga quyidagi maktubni yo’llaydi.
“Xabarchilar bizga shu narsani yetkazmishlarki, Ahmad Mirzo bilan farzandi solih Ulug’bek Mirzo oralarinda fisqu fasodchilarning noshoyon so’zlari birlan shaharlar va fuqarolarning tashvishlarini orttiruvchi voqealar sodir bo’lmish. Bu xabarni biz Iroq mamlakatingda ekanligimizda eshitduk, ammo masofa yiroqligi tufayli, uning tadorigini ko’rishga kirisha olmaduk. Dorissalnata Hirotga qaytib kelgandan keyin esa eshitdukki, u farzand Mo’g’uliston tomon ketayotgan emish. Bu hol biz uchun bag’oyat maslahatdan yiroq va ajib tuyuldi. Chunki birodarlar va farzandlarga nisbatan bizning “beshikdan tobutgacha” g’amxo’r ekanligimiz barchaga ayondur. Ota-bolalik binosi qo’zg’olmay turuvchi tog’lardek sobit bo’lmog’i uchun u farzand bizning ishonchimiz komil va e’tiqodimiz kuchlidir. Bu so’zlarni tug’ishganlik vazifalarini ado etish musulmonlik ham musulmonlarga g’amxo’rlik qilish yuzasidan aytildi. Takallufu maqtanchoqlik, makr-hiylaga yo’yib kek saqlash bizlar uchun uyatdir. Ehtimolki, mulozimlikda yurgan bir guruh kishilar mazkur noo’rin harakatlar xoh ixtiyoriy, xoh majburiy tarzda ular tomonidan sodir bo’lganligi tufayli, vahimaga tushib, u farzandning bizning huzurimizga kelishiga mone’lik qilarlar. Ahmad Mirzo ularning barchasini ishontirsinki, biz hammalarining gunohlarini avf qildi. Haq ustiga haqdirki, ularning hammasiga rahm-shafqat panohidan boshpana bergumizdir”.
Shundan so’ng 1416 yilda Ahmad Mirzo Qashqardan Hirotga qaytib keladi. Uni qaytadan biror viloyatga hukmdor qilib tayinlash uyoqda tursin, hatto Hirotdan tashqariga chiqarmasdan nazoratda saqlaydilar.
Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Ahmad Mirzo Abubakr Mirzoning o’g’li Ilangir Mirzo bilan hamtovoq bo’lib olib, ikkalasi ertayu-kech betinim sharobxo’rlik bilan mashg’ul bo’lganlar. Ba’zi fitnachi navkarlar ularning ko’ngliga saltanat vasvasasini solganlari va har ikkovi fitna qo’zg’ashag uringanlari uchun jazoga mustahiq qilinganlar. Chunonchi Ahmad Mirzoni Ka’batullo ziyoratiga jo’natishga farmon berilgan. Ahmad Mirzo Ka’batullo ziyoratidan qaytib kelmagan. U 1425 yilda o’sha yerda vafot etgan.
SAYDI AHMAD MIRZO amirzoda Umar Shayx Mirzo bahodirning beshinchi o’g’li bo’lib, 1391 yilda tug’ilgan. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, sohibqiron Amir Temur vafot etgan chog’da Saydi Ahmad Mirzo 15 yoshda bo’lgan.
Saydi Ahmad Mirzoning nasabini tarixiy qo’lyozmalarda ikki xil talqin qilinadi. Chunonchi, Sharafuddin Ali Yazdiy Saydi Ahmad Mirzoning otasi Umar Shayx Mirzo bahodirdur, deb belgilasa tarixchi Xondamir esa, Mironshohning o’g’li edi, deb yozgan. Fikrimizcha, Sharafuddin Ali Yazdiyning bergan ma’lumoti aniqroq va har jihatdan puxtaroq ko’rinadi. Zero, sohibqironning so’nggi davrlarida safarda va harbiy yurishlarda doim birga yurgan tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning adashishi mumkin emas edi. Ushbuni nazarda tutib, Saydi Ahmad Mirzo sohibqironning ikkinchi o’g’li bo’lmish amirzoda Umar Shayx Mirzo bahodirning o’g’lidir, deb nuqta qo’ydik.
Saydi Ahmad Mirzo otasiing vafotidan so’ng, Shohruh Mirzo mulozimatida bo’lgan. Fasih Xavofiyning yozishicha, 1407 yilda Shohruh Mirzo Shibirg’on viloyatini Saydi Ahmad Mirzoga suyurg’ol qilib bergan.
Saydi Ahmad Mirzo 1429 yila vafot etadi. Uning Ahmad Mirzo nomli o’g’li bo’lgan. Ahmad Mirzo 1414 yilda tug’ilgan. Ahmad Mirzo ham otasi Saydi Ahmad Mirzo kabi hech qayerda hukmronlik qilmagan. U Sulton Husayn Mirzo Boyqaroning kichik opasi Oqobegimga uylangan edi. Ular Qorabog’da hayot kechirardilar. Xurosonda hokimiyat Sulton Husayn Boyqaro qo’liga o’tgach, ular Hirotga ko’chib keladilar.
Ahmad Mirzo Hirot shahrining dorug’asi (hokim, boshliq) etib tayinladi. U umrining oxirigacha mazkur mansabda qoyim turadi. Ahmad Mirzo 1498 yilda vafot etadi.
Ahmad Mirzoning Muhammad Sulton Mirzo ismli o’g’li bor edi. U 1458 yilda tug’ilgan bo’lib, yoshligidan unga Kichik Mirzo deb laqab qo’ygan edilar.
Kichik Mirzo aqlli, zehni o’tkir, farosatli va bilimdon yigit edi. U Mavlono Kamoliddin Shayx Xusayn qo’lida ma’rifat gulshanidan bahramand bo’lgan edi. Uning odobi, axloqi va bilimini saroy ahli, shu jumladan tog’osi Sulton Husayn Mirzo Boyqaro ham yuksak qadrlardi. Shu bois saltanat ishlarida sohibixtiyor qilib tayinlangan edi.
Ammo Kichik Mirzo yoshlik g’ururiga asir bo’lib, o’z bilimi va saroyda tutgan mavqeidan mag’rurlanib, o’z holicha mustaqil harakatlar qila boshlaydi. Sulton Husayn Mirzo jiyani Kichik Mirzo hatti-harakatlarini sezib, ko’rib tursa-da, opasi va pochchasining ro’y xotiri uchun o’zini tag’ofilga solib yurardi.
Kunlardan bir kun Sulton Husayn Boyqaro jiyani Kichik Mirzo bilan birga Xoja Abdullo Ansoriyning mozorini ziyorat qilish uchun Gozurgohga boradi. Mozorni tavof qilgach, Hirotga qaytadilar. Havo nihoyatda issiq edi. Kichik Mirzo quyoshdan pana bo’lish maqsadida boshiga chodira yopinib oladi. Holbuki, Kichik Mirzoning yonida tog’asi shahanshoh ham oftob tig’iga bardosh berib kelayotgan edi.
Kichik Mirzoning bu qilgan ishi shahanshohning sabr va toqat paymonasini to’lishiga turtki bo’ladi. Shahanshoh Hirotga yetib kelgach, Kichik Mirzoning aqlini kiritib qo’yish niyatida qamoqqa hukm qiladi. Uni Ixtiyoriddin qal’asiga qamaydilar. Kichik Mirzo ma’lum muddat qamoqda yotgach, shahanshoh farmoniga muvofiq avaxtadan ozod qilinadi.
Ammo qamoqdan chiqqach, saltanat ishlaridan ko’ngli sovib, o’z qilmishlaridan xijolat chekib, indamas va odamovi bo’lib qoladi. Oxiri Ka’batullo ziyoratiga borishga jazm qilib, shahanshohdan ruxsat so’raydi. U Ka’batullodan qaytgach, hasba (qora bezgan) kasaliga chalinib, 1484 yilda vafot etadi.
Tarixchi Xondamirning yozishicha, Saydi Ahmad Mirzoning ikkinchi o’g’lining nomi Usmon Mirzo bo’lgan. Biroq Usmon Mirzoning qaysi yilda tug’ilgani yoxud tarjimon holi haqida hech qanday ma’lumot yo’q. Faqat uning o’g’li bo’lmish ABDULBOQI MIRZO haqida qisqacha ma’lumot berilgan.
Abdulboqi Mirzoning ona avlodi turkmanlarning Oq qo’yli sulolasiga mansub edi. Binobarin, Abdulboqi Mirzo Iroqqa qarashli Yazd viloyatining hokimi Murodbek huzurida katta nufuzga ega bo’lgan. Ammo 1502 yilda Eron shohi Ismoil Safaviy Iroq va Ozarbayjonni zabt etgach, Abdulboqi Mirzo va Yazd hukmdori Murodbek Xirotga – Sulton Husayn Mirzo Boyqaro huzuriga kelgan edilar. Sulton Husayn Mirzo Boyqaro ularga yuksak iltifotlar ko’rsatadi va o’zining beva qizi Sultonim begimni Abdulboqi Mirzoga nikohlab beradi. Sultonim Begimning avvalgi zavjasi marhum Sulton Vays Mirzo edi.
Sulton Husayn Mirzo Boyqaro vafotidan so’ng, Xuroson hududiga bostirib kirgan Muhammad Shayboniyxonga qarshi olib borilgan janglarda Abdulboqi Mirzo faol qatnashadi. 1507 yilda Nishopur va Sabzavorda shayboniylarga qarshi jangu jadalda Abdulboqi Mirzo halok bo’ladi.
BOYQARO MIRZO amirzoda Umar Shayx Mirzoning oltinchi – eng kichik o’g’lidir. U 1393 yilda tug’ilgan bo’lib, otasi vafot qilgan chog’da endigina bir yoshda edi. Uning onasi Mulkat og’o begimdir.
Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Boyqaro Mirzo husn va tarovatda ikkinchi Yusuf, jur’at va jasoratda esa ikkinchi Rustam bo’lgan. Sohibqiron Amir Temur vafotidan so’ng, Boyqaro Mirzo Shohruh Mirzo saroyida mulozimatda bo’ladi. Uning onasi Mulkat og’o begimdir.
1410 yilda Iskandar Mirzo Iroq va Fors mamlakatida o’z saltanatini muqim qilib olgach, o’z huzuriga birodarlaridan birortasini yuborishlarini so’rab, Shohruh Mirzoga maktub yo’llaydi. Shohruh Mirzo esa, bir onadan tug’ilgan ukasi Boyqaro Mirzoni uning huzuriga jo’natadi.
1414 yilda Shohruh Mirzo Hamadon hukumatini, Vuruja va Nehovand qal’alari hamda butun Luristonni Boyqaro Mirzoga suyurg’ol qilib beradi.
1415 yilda Iskandar Mirzo ko’r qilingach, uni Shohruh Mirzoning farmoniga ko’ra, ukasi Boyqaro Mirzo huzuriga olib borib, qo’ygan edilar. Iskandar Mirzo Boyqaro Mirzoni oliy saltanatga qarshi qayrab, yo’ldan ozdiradi. Natijada Boyqaro Mirzo Sheroz tomon yuradi.
Boyqaro Mirzoning muxolifatchiligini eshitgan Ibrohim Mirzo (Shohruh Mirzoning ikkinchi o’g’li) Iskandar Mirzoning Sherozdagi navkarlaridan Sevinch Xoja, O’rduvon va Mazidlarni bandga olib, ishonchli kishi orqali Xurosonga jo’natadi. Yo’lda bandilar Xonxabash mavzeida banddan ozod bo’lib, nazoratchini o’ldiradilar va Gandumonda turgan Boyqaro Mirzo huzuriga borib, uni shoshilinch harakat qilishga undaydilar.
Boyqaro Mirzo Gandumondan chiqib, Sherozga yaqinlashadi. Ibrohim Sulton Mirzo ham jangga hozirlanib qarshi hujumga o’tadi. Shu asnoda Ibrohim Sulton Mirzoning Shayx Chuhra, Ma’sudshoh va boshqa navkarlari Boyqaro Mirzo tomon ot qo’yadilar-u, lekin orqaga qaytib, o’z valine’matlarining yuziga o’q otadilar. Shuningdek, bir guruh iroqliklar ham muxolifatlik yo’lini tutadilar. Ibrohim Sulton Mirzo bu ahvolni ko’rgach, jang maydonidan chiqib tunda Sherozga kirib, o’z onasi To’ti og’o begimni va xazinadan bir qancha mablag’ni olib, zudlik bilan Abarko’hga jo’naydi.
1415 yil 9 iyunda Boyqaro Mirzo Sherozning Istahr nomli darvozasi oldiga kelib to’xtaydi, shahar boshliqsiz qolgani tufayli, sayyidlar, qozilar va akobirlar shahar darvozasini ochib, Boyqaro Mirzoni shaharga olib kiradilar.
Bu xabar Hirotga yetib kelgach, Shohruh Mirzo isyonning oldini olish maqsadida, amir Jaloliddin Feruzshohni qo’shinga boshliq qilib, Yazd yo’lidan borib shahzoda Ibrohim Sulton Mirzoga qo’shilishiga amr qiladi. Amir shoh Malikni esa Ray viloyatidagi amirlarga borib qo’shilishiga buyruq beradi. Shayx Luqmon barlosni Xuttalon, Qunduz va Baqlon qo’shinini yig’ib, oliy o’rdugohga keltirishga safarbar qiladi.
1415 yil 24 avgustda qo’shin Hirotdan chiqib, Sherozga yo’l oladi. Amir Jaloliddin Feruzshoh Ibrohim Sulton Mirzo bilan qo’shilib, Sherozni qamal qiladi. Boyqaro Mirzo shahar qal’asiga kirib oladi. 26 oktabrda Shohruh Mirzo boshchiligidagi qo’shin ham yetib keladi.
Vaziyatni bunchalik mushkullashishini o’ylamagan Boyqaro mirzo shahzoda G’iyosiddin Boysung’ur Mirzodan xoqon Shohruh Mirzo huzuriga vositachi bo’lib borishni iltimos qilib, uning huzuriga o’zining navkari Qishloqni yuboradi. Boyqaro Mirzo bu xabarni otasi Shohruh Mirzoga yetkazadi. Xoqon rozilik beradi. Shundan so’ng 1415 yil 8 noyabrda Boyqaro Mirzo qal’adan chiqib taslim bo’ladi.
Shohruh Mirzo uning gunohini avf etib, Qandahorga – Qaydu Mirzo huzuriga jo’natadi. Ko’p o’tmay, Qaydu Mirzodan Hirotga – Shohruh Mirzoga maktub keladi. Maktubda quyidagilar bitilgan edi: “Boyqaro Mirzo bir toifa qonxo’r buzuqilarni o’ziga ittifoqdosh qilib, Qaydu Mirzoga qasd qildi. Qaydu Mirzo bu isyondan voqif bo’lib, Boyqaro Mirzoni bandga oldi va fitnachilarni yo’qlik olamiga jo’natdi. Boyqaro Mirzo esa zanjir va g’ul bandida onhazratning ishoratini kutmoqda”.
Shundan so’ng Shohruh Mirzo Boyqaro Mirzoni “Sind suvidan o’tkazib yuborilsin, toki u Hind mulki qaysi joyni istasa o’sha yerda tursin!” – degan mazmunda Qaydu Mirzoga maktub yuboradi.
Ammo Qaydu Mirzo noma’lum sabablarga ko’ra Boyqaro Mirzoni Hindga jo’natmay turardi. Shohruh Mirzo Qaydu Mirzo huzuriga xabarchi yuborib, “Alhol Boyqaro Mirzo Hind tarafiga ketmagan ekan, endi uni bu tomonga jo’natsun!” – deb ta’kidlaydi.
1417 yil 28 avgustda Qaydu Mirzo huzuridan amir Jahon Uch Qaro kelib Boyqaro Mirzoning kelayotganidan xabar beradi. Boyqaro Mirzo yetib kelgach, Shohruh Mirzo unga Hizr Xojani mulozim qilib Samarqandga – Ulug’bek Mirzo huzuriga jo’natadi. Davlatshoh Samarqandiyning bergan ma’lumotiga qaraganda, 1423 yilda Ulug’bek Mirzo farmoniga ko’ra, Boyqaro Mirzo lashkargohda o’ldiriladi.
Boyqaro Mirzodan uch o’g’il – Muzaffar Mirzo, Muhammad Mirzo va G’iyosiddin Mansur Mirzolar qolgan edilar
Boyqaro Mirzoning to’ng’ich o’g’li Muzaffar Mirzo 1409 yilda tug’ilgan. Ammo u ko’p umr ko’rmay, 1429 yilda 20 yoshida vafot etadi. Undan farzand bor-yo’qligi noma’lum. Ikkinchi o’g’li Muhammad Mirzoning qachon tug’ilgani hamda vafoti haqida ma’lumot uchramaydi. Faqat uning o’g’li Sulton Uvays Mirzoning 1454 yilda Samarqand hukmdori Sulton Abusayid Mirzo mulozamatida ekanligi hamda hukmdorga qarshi isyon ko’tarib, qamoqqa olinganligi haqida ma’lumot bor.
G’IYOSIDDIN MANSUR MIRZO Boyqaro Mirzoning uchinchi o’g’li bo’lib, 1413 yilda tug’ilgan. Uning onasi Qutlug’ Sulton begim edi.
G’iyosiddin Mansur Mirzo hukmronlik qilmagan. U umrining oxirigacha Hirotda oddiy odamlardek o’rta hol hayot kechirgan. 1445 yilda G’iyosiddin Mansur Mirzo vafot etadi. Undan ikki o’g’il va ikki qiz qolgan edi.
FERUZA BEGIM sohibqiron Amir Temurning katta o’g’li O’gi Beginning o’g’li Sulton Husayn Mirzoning qizi edi. Feruza begimning onasi Qutluq Sulton begim esa Mironshoh Mirzoning qizi edi. Feruza begim Boyqaro Mirzoning uchinchi o’gli G’iyosiddin Mansur Mirzoga turmushga chiqqan edi. Feruza begim ikki o’g’il va ikki qizning onasi edi. U 1469 yil 24 iyulda vafot etadi.
BOYQARO MIRZO G’iyosiddin Mansur Mirzoning katta o’g’li bo’lib, 1430 yilda tug’ilgan. Onasi Feruza begim edi.
Boyqaro Mirzo Sulton Husayn Mirzo Boyqaroning akasi edi. Sulton Husayn Mirzo Boyqaro Hirot taxtiga o’tirgach, Boyqaro Mirzo bir necha muddat Balx hukumatini idora qiladi. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo uning haqida quyidagilarni yozgan edi: “Boyqaro Mirzo Sulton Husayn Mirzodan ulug’ edi va navkari edi, vale devon boshida hozir bo’lmas edi, g’ayri devonda bir to’shakda o’ltururlar edi”. Boyqaro Mirzo 1487 yilda vafot etadi.
Boyqaro Mirzoning uchta o’g’li bo’lib, kattasi Sulton Muhammad Mirzo edi. U 1449 yilda tug’ilgandi. U amakisi Sulton Husayn Mirzo Boyqaro saroyida mulozimatda yurib, 1483 yilda Hirotda vafot qiladi.
O’rtancha o’g’li Sulton Vays Mirzo bo’lib, 1451 yilda tug’ilgan edi. U ham saroyda xizmat qilardi. Sulton Husayn Mirzo Boyqaro o’zining eng katta qizi Sultonim begimni Sulton Vays Mirzoga nikohlab berib, o’ziga kuyov qilgan edi. Bu haqida Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo shunday yozadi: “Og’asi Boyqaro Mirzoning o’rtancha o’g’li Sulton Vays Mirzoga chiqarib edi. Bir qiz, bir o’g’il bo’lib edi. Qizini Shaybon sultonlaridan Yilibors sultonning inisi Esonquli sultonga chiqarib edi, o’g’li Muhammad Sulton Mirzodurki, bu tarixta Kunnuch viloyatini anga beribturmen”.
Sulton Vays Mirzo 1491 yilda vafot qiladi.
Boyqaro Mirzoning uchinchi o’g’li – Iskandar Mirzo bo’lib, 1455 yildaa tug’ilgan edi. U ham amakisi Sulton Husayn Mirzo Boyqaroga kuyov edi. Shahanshohning yettinchi qizi – Sulton Najod begimga uylangan edi.
1502 yil aprel oyida Iskandar Mirzo vafot etadi.
BADIUJ-JAMOL BEGIM G’iyosiddin Mansur Mirzoning katta qizi edi. Sulton Husayn Mirzo Boyqaroning opasi edi. Badiuj-Jamol begimning ismini “Boburnoma”da Badakbegim deb yozilgan.
Sulton Husayn Mirzo Boyqaro hali Xuroson taxtini o’z tasarrufiga kiritmasdan burun, Jurjon viloyati atrofida qozoqilikda yurgan kezlarida, Badiuj-Jamol begimni Pir Badog’ Sulton nikohiga kiritgan edi. Pir Badog’ Sulton vafotidan so’ng, Badiuj-Jamol begimni Dashti Qipchoq hukmdori Hoji Tarxonli (Astraxon) Sulton Ahmadxon o’z nikohiga kiritadi.
Badiuj-Jamol begimning Sulton Ahmadjondan ikki o’g’li va bir qizi bor edi. Sulton Ahmadxon vafotidan so’ng, malika o’z yurti Hirotga kelishga jazm qiladi. Ammo katta o’g’li Sulton Mahmudxon Xurosonga kelishdan bosh tortib, o’z mavrusiy mamlakatida qoladi. Malika kichik o’g’li Bahodir Sulton va qizi Xonzoda begim bilan birga 1485 yilda Hirotga keladi. 1487 yilda Xonzoda begimni Sulton Husayn Mirzo Boyqaroning suyukli o’g’li Muzaffar Husayn Mirzoga nikoh qiladilar.
OQOBEGIM G’iyosiddin Mansur Mirzoning ikkinchi qizi edi. Oqobegim Sulton Husayn Mirzo Boyqaroning kichik opasi edi. Oqobegim ham hali Sulton Husayn Mirzo Boyqaro Hirot taxtiga o’tirmasdan burun, Saydi Ahmad Mirzoning o’g’li Ahmad Mirzo nikohiga kirgan edi. Ularning yakka-yagona o’g’li bo’lib, ismi-sharifi Muhammad Sulton Mirzo, laqabi “Kichik Mirzo” edi.