Variatsiya nima?

Lotincha «variatsiya» so’zi «o’zgartirish» demakdir. U musiqada qadim zamonlardan beri qo’llanadi. Bizga aynan shu o’zakka ega bo’lgan tag’in bir kalima — variant ancha yaxshi tanish. Har ikkala tushuncha o’xshash bo’lgan, ammo jinday o’zgartirilgan nimanidir nazarda tutadi, boshqacha aytganda: ko’rinish o’zgaradi — mohiyat saqlanadi. Ma’nosiga ko’ra yaqinroq «versiya» so’zi burilish (fikr burilishi nazarda tutiladi) ni anglatadi. Musiqa asarlaridagi variatsiyalar oldidan qisqa va tamomila mustaqil mavzu jaranglaydi. Variatsiyalar, aytish mumkinki, mavzuni ko’p marta varakayiga qayta-qayta nasl qilib beradi (odatda to’rt marotabadan ortiq). Har bir variatsiya mavzuni alohida tariqada talqin etadi. Biri — mayin, boshqasi — hazilomuz, uchinchisi — jo’shqin, to’rtinchisi — tag’in qay bir tariqada. Hammasi kompozitorning xohish-istagiga va fantaziyasiga bog’liqdir. Variatsiya uchun mavzu shaxsiy yoki begonaniki bo’lishi mumkin. Begonaga tegishli mavzuda variatsiya bastalash — azaliy musiqaviy odat. Glinkaning Alyabevning «bulbul» romansi mavzusiga «variatsiya»sini bir eslang-chi, shuning o’zi ham kifoya hiladi. Musiqaviy shakl sifatida variatsiya XVI asrda paydo bo’lgan. O’shanda polifonik serqatlam variatsiyaning ikki ko’rinishi — passakalya va chakoni vujudga keladi. XVII—XVIII asrlarning aksariyat kompozitorlari, shu jumladan buyuk Iogann Sebastyan Bax ham, chakonilar va passakalelar bastalagan edilar. XIX asrda bu shakl o’zining ravnaqiga erishadi va juda ommaviylashadi. «Qat’iy» deb ataladigan variatsiyalarda mavzu tubdan o’zgarmaydi. Musiqaviy timsol boyitiladi, lekin tanib oladigan holda qoladi. Aksincha, Shuman va List, keyinchalik esa Raxmaninov, shuningdek bir talay hozirgi bastakorlar ijodida mavzu tanib bo’lmas darajada o’zgartiriladi. Bundaylarni erkin variatsiyalar deb atash odat tusiga kirgan. Ularda bir emas, balki o’nlab turli-tuman, hatto bir-biriga zud bo’lgan timsollar uchraydi. Variatsiya kalimasi — bu, tag’in baletga oid atama hamdir. Uncha katta bo’lmagan, odatda texnikaviy jihatdan murakkab, jonli, shitob bilan ijro etiladigan yakka raks shunday ataladi. Bu dong’i ketg’an Pa-de-de, ya’ni ikki kishilik raqsning bir qismi. Balet Pa-de-desining tarkibi quyidagicha: antre deb ataladigan mushtarak chiqish, shundan keyin lirik juftlar qismi — Adajio, va ikki variatsiya: birinchisi — raqqosning yakka raqsi, ikkinchisi — raqqosaning yakka raqsi, shuningdek kodo deb ataluvchi birgalikdagi xotima.