Vatan uchun jonini tikkan Jaloliddin

Jaloliddin 300 kishi bilan Urganchdan chiqqandan keyin G’azna shahariga borishni va bu yerda kuch to’plashni rejalashtiradi. Ammo u Niso shahrining atrofiga kelganda 700 kishilik mo’g’ul askarlari bilan to’qnashadi. Ikki tomon o’rtasidagi jangda dushman kuchlari tor-mor etiladi. Jaloliddin ko’p yarog’-aslaha va boshqa narsalarni o’ljaga oladi. U Nishopurga kelib atrof joylardagi hokimlarga birgalikda mo’g’ullarga qarshi kurashishni so’rab maktublarni tarqatadi. Ammo unga Nishopurda turishlik xavfli bo’lib qoldi. Chunki u mo’g’ul askarlari uni izlab kelayotganligi haqidagi xabarni oladi. Shu bois u 1221 yil fevral oyida G’azanaga yo’l oldi. Qandahor atrofida otasining qarindoshi Hirot hokimi Amin Malik 10 ming qo’shini bilan kelib Jaloliddinga katta yordam ko’rsatadi. Shuningdek Xalaj qabilasining boshlig’i Sayfiddin Bo’g’roq, Balx hokimi A’zam Malik, afg’on lashkarboshisi Muzaffar Malik, qarluqlarning sardori al-Hasan bilan Jaloliddinga qo’shiladilar. Bulardan tashqari Amin Malik degan kimsa ham o’z qo’shini bilan kelgan.

Xo’jand jangining qahramoni Temur Malik ham Jaloliddinning eng ishonchli kishisi sifatida faoliyat ko’rsatmoqda edi.

1221 yil bahorida Jaloliddin Qobul daryosining atrofidagi Valiyon qal’asini qurshab turgan mo’g’ul askarlariga hujum qilib va ming kishini o’ldirib g’alaba qozondi. Mag’lubiyat xabarini olgan Chingizxon “o’zining tajribali sarkardalaridan biri – Shiki Xuthu degan kishini 45 ming qo’shin bilan Jaloliddinga qarshi yuboradi. Mo’g’ullar Jaloliddin qo’shini bilan Parvon degan mavzeda uchrashadi. Jaloliddin o’z askarlariga otdan tushib, ot jilovini bellariga bog’lagan holda piyoda bo’lib jang qilishga farmon beradi. Ikki kun jang bo’ladi. Mo’g’ullar charchaganidan so’ng Jaloliddin o’z askarlariga otga minib jang qilishga buyruq beradi. Mo’g’ullar bardosh berolmay qocha boshlaydilar. Jaloliddin bu jangda askarning o’ng qanotini Temur Malikka, chap qanotini Sayfiddin A’raqga topshirib, o’zi markazda turgan. Endi mo’g’ullar hiyla-nayrang ishlatishga harakat qilib, har bir jangchi o’zini zahirada yetaklab yurgan otining ustiga kigizdan odam shaklida qo’g’irchoq yasab, otga mindirib jangga kirsin degan buyruq beriladi. Ertasiga jangda mo’g’ullar safi ko’payib, xorazmliklarni vahimaga soladi. Mo’g’ullarning hiylasini sezgan Jaloliddin o’z askarlariga dalda berib, dushman hiylasini fosh qiladi va o’z askarlarini jangga olib kiradi. Jaloliddin harbiy mahorat ko’rsatib, mo’g’ullarni o’rab xalqa ichiga oladi. Huthu no’yon dushmanga bardosh berolmasligiga ko’zi yetgach, qolgan askarni saqlab qolish uchun jang maydonini tashlab qochadi. Jaloliddin juda ko’p o’ljaga ega bo’ladi.

Jaloliddinning dushman ustidan qo’lga kiritgan ajoyib g’alabasi shuni ko’rsatadiki, agar rosmana ahillik va birdamlik bilan harakat qilinsa ko’zlangan maqsadga erishish mumkin. Ammo, shunga qaramay g’alabadan keyin lashkarboshilar o’rtasida o’ljalarni taqsimlanishida o’zaro janjal ko’tarildi. Oqibatida yordamga kelgan afg’onlar, xalajlar va qarluqlar Jaloliddinni tashlab ketdilar. U ularni tinchitish va yarashtirishga ko’p harakat qildi, lekin shaxsiy manfaatlar va johillik ustun kelib foydasi bo’lmadi. Shundan keyin Jaloliddinning harbiy kuchi juda zaiflashib dushmanga qarshi kurashni davom ettirishning imkoni qolmadi. Bu vaqtda Parvondagi mag’lubiyatdan g’azablangan Chingizxon Jaloliddinga qarshi shaxsan o’zi katta qo’shin bilan yo’lga chiqdi. Bundan xabar topgan Jaloliddin G’aznadan chiqib Hindiston tomonga yo’l oladi. Oradan ikki hafta o’tgandan keyin Chingizxon G’azanani bosib oldi. So’ngra Jaloliddindan ajralib ketgan afg’onlar, halajlar va qarluqlarning barchasini qirib tashladi. Chingizxon harbiy qismni Jaloliddinni izlab topish uchun yuboradi. Bu harbiy qism G’aznaning atrofidagi G’ardiz degan joyga kelganda unga Jaloliddin hujum qilib, tor-mor etadi. U Chingizxonni katta kuch bilan kelishini anglab, Sind daryosi orqali Hindistonga o’tish maqsadida u tomonga ketadi. U bu yerga yetib kelganda Chingizxon katta qo’shin bilan paydo bo’ladi. Shu tariqa Jaloliddin daryo bilan dushman o’rtasida qoladi. Bu shiddatli jang uch kun davom etadi. U bir ma’lumotda 1221 yil 23-25 noyabrda, ikkinchisida 1223 yilning avgustida bo’lgan. Uni Mirzo Ulug’bek quyidagicha ta’riflaydi: “Jaloliddin bahodirlik otini kurash maydoniga solib, totor kofirlaridan ko’pini halokat tuprog’iga qoradi va hech bir kulfatsiz jang qildiki, agar Rustami doston tirik bo’lganida, unga bo’lgan muhabbati yopig’ini o’z yelkasiga solgan bo’lardi. Agar kumushtan Isfandiyor bu jangni mushohada qilganda, uning xizmatida qullik lavozimini jonu dili bilan qabul qilgan bo’lardi… Sulton Jalolddin lashkarining qalbida yetti yuzta mard bilan birga mardonalik oyog’ini yerga mahkam qo’yib, tongdan to tush paytigacha qarshilik ko’rsatib, ularni chapdan o’ngga, o’ngdan chapga quvdi va har bir hamlada qanchalab tomonga ot choptirmasin, tuproqni qonga bo’yar edi. Agar bu jangni Zolning o’g’li ko’rsa edi, u Sulton Jaloliddinning qo’lini o’pgan bo’lardi. Chingizxonning lashkari behisob edi, ular soatma-soat ko’payib borishardi va goh-goh kurash maydonini Jaloliddin uchun tang qilar edilar”.

Ushbu satrlarda Jaloliddin qo’shinining ancha ozligiga qaramay qahramonlarcha jang qilib mo’g’ullarning talay qismini o’ldirganligi bayon etilgan. Boshqa tarixiy manbalarda ham Jaloliddinning jasorati va harbiy mahoratiga yuqori baho berilgan. Agar unga qo’shimcha yordam kuchlari kelganda bu gal ham g’alabaga erishishi turgan gap edi. Ha, u yolg’iz edi, faqat bir necha ming sodiq askarlari bo’lib ular “bir tomchi” qon qolguncha kurashdilar. Bu jang xususida Mirzo Ulug’bek so’zini davom ettirib: “Mo’g’ullar Sulton Jaloliddinning (jang maydonida) qo’lga tushiray deb qolganlaridan keyin Xon Sultonning o’g’li Axos Malik Sulton Jaloliddin otining jilovidan tutib, orqaga olib chiqdi. Sulton yuragi giryon, ko’zlari nogiron bo’lib, bolalari va o’g’illari bilan minglab dardu firog’ ila vidolashib, qora to’riq otini minib, mo’g’ullarning behisob qo’shiniga yana hamla qildi. Ularni orqaga surib tashlab, so’ng jilovni orqaga tortdi. Sovutini yelkadan tashlab, chatrini qo’lga oldi, cho’bini yerga otib, otiga qamchi bosdi. Sind daryosi qirg’og’idan to uzan (suv)gacha o’n gazdan ortiqroq edi. U otni daryoga haydadi. Lashkardan bir to’dasi unga ergashgan edi, mo’g’ullarning o’qidan, yo’qlik dengiziga g’arq bo’ldi… Aytishlaricha, suvda qatl etilgan murdalarning ko’pchiligiga shu darajada o’q tekkan ediki, suv o’liklarning qoni bilan qip-qizil bo’lib ketgan edi”. Jaloliddin daryodan sog’-salomat suzib narigi qirg’oqda dam olayotganda odamlaridan yetti kishi suvdan chiqib, unga qo’shiladi. Jaloliddinning mohir lashkarboshiligi, jasorati va mardligi shaxsan Chingizxonni lol qoldirgan edi. U uning sha’niga maqtov so’zlarini izhor etib: “Otadan dunyoda hali bunday o’g’il tug’ilmagan. U sahroda sher kabi g’olib jangchi, daryoda esa nahang (akula) kabi botir. Qanday qilsinki, hali hech kim taqdir bilan hech bir mojaroda teng kelolmagan. Lekin u mardlikning dodini berdi. Qazoi qadar qarshisida qudrat qo’lini (mardona) ochdi. Mardlik bilan undan (qazo) qutulib bo’lmaydi”. U o’g’illariga yuzlandi va dedi: “Otaga shunday o’g’il zarurki, u ikki girdob – olov va suv girdobidan ozodlik maydoniga chiqa oldi”.

Shuni aytish lozimki, Jaloliddinning oila a’zolari ham jasorat va mardlik, vatanga sodiqlik namunalarini ko’rsatdi. O’sha Sind daryosining qirg’og’idagi jangda Sulton Jaloliddinning 7-8 yashar o’g’li asirlikka olinib Chingizxon huzurida o’ldirilgan edi. Uning onasi, xotini va boshqa ayollar dushman qo’liga tushgandan ko’ra o’lganimiz yaxshi deyishib, dod-faryod bilan o’zlarini daryoga cho’ktirilishini Jaloliddindan yolvorib so’rashdi. Haqiqatan ham ularni dushman qo’lida o’lishlari turgan gap edi. Buni yaxshi bilgan Jaloliddin qat’iy talablarga binoan daryoga qayg’u-alam bilan cho’ktiradi. Ma’lum vaqtdan keyin daryodan omon-eson suzib chiqqan 4 ming askarlari Jaloliddinga qo’shildi. Shuningdek jangda tirik qolib, daryodan o’tgan lashkarboshilar – Kulbars Bahodir, Kabkux, Sa’daddin Ali ash-Sharobdorlar kelishadi. Bu katta xursadchilikni uyg’otib, bamisoli onadan yangi tug’ilgandek bo’lishgan. Jaloliddinning keyingi faoliyati Hindistonda kechdi. U bu yerda uch yil mobaynida unga qarshi bosh ko’targan ayrim mahalliy hokimlar boshchiligidagi askarlarga zarba beradi. Hamda o’z mavqeini ancha mustahkamlab oladi. Biroq unga qarshi kuchlarning zo’rayishi orqasidan Eronga yo’l oladi. Bu yerda u Xorazmshohlar davlati nomidan hukmdorlik qilayotgan ukasi G’iyosiddin Pirshohni qarshiligini yengib, o’ziga bo’ysindiradi. Qariyb butun Eronni egallagan Jaloliddin Ozarbayjonni ham qo’lga olishga harakat qildi. Natijada u bu mamlakatni bo’ysindirib, Xorazmshohlar davlatining bu yerdagi ilgarigi hukmronligiga tiklaydi. Tabriz shahari bu davlatning poytaxtiga aylantiriladi. Shuningdek Jaloliddin to’rt yil mobaynida Tiflisda hukmronlik qilib Xorazmshohlar davlatining mavqeini ancha oshiradi. Butun umri xavf-xatar va janglarda o’tib, tinchlik va xotirjmlikni bilmagan Jaloliddin 1231 yil 16 avgustda Kurdiston tog’ida bir kurd kishisi tomonidan o’ldiriladi. Bu xususda taniqli Turkiya olimi Oydin Tonariy shunday yozadi: “Sultonning o’limi to’g’risida tarixchilar bergan ma’lumotlar aksariyat bir-biriga o’xshashdir. Fikrimizcha bu masalada Nasafiy bilan Juvayniyning ma’lumotlari eng to’g’risidir.

Mo’g’ullarning 15 suvoriysi Sultonni ta’qib qilishga tushdi. Ulardan ikkitasi unga yetib oldi. Sulton bir hamlada ularning ikkovini ham o’ldirdi va yana qochdi. U baland toqqa tirshamli va qaroqchi kurdlarga duch keldi. Kurdlar uni o’ldirmoqchi bo’lganlarida Sulton ularning boshlig’iga: “Men Sultonman. Meni o’ldirishga shoshilmang. Meni yo Malik Muzaffar Shahobiddin huzuriga yoki meni o’lkalarimdan biriga olib bor, seni amir qilib tayinlayman”, dedi. Qaroqchilar boshlig’i ikkinchi taklifni qabul qildi va Sultonni o’z ovuliga olib ketdi. So’ng u Sultonni xotiniga topshirib, ot topib kelish uchun ketdi. Biroq ko’p o’tmay nayza ko’targan boshqa bir kurd kirib keldi va xotindan: “Bu xorazmlik kim? Uni nega o’ldirmayapsizlar?” deb so’radi. Xotin: “Xo’jayinim unga omonlik berdi. Chunki u Sulton ekanini so’zladi”, dedi. Kurd: “Bu gapga qanday ishonish mumkin? Ular Oxlatda bundan ham azizroq ukamni o’ldirdilar”, dedi va bir nayza zarbi bilan Jaloliddinni o’ldirdi.

Oradan bir oz fursat o’tgach, Mayaforiqin hokimi Malik Muzaffar toqqa odam yuborib Sultonga tegishli narsalarni, oti, egari, mashhur qilichi va boshidagi kokili (tilsimli)ni oldirdi. Jaloliddinning yaqinlari bu narsalar Sultonniki ekanligini tasdiqladi. Malik Muzaffar Jaloliddinning jasadini Mayaforikinga keltirib dafn qildirdi. Biroq bu yerga ko’milgan boshqa ko’pgina ulug’ odamlar singari Jaloliddinning qabri qayerda ekanligini aniqlashni iloji bo’lmadi.

Juvayning yozishicha, Jaloliddin Amid tog’lariga chiqib olgach, tunash uchun chodir tiklagan. Kurdlardan tashkil topgan bir guruh kishilarning qimmatbaho kiyimlarini tortib olish uchun “nima qilayotganlarini va qanday inson ekanligini bilmasdan Sultonning ko’ksiga xanjar urib o’ldirdilar”.

Jaloliddin vafoti Turkiston, Eron, Afg’oniston, Hindiston va Kavkazdagi barcha mo’g’ullarga qarshi xalqlar uchun nihoyatda katta yo’qotish hisoblandi. Chunki uning asosiy maqsadi ularni va musulmon dinini mo’g’ullardan himoya etishdan iborat edi. Shuning uchun u ko’rsatilgan mamlakatlarda ko’p mingli qo’shinni va kurashni tashkil etishga erishadi. Vaholanki u Xorazmdan bor-yo’g’i 300 kishi bilan chiqib ketgan edi. Ammo Jaloliddin xorijiy mamlakatlarda ikki tomonlama, ya’ni mo’g’ullarga va muxolifatdagi kuchlarga qarshi tinimsiz jang qildi. Bu kuchlar ko’proq shaxsiy manfaatlarini o’ylab va nodonlik qilib Jaloliddin olib borayotgan ozodlik kurashlariga katta ziyon keltirdi. Jaloliddin bu o’ta zararli harakatlarni bartaraf qilish yo’lida ko’p askarlari va mablag’ini yo’qotdi. Bu holat mo’g’ullarga qarshi kurashga salbiy ta’sir etib ularni g’alabasi uchun keng imkoniyatlarni yaratdi. Jaloliddin o’limidan keyin mo’g’ullarga qarshi kurashni mohirlik bilan boshqaradigan hukmdor yoki lashkarboshi ko’rinmadi. Natijada 1258 yilda xalifalikning poytaxti Bag’dod mo’g’ullar tomonidan egallanib vayronaga aylantirildi. Ko’p yoshu-qari kishilar halok etildi. Vaholanki, xalifalik o’z vaqtida Chingizxonga xat yuborib, Xorazmshohlar davlatiga qarshi urush ochishga chaqirgan edi.

Jaloliddinning zamondoshlari uning ozodlik kurashiga yuqori baho bergan. Chunonchi, Ziyo Buniyodovning ma’lumoyiga ko’ra qotil kurdlar Jaloliddinning qimmatli bezaklari va egar-jabduqlarini olishgan. Ulardan biri uning libosini kiyib va qurollarini o’ziga osib Amid degan joyda gerdayib yurganda Jaloliddinning yaqinlaridan biri Mayaforiqning hokimi Al-Malik al-Alshafga ma’lum qiladi. Bu kishini Jaloliddinga nisbatan dushmanchiligi bor edi. Ammo, u adolat yuzasidan uning bevaqt o’limidan qattiq qayg’uradi. U qotil kurdni o’ldirish, u yashayotgan qishloq aholisining barchasini qirib tashlash haqida ko’rsatma beradi. Jaloliddinning liboslari va qurollarini toptiradi. U huzuridagi kishilarga deydi: “Siz meni uni o’limi bilan tabriklayapsizlarmi? Biroq siz buning samarasini yig’asiz, chunki Alloh nomi bilan qasam ichamanki, uning halokati mo’g’ullarning islom yerlarini istilo qilishlarini anglatadi. Endi biz bilan ya’juj va ma’juj o’rtasida devor bo’lib turgan Xorazmshohlardek biror kimsa yo’q.”

Darhaqiqat mo’g’ul bosqinchiariga qarshi kurashishda Jaloliddinga tenglashadigan ko’zga tashlanmadi. Shuning uchun ham uning vafotidan so’ng shon-shuhrati so’nmadi. Hatto uni o’ldirilmaganligi haqida ovozalar keng tarqaldi. U haqda afsonalar to’qildi. Oydin Tonariyning ko’rsatishicha, Jaloliddinning darveshlar orasida so’fiy kiyimida turli mamlakatlarda yurganligi haqida so’zlar tarqalgan. Iroqi ajam hokimi esa gaplarni inobatga olib Jaloliddinni qidirtirgan. 1236 yilda Mozandaron mintaqasida bir kishi o’zini Jaloliddin deb qo’zg’olon ko’taradi. U Jaloliddining ozodlikni ramzi hisoblab mo’g’ullarga qarshi qo’zg’olon uyushtirgan, albatta. Ammo u fosh etilib, mo’g’ullar tomonidan osib o’ldirildi. 1254 yilda Amudaryo bo’yida bir kishi o’zini Sulton Jaloliddin ekanligi haqida gap tarqatadi. U qo’lga olinadi, lekin umrini oxirigacha o’z so’zidan qaytmadi.

Shunday qilib Sulton Jaloliddinning mustaqillik va ozodlik ramzi sifatida dong’i olam uzra taraldi. Bu yo’lda uning hayoti va jo’shqin faoliyati g’oyatda xavf-xatarli, murakkab va o’zaro ziddiyat va kurashlar sharoitida kechdi. U xotirjamlik va osoyishtalikni ko’rmay u mamlakatdan bu mamlakatga, u shahardan bu shaharga, cho’lu, tog’u-toshlab bo’ylab kezib yurishga majbur bo’ldi. U barcha qiyinchiliklar va azob-uqubatlarni, hatto o’limni bo’yniga olib turli xalqlarni Xorazmshohlar davlatining bayrog’i ostiga birlashtirish uchun tinimsiz kurashdi. Bundan ko’zlangan asosiy maqsad ularni mo’g’ullarning tajovuzi va hukmronligidan xoli etib, mustaqillik va ozodlikni ta’minlashdan iborat edi. Zero, u o’zbeklar, eronliklar, hindlar, ozarbayjonlar, afg’onlar va boshqa xalqlarning umum manfaatlari uchun kurashgan buyuk davlat arbobi va mashhur lashkarboshi edi. U o’zinig oliy fazilatlari bilan ham hurmat va izzatga sazovor bo’lgan. Shahobiddin Nasaviy uni shunday ta’riflaydi: “Qorachadan kelgan, o’rta bo’yli, tili bo’yicha turk, lekin forscha ham so’ylar edi. Uning jasoratiga kelganda, u sherlarning sheri edi va otliq yigitlar ichida eng dovyuragi edi. U yumshoq edi, jahli chiqmas edi va so’kinasdi ham. U jiddiy edi, hech qachon kulmasdi, faqat jilmayardi va kamgap edi. U adolatni sevardi, biroq, u duch kelgan suronli yillar uning ustidan g’alaba va uning fe’lini o’zgartirdi. U fuqarolarning hayotini osonlashtirishni yoqtirardi, lekin tanazzul paytida boshqargani uchun jabr qilishga bordi. Jaloliddin og’ir holatlarda matonatli edi va mashaqqatli sinovlarda sovuqqon edi”.

Demak Jaloliddin yuz yillarda bir keladigan tom ma’nodagi davlat arbobi hisoblanib, o’zida oliy fazilatlarni mujassamlashtirgan tarixiy shaxs bo’lgan. U barcha erksevar xalqlarning qalbida o’chmas iz qoldirgan edi. U bilan bir tan, bir jon bo’lib ozodlik yo’lida jang qilgan minglab o’zbeklarning katta xizmatlarini ham ko’rsatish ayni muddaodir. Ular uy-joylari va bola-chaqalarini tashlab mo’g’ullarga qarshi 11 yil mobaynida mardonavor kurashdilar. Jaloliddinning vafotidan keyin ular o’z ona yurtiga qayta olmadilar. Chunki bu yerda mo’g’ullar hukmronlik qilmoqda edilar. Shu bois ular xorazmliklar nomida xorijiy mamlakatlarda yashashga majbur bo’ldilar. Vatan va oilalarning diydorini ko’rolmay qayg’u-alamda dunyodan o’tdilar.

Jaloliddin vafotidan keyin lashkarboshilari amir Hisomiddin Kirxon Malikni taxtga o’tqazdilar. Biroq u o’zining qobiliyatsizligi orqasidan hokimiyatni ushlab turolmadi. Bebosh qolgan xorazmliklar Turkiyadagi u yoki bu viloyat hokimlarining xizmatida bo’lishga majbur bo’ldilar. Ular Misr va Suriyada ham harbiy yurishlarda qatnashdilar. Umuman aytganda vaqtlar o’tishi bilan xorazmliklarning harbiy salohiyati zaiflashib turli joylarga tarqalib ketishadi. Natijada xorazmliklarning qoldiqlari Misrda, Suriya shimolida, Iroqda va Anado’lining janubi-g’arbida o’troq bo’lib qoldilar. Xorazmliklarning avlodlari hozirgi kunda ham Iroqning shimolida Mosul va Kirko’k atrofidagi qishloqlarda yashaydilar, ular o’zlarini Turkman deydilar. Anado’lida ular hurzumlu deb ataladilar va hozirgi kunda hurzum (Xorazm) deb ataladigan qishloqlarda yashaydilar. Shunday qishloqlardan sakkiztasi Egey dengizi sohilida Manisa (Turkiya) viloyatida joylashgan.

Ibn Bibining xabar qilishicha, Xorazm Jaloliddin Manguberdining o’limidan so’ng uning amirlaridan biri – Saruxon Qunyo Sultoni Aloviddin Qayqubod I ning xizmatiga o’tadi. Turk olimlarining taxmin qilishicha shu Saruxon Manisa viloyatida hukm surgan Saruxoniylar sulolasiga asos solgan. Bu sulola 815 (1412) yilgacha hukm surgan. Xorazmliklar Sharqiy Anado’lidagi Kushahiya va Alashehr viloyatlarida o’trohlashib qolgan. Ularning avlodlari endi Ho’rzo’m ashirai O’vachiq, Ho’rzo’m Alayaka, Ho’rzum Sazdaryo, Ho’rzo’m Keserlar, Ho’rzum Enbelli qishloqlarida yashaydilar.

Bulardan tashqaru Urfa viloyatida Xorazm deb ataladigan uch qishloq bo’lib ularda Suriyadan qochgan xorazmliklarning avlodlari yashaydi”.

Shunday qilib, Jaloliddin boshliq minglab o’zbeklar mustaqillik va ozodlik uchun jonlarini fido aylab begona mamlakatlarda qolib ketdilar. Bunday vatanga o’ta sodiqlikni tarix hech qachon unutmaydi.