VAZIR

VAZIR (arab. yuk ko’taruvchi) — o’rta asrlarda Yaqin va O’rta Sharq davlatlarida, shu jumladan O’rta Osiyo xonliklarida hukumat idorasi yoki kengashi (devon) boshlig’i. Vazirlar vaziri a‘zam rahbarligida davlatni idora etish vazifalari bilan shug’ullangan. Vazirlar podshoh, xon viloyat hokimligiga tayinlagan shahzoda va xonzodalarning yordamchilari hisoblangan. Arab xalifaligida Vazir lavozimini birinchi bo’lib xalifa al-Mansur joriy etgan. Amir Temur va uning vorislari zamonida saltanatning markaziy ma‘muriyatini bosh vazir — devonbegi boshliq yetti Vazirdan iborat arkoni davlat boshqargan. Mazkur yetti Vazir devonbegiga bo’ysungan va ular bilan bamaslahat davlatning muhim moliyaviy ishlarini olib borishgan. Xiva xonligida Vazir yuqori mansabdor shaxs sanalib, vazifasi soliq to’plash, qo’shni xonliklar bilan aloqa qilish, amaldorlarni tayinlash va hokazolardan iborat bo’lgan. Xo’jalik yoki boshqaruvning alohida bir sohasiga rahbarlik qilib kelgan amaldorlarni sobiq sho’rolar davrida komissar, ministr, ana shu boshqaruv organini esa komissarlik, ministrlik so’zlari bilan atash rasm bo’lgan edi. Bu atamalar O’zbekistonda ham mustaqillik yillarigacha qo’llanib kelinib, keyin vazir, vazirlik atamalari bilan almashtirildi.