Vismutin
Vismutin, vismut yaltirog’i — sulfidlar sinfiga kiruvchi mineral. Kimyoviy formulasi Bi2S3. Qo’shimchalari Sb, Se. Rombik Singoniyali. Cho’ziq prizma, ignasimon, radial shu’lasimon, elpig’ichsimon, yirik kristallar. Rangi ruxsimon oq, qo’rg’oshinsimon kulrang. Yaltiroqligi metallsimon, elektr o’tkazmaydi. Qattiqligi 2— 2,6. Sof og’irligi 6,8—7,2. Vismutin yuqori haroratli gidrotermal yertomirlarda, greyzenli, kontakt-metasomatik konlarda pirit, arsenopirit, Zn, Pb, Cu, Fe sulfidlari va qalay, volfram, molibden, sof-tug’ma vismut va boshqa minerallar bilan birga hosil bo’ladi. Oksidlanish zonasida oson parchalanib ikkilamchi oksidlar (vismut oxrasi), sulfaoksidlar, vismutning suvli karbonatlari hosil bo’ladi. Vismutin O’zbekistonda Chatqol (Ustarasoy, Burchmulla) va Qurama (adrasmon, Qizilguta, Terakli,. Toshkeskan, Qo’shbuloq, Chodaq, Miskon, Qo’shmasoy) tizmalaridagi rudali konlar va G’arbiy O’zbekiston (Langar, Ingichka, Ug’at, Choshtepa, Oqqo’rg’on, Chuyun konlari)da topilgan. Vismut olinadigan ruda. Vismutin kimyoviy asboblar ishlashda va tibbiyotda keng qo’llaniladi.