Vundt (Wundt) Vilgelm

Vundt (Wundt) Vilgelm (1832.16.8, Mangeym — 1920.31.8, Grosboten, Leypsig yaqinida) — nemis psixologi, fiziologi, faylasufi va tilshunosi. Eksperimental psixologiya asoschilaridan biri. Leypsig shahrida Vundt tomonidan 1879 yilda yaratilgan dunyodagi birinchi psixologik laboratoriya xalqaro eksperimental psixologiya markazi bo’lib qoldi; unda sezgilar, «reaktsiya vaqti», assotsiatsiyasi, diqqat, sodda hissiyotlar o’rganilgan. Vundt ruhiy hayotda irodani Markaziy omil deb hisoblagan. «Analitik introspektsiya» g’oyasi (o’z-o’zini kuzatish)ni ilgari surgan.