Xafaqon

Xafaqon (Arabcha — urmoq, titramoq) — yurakning tez yoki notekis urishini sezish holati. Bu sezgi yurak-tomir va boshqa sistemalar (masalan, nerv, endokrin tizimi) kasalliklarida, shuningdek, sog’lom kishilarda kuchli yoki odatdan tashqari jismoniy zo’riqish, hayajonlanish va boshqalarda paydo bo’ladi. Xafaqonni davolash va oldini olish kasallikni keltirib chiqargan sabablarga bog’liq. Ba’zan «Xafaqon» atamasini yurak urishining o’zgarishi qon bosimi oshganida ham kuzatilganligidan gipertoniya kasalligita nisbatan ham ishlatadilar. Xafaqon tushunchasi aslida Sharq tabobatidan ma’lum. O’tmishda tabiblar Xafaqon sabablarini to’g’ri tushunib, uning ko’p va xilma-xil kasalliklar (masalan, yurakning organik va funktsional o’zgarishlarida, o’pka, me’da va ichak xastaliklarida, yallig’lanish, shikastlanish, zaharlanish, isitmalash, gijja kasalligida, biror narsa chaqqanda yuzaga kelishini va boshqalar)da kuzatganlar. Ular yurak urishi o’zgarishlarini puls sifatlari (ya’ni puls tezligi, tekis yoki notekisligi, to’liq-to’liqmasligi yoki tarangligi)ga ko’ra aniqlaganlar. Abu Ali ibn Sino «Tib qonunlari» asarida Xafaqon haqida mufassal aytib o’tgan. Unga ko’ra, Xafaqon goho xiltli moddadan, goho mizojlan, goho shishdan, gohida uzluksizlikning buzilishidan, ba’zan esa qattiq hisdan va boshqa yot narsalardan paydo bo’ladi. Xiltli modda goho qondan, goho rutubatdan, goho safrodan, goho eldan iborat bo’lishi mumkin. Ba’zan faqat yurak aziyatlari emas, balki o’pkaning yurakka yondosh tomonida tikilmalar ko’payib, nafas keragicha o’ta olmasligi (o’pkaning hamkorligi bilan), tse’da ahvolining o’zgarishi (me’daning hamkorligi bilan) ham Xafaqon paydo bo’lishiga olib keladi. Xafaqonning hamma turida tomir notekis urishi kuzatiladi, ammo kasallik belgilari unga sabab bo’lgan omillarga bog’liq bo’ladi (masalan, Xafaqonga gijjalar sabab bo’lsa, bunda lanjlik, so’lak oqishi va boshqalar kuzatiladi). Ad.: Ibn Sino, Tib qonunlari, 2j., T., 1992