Xarkov

Xarkov — Ukrainaning Xarkov viloyatidagi shahar, viloyatning ma’muriy va iqtisodiy markazi. Yirik transport yo’llari chorrahasi. Aholisi 1470,9 ming kishi (2001). Shahar 1655-56 yillarda qal’a sifatida bunyod etildi. 1919-34 yillarda USSRning poytaxti bo’lib turdi. Xarkov mashinasozlik bo’yicha Ukrainada yetakchi o’rinda (respublikada ishlab chiqariladigan mahsulotning 1/5 qismini beradi). Xarkovda energetika mashinasozligi, shu jumladan, Elektrotexnika sanoati («Turboatom», «Elektrotyajmash», «Ukrelektromash» va boshqa ishlab chiqarish birlashmalari; elektromexanika, «Yuj-kabel» va boshqa zavodlar), traktor mashinasozligi («Xarkovskiy traktorniy zavod» va boshqalar), qishloq xo’jalik va transport mashinasozligi (motor yig’ish, «serp va molot» ishlab chiqarish birlashmalari; aviatsiya sanoati va boshqalar), stanok va priborsozlik; radioelektronika sanoati va boshqalar; kimyo va kimyo-farmatsevtika, oziq-ovqat, yengil (to’qimachilik, poyabzal, ko’nteri, mo’ynachilik va boshqalar) sanoatlari rivojlangan. Metropoliten (1975 yildan), 21 oliy o’quv yurti (shu jumladan, 3 universitet), 6 teatr (shu jumladan, opera va balet teatri), tarixiy, badiiy, tabiat muzeylari bor. Me’moriy yodgorliklardan Pokrovskiy (17-asr), Uspenie (18-asr) soborlari; Yekaterina saroyi (18-asr), Proviant omborlari (18-asr) saqlangan.