Xarkov viloyati

Xarkov viloyati – Ukraina tarkibidagi viloyat. 1932 yil 27 Fevralda tashkil etilgan. Maydoni 31,4 ming kilometr. Aholisi 2,9 million kishiga yaqin (2004), asosan, ukrainlar va ruslar. Shuningdek, yahudiy, Belorus, tatar va moldavanlar ham yashaydi. 1 km2 ga 94 kishi to’g’ri keladi. Shahar aholisi 73%. Muhim shaharlari: Izyum, Lozovaya, Balakleya, Kupyansk, Lyubotin, Volchansk, Merefa, Chuguev, Gotvald. 25 ma’muriy tumanga bo’lingan. 15 shahar, 62 shaharcha bor. Markazi — Xarkov shahri. Tabiati. Xarkov viloyati Ukrainaning shimoliy Sharqiy qismida. Yer yuzasi qiya tekislik bo’lib, daryo, jarliklar bilan o’yilgan. Shim.Sharqiy chekkasi qirdan iborat (balandligi 236 metrgacha), Janubda esa Donesk kryajining etaklari (balandligi 230 metr) joylashgan. Iqlimi mo’tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -7,2 dan -8,4° gacha, iyulniki 20-21,4°. Yillik yog’in 457— 568 mm. Xarkov viloyati hududida 200 ga yaqin daryo, 5 suv ombori va ko’llar bor. Tuproqlari qoratuproq, o’tloq va botqoq tuproqlar. Hududining 18% o’rmonzor (eman, jo’ka, zarang, qayrag’och, tog’terak, yovvoyi nok o’sadi). Hayvonlardan elik, qobon, los, bo’ri, tulki, quyon, bo’rsiq, sassiqko’zan; qushlardan bedana, boyqush, kaklik, laylak yashaydi. Viloyatda 600 dan ziyod sanoat korxonasi bor. 14,1 ming kichik korxona faoliyat ko’rsatadi. Sanoat ishlab chiqarishda mashinasozlik va metallsozlik yetakchilik qiladi (viloyat sanoat mahsuloti hajmining 33,5%), oziq-ovqat sanoati (18,0%), elektro-energetika (22,2%), yoqilg’i sanoati (14,5%), qurilish materiallari ishlab chiqarish (3,1%) va yengil sanoat (0,9%). Viloyat mamlakatning asosiy mashinasozlik markazidir. Bu yerda, tarkibi 10 korxonadan iborat bo’lgan yirik traktorsozlik majmuasi tuzilgan. Qishloq xo’jalik mashinasozligi viloyat iqtisodiyotida yetakchi o’rinni egallaydi. Xarkov viloyatida gidravlik, bug’va gazda ishlaydigan turbinalar, turbogeneratorlar ishlab chiqariladi. An72, AN140 rusumli samolyotlar xalqaro aviasalonlarida mashhur. Shuningdek, stanoksozlik mahsulotlari (yo’nuvchi va agregat stanoklar) jahon bozorida yuqori baholanadi. Viloyatda Ukraina gazining 40% qazib olinadi. Xarkov viloyati hududida balans zahirasi 310 milliard m3 bo’lgan 42 ta gaz va gazkondensat konlari mavjud. Bir yilda 7 milliard m3ga yaqin gaz qazib olinadi. Markazlashgan elektr stansiyalarining umumiy quvvati 3179 MVt. Viloyatda go’sht sanoatiga transhi 11 ta va sut sanoatiga qarashli 26 korxona; 11 qand, 6 spirt va likyor-araq ishlab chiqarish, 5 pivochilik, 59 nonbulka mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari, 21 oziq-ovqat mollari, 9 universitet-ortish zavodlari, 3 yog’-moy tarmoq korxonalari va boshqalar ishlab turibdi. Qishloq xo’jaligida don, qand lavlagi, kungaboqar, kartoshka, texnika ekinlari, ekiladi. Bog’, tokzorlar bor. Sut-go’sht chorvachiligi, parrandachilik, rivojlangan. Ukrainadagi eng yirik «Slobojanka» cho’chqachilik majmuyi (600 ming cho’chqa) ishlab turibdi. Asosiy transport turi — temir yo’l (uz. 1520 kilometr). Avtomobil yo’llari uzunligi 9,3 ming kilometr. Viloyatda 212 ilmiy tadqiqot muassasasi, 6 teatr (shu jumladan, 3 akademik teatr), filarmoniya, organ va kamera musiqasi uyi, tsirk, 32 muzey (shu jumladan, tarix va badiiy muzeylar), kutubxonalar (shu jumladan, Davlat ilmiy kutubxonasi), 78 estetik tarbiya maktabi, 800 klub va madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bog’lari, hayvonot bog’i bor. Madaniyat akademiyasi, san’at instituti, madaniyat, musiqa, badiiy o’rta maxsus bilim yurtlari faoliyat ko’rsatadi. Viloyat hududida 2250 dan ziyod tarixiy va madaniyat yodgorligi davlat muhofazasiga olingan.