Xalfa

Xalfa (folklorda) — Xorazm vohasida mahalliy og’zaki ijod namunalarini ijro etuvchi ayol. Xalfalar faoliyat ko’rsatish sharoitiga ko’ra ikki yo’nalishga bo’linadi: to’y va bazmlarda qo’shiqlar ijro etuvchi «sozi xalfa» hamda «kitobiy xalfa» — ta’ziya va marosimlarda kitob o’quvchi ayol, otin (otinoyi). Ularning ikkalasi ham «ichkari»da ayollarga xizmat qilgan. «Sozi Xalfa»lar san’atida jo’rnavozli va yakka ijrochilik mavjud. Ansambl uch kishidan tarkib topadi: Xalfa (garmon chaladi va qo’shiq aytadi), doirachi (qo’shiqlarga jo’r bo’ladi, ba’zan raqs tushadi) va o’yinchi (raqs tushadi va lapar aytadi). Xalfalar repertuaridan asosan «to’y muborak», «yoryor», «oshiq» turkumidagi («Tohir va Zuhra», «oshiq Alband», «Asli va karam», «hurliqo va Hamro», «Oshiq g’arib va Shohsanam» kabi) dostonlardan parchalar, Mahtumquli va boshqa shoirlarning she’rlari asosidagi nasihat va raqsbop qo’shiqlar o’rin olgan. Ijodkor Xalfalar zamonning muhim masalalariga bag’ishlangan asarlar yaratib, ularga o’zlari kuy bastalaganlar. Masalan, xonim suvchi Sayidaxmad qizi (1858-1926)ning «Bevafo zolim», Bibijonim Kosim Devon qizining «ayrildim», aynash cho’loq (Onajon Sobirova, 1885-1952) ning «Onajondek dilbar jahona galdi», ojiza (Onabibi Otajonova, 1889-1961)ning 30 dan ortiq qo’shiqlari Nazira Sobirova, Roziya Matniyoz qizi, Saodat Xudoyberganova va hozirgi Xalfalar tomonidan kuylanmoqda. «Kitobiy Xalfa»lar esa, asosan, ta’ziya, «Ulli pir», «mushkul kushod» kabi marosimlarda «G’avsuli A’zam», «Payg’ambarlar hikoyati», «bobo Ravshan», «Bibi Seshanba» va boshqa diniy mavzudagi kitoblarni yakka holda o’qib ayollar dardini yengillatishadi va ma’rifat tarqatishadi. Ad.: Yunusov R., Olti xalfa, Xiva, 1994. Botir Matyoqubov.