Xalqaro geofizik yil

Xalqaro geofizik yil – 1957-yil 1-iyuldan 1958-yil 31-dekabrgacha o`tgan davr; ana shu davr davomida kelishilgan dasturlar asosida turli mamlakatlarning olimlari Yerni tadqiq etishgan. Bu «yil»- ikki marta o`tkazilgan Xalqaro qutbiy yillar (1882-1883 va 1932-1933) davomidir. Yer sharini tadqiq qilishda 65 mamlakat, jumladan Antarktidani o`rganishda 12 mamlakat olimlari ishtirok etdilar. Maxsus ekspeditsiyalar okean va dengizlarni o`rganib, yangi suv osti tizmalari, o`ta chuqur botiqlarni, fanga noma’lum bo`lgan 200 dan ortiq hayvon turini kashf etdilar. 3-Xalqaro geofizik yilda yangi tadqiqot usullari joriy qilindi; aviatsiya, raketa, sun’iy yuldoshlar, suv osti fotografiyasi va boshqalardan foydalanildi. 3-Xalqaro geofizik yil davrida barcha ekspeditsiyalarning materiallari ikki markazda – Moskva bilan Vashingtonda yig`ildi va saqlandi. 3-Xalqaro geofizik yil tugagandan so`ng xalqaro ilmiy kuchlar yordamida yer bilan kosmik fazoni o`rganish davom etmoqda.