«Xamsat ul-mutahayyirin»

«Xamsat ul-mutahayyirin» — Alisher Navoiy tomonidan uning piri va ustozi Abdurahmon Jomiy vafoti munosabati bilan 1494 yilda yozilgan, adabiyotning xotira turiga oid asar nomi. «Xamsat ul-mutahayyirin» iborasi «hayratlanarli beshlik» ma’nosida. Jomiy 14-asrning 40-yillari oxiri va 50-yillarida Samarqandda Ulug’bek madrasasida, so’ng boshqa madrasalarda o’qib yurar ekan, darslarni yaxshi o’zlashtirishda u boshliq 5 talaba «Xamsat ul-mutahayyirin» deb nom chiqargan. «Xamsat ul-mutahayyirin» deganda odatda 5 yorug’ yulduz (aniqrog’i, sayyoralardan Atorud, Zuhra, Mirrix, Mushtariy, Zuhal) ko’zda tutiladi. Bunda Navoiy o’sha iboradan foydalangan. «Xamsat ul-mutahayyirin» risolasi ham 5 qismdan tashkil topgan bo’lib, muqaddima, 3 maqolat hamda xotimadan iborat. «Muqaddima»da Jomiyning qachon va qayerda tug’ilgani, ko’proq qayerda yashagani, naslnasabi, juda erta savod chiqargani, o’tkir iste’dod egasi bo’lib, kichiklikdan she’rlar yoza boshlagani, tasavvufda Sa’diddin Koshg’ariyga shogird tushgani, ilmda tez kamol topib, odamlar bilan muomalada o’zini har tomondan oddiy tutgani to’g’risida ma’lumotlar beriladi. «Xamsat ul-mutahayyirin»ning asosiy qismi 3 maqolatdan tashkil topgan bo’lib, birinchi maqolatda Navoiy shaxsan o’zi bilan Jomiy orasida yuz bergan voqea va hodisalar, noyob ijodiy suhbat va uchrashuvlar haqida 16 hikoya keltirgan. Ularning har birida Jomiyning yuksak aql-zakovati, o’z yaqinlari va shogirdlariga samimiyligi, shu bilan birga, talabchan bo’lgani, hozirjavobligi, hazil-mutoyibaga moyilligi, ko’p masalalarda Navoiy bilan hamfikr bo’lgani yaqqol ko’zga tashlanadi. Ikkinchi maqolatda Navoiy va Jomiyning o’zaro yozishmalariga izoxdar berilgan. Bu ikki ulug’shaxs bevosita muloqot imkoniyati yo’q vaqtlarda bir- birlariga uzluksiz xat yozib, hol-ahvol so’rashib turishgan. Ular o’z maktublarida ba’zan o’z davrining muhim ijtimoiy-siyosiy muammolari yuzasidan ham fikr almashishgan. Bu nomalar goh nasrda, goh nazmda bitilgan. Masalan, Jomiyning 1472 yil haj safariga chiqib, Iroqning dajla daryosi bo’yidan Navoiyga Vatanini sog’inib yo’llagan xatidagi g’azalida shunday bir bayt bor: Bar kanori Dajla dur az yoru mahjur az Diyor, Doram az ashki shafaqgun Dajlai xun bar kanor. Mazmuni: Dajla bo’yida yoru Diyor bilan ayriliqda, Shafaqrang ko’zyoshlarimdan shu yerda yana bir Dajla paydo bo’ldi. Navoiy esa o’sha «g’azalg’a tatabbu’ qilib», noma yozib, Jomiyga jo’natgan. «Xamsat ul-mutahayyirin»dan ma’lum bo’ladiki, Navoiyning «Tuhfat ulafkor» qasidasining yaratilishida Jomiyning ham roli katta bo’lgan. Uchinchi maqolatda Jomiy yozgan va turli adabiy janrlarga oid 40 asarning ro’yxati, bu asarlarning bir qanchalarining yuzaga kelishida Navoiy sababchi bo’lgani aniq misollar bilan izoxlab berilgan. «Xotima» qismida Navoiy Jomiy xuzurida mutolaa qilgan va foydalangan kitoblarning sharhlari, uning ba’zi zamondoshlari haqida o’ta salbiy fikrlar bildirgani va buning sabablari, shoirning vafoti va dafn etilish tafsilotlari g’oyat ta’sirli ko’rsatilgan. Asar oxirida Navoiyning ustozi motami munosabati bilan forsiy tilda yozgan marsiyasi matni to’la keltirilgan. Nashri: Alisher Navoiy, Mukammal asarlar to’plami [20 j.li], 15J., T., 1999. Ad.: O’zbek adabiyoti tarixi [5J.li], 2j., T., 1977. Abduqodir Hayitmetov.