Xari

Xari (qurilishda) — imorat to’sinlari ostidan ko’ndalangiga qo’yiladigan asosiy yog’och. To’sinlarga nisbatan uzunroq va yo’g’onroq, asosan, dumaloq kesimli bo’ladi. Baland va pishiq navli daraxtlar (terak, qarag’ay, qayrag’och, igna bargli daraxtlar va boshqalar)dan tayyorlanadi. Xari bop yog’och olish uchun daraxt tanasi zarur uzunliqda kesib olinganidan so’ng po’stlog’i shilinib, salqin joyda astasekin quritiladi. Xarilik yog’och iloji boricha darz ketmagan, yorilmagan bo’lishi lozim. Xari diametri (yo’g’onligi) 15-30 santimetr, uzunligi 5-7 metr bo’ladi. Diametri bo’yiga monand qilib (qancha uzun bo’lsa, shuncha yo’g’on yog’och) tanlanadi. Shunda u to’sinlar og’irligidan egilib ketmaydi. Daraxt tanasining butoqlari, shox-shabbalari kesib tashlanib, po’stlog’i shilingani xoda (uzuni Xarilikka yaraydi), kalta-kalta kilib kesilgan bo’laklari g’o’la deb ataladi. Ad.: Qosimov E., Qurilish ashyolari, T., 2004.