Xarid qobiliyati

Xarid qobiliyati 1) mamlakat pul birligining muayyan miqdordagi tovar va xizmatlarga ayirboshlanish qobiliyati, pul birligiga sotib olinishi mumkin bo’lgan tovarlar va xizmatlar miqdori. Pulning Xarid qobiliyati, birinchi navbatda, tovarlar narxi va xizmatlar uchun belgilangan tariflarga, shuningdek, inflyasiyaga bog’liq. Masalan, narxlar 2 marta oshganda pulning Xarid qobiliyati 2 marta pasayadi. Pulning Xarid qobiliyati pariteti ikki (yoki bir necha) valyuta o’rtasida muayyan tovarlar va xizmatlar to’plamini xarid etish quvvatlari nisbatini, boshqa mamlakatlarning pul birliklarida ifodalangan bir mamlakat pul birligining xarid quvvati nimaga teng ekanligini ko’rsatadi. Masalan, bir xil tovarlar to’plami AQShda 1000 dollar, Germaniyada 2000 yevro tursa Xarid qobiliyati pariteti 1 dollar=2 yevro yoki 1 yevro =0,5 dollar bo’ladi; 2) firma, xonadon va davlatning o’z qo’lida bo’lgan pul mablag’lariga mos holda mamlakatda shakllangan tovarlar narxi va xizmatlar tariflari darajasida sotib olishga qodir bo’lgan tovarlar va xizmatlar miqdori. Aholining Xarid qobiliyati daromadlar darajasiga va bu daromadda xarid uchun ajratilishi mumkin bo’lgan qism miqsoriga bog’liq. Tovarlar narxi va xizmatlar tariflari qiymatlari ham muhim rol o’ynaydi.