Xeminguey (Hemingway) Ernest Miller
Xeminguey (Hemingway) Ernest Miller (1899.21.7, Okpark, Chikago yaqinida — 1961.2.7, Ketchem, Aydaxo shtati) — amerikalik yozuvchi. 1917 yildan Kanzassitida jurnalistreportyor sifatida ish boshlagan. 1-jahon urushi qatnashchisi (191418). Xeminguey 1928 yilgacha Parijda, 1939-60 yillarda Kubada yashadi. Dastlabki hikoyalar kitobi — «bizning zamonda» (1924). «Quyosh chiqadi» (1926, inglizcha nashrlarda «Fiesta» nomi bilan chop etilgan), «Alvido, qurol!» (1929) romanlarida urushning bemisl mantiqsizliklari, inson haqhuquqlari, erkiga tajovuz, ayni paytda, insoniy mardlik, qadrqimmat va muxabbatning har qanday yovuz kuchlardan ustunligi yorqin ifodalangan. 1930-yillarning 1-yarmida Xeminguey ijodida tushkunlikni kuzatish mumkin. Shu davrda yozuvchi hayot yo’lini qayta mulohaza qilib ko’rishga, o’z ijodining muayyan yo’nalishlarini aniklashga intiladi. Natijada «peshindan keyingi o’lim» (1932), «Afrikaning yashil tepaliklari» (1935), «g’olibga bayroq berilmaydi» (1933) hikoyalar to’plami dunyo yuzini ko’radi. «Ho’kizning shoxi», «Frensis Makomberning baxti», «Kilimanjaro qorlari» (1936) hikoyalari, «to’qchilik va yo’qchilik» (1937) romanida Xeminguey ijodiy yuksalishi ko’zga tashlanadi. Xeminguey asarlarida dastlabki jurnalistik kuzatuv o’rnini tahliliy, qiyosiy mulohaza va mushohadalar egallaydi. U har qanday urushni qoralaydi, shu tufayli insoniyat aziyat chekayotganiga e’tibor qaratadi. Inson huquqlari yo’lida, ozodlik kurashida yolg’iz maydonga tushishning halokatli oqibatlarga olib kelishini oddiy kishilar obrazi orqali ifodalaydi. Xeminguey 1931-39 yillari ispan xalqining milliy ozodlik kurashida harbiy muxbir sifatida qatnashadi. Shu yillarda uning bir necha ocherk va reportajlari, «Motam qo’ng’irog’i» (1940) romani chop etiladi. Bu asarlardagi qahramonlar xalq ozodligi yo’lida fashizmga qarshi kurashadilar, insoniyat taqdiri uchun o’zlarining mas’ul ekanliklarini qalban his etadilar, kishilar bilan birga iztirobga tushadilar, xavf-xatardan qutulish choralarini izlaydilar. 2-jahon urushidan keyin Xeminguey ijodida yangi davr boshlangan. Biroq bu davrda yuzaga kelgan «xavfli yoz» va «okeandagi orollar» romanlari avvalgilariga qaraganda badiiy jihatdan ancha bo’sh asarlar sanaladi. Lekin ma’lum muddat o’tib, Xeminguey insonning ruhiy xrlatini tadqiq etish bilan jamiyatdagi mavjud vaziyatni ochib berishga qodir asarlarni yaratdi. Badiiy jihatdan ancha yuksak bo’lgan «daryoning naryog’ida, daraxtlar soyasida» (1950) romani, «chol va dengiz» (1952) qissasi Xemingueyga katta shuhrat keltirdi. Xeminguey 20-asrda o’zigagina xos bo’lgan qatiy xolislikka asoslangan xarakterli uslubni yaratdiki, keyinchalik Amerika qit’asidan yetishib chiqqan yozuvchilar bu uslubga tez-tez murojaat qiladigan bo’lishdi. «Chol va dengiz», «Alvido, qurol!» va boshqa asarlari o’zbek tiliga tarjima qilingan. Nobel mukofoti laureati (1954). Ad. Kashkin I., Ernest Xeminguey, M., 1966; Gribanov B., Xeminguey, M., 1970; Finkelshteyn I., Xemingueyromanist, T., 1974; Paporov Yu.N., Xeminguey na kube, M., 1979. Norali Ochilov.