Xerson viloyati

Xerson viloyati – Ukrainadagi viloyat. 1944 yil 30 martda tashkil etilgan. Maydoni 28,5 ming km2. Aholisi 1145,4 ming kishi (2004), ukrain, rus, belorus, yahudiy va boshqalar yashaydi. 18 ma’muriy tumanga bo’lingan, 8 shahar va 29 shaharcha bor. Shahar aholisi 59%. Markazi — Xerson shahri. Muhim shaharlari — Xerson, Kaxovka, Syurupinsk. Tabiati. Viloyat Ukrainaning Janubda. Qrra dengizbo’yi pasttekisligida joylashgan. Janubdan qora va Azov dengizlari bilan o’ralgan. Yer yuzasi tekislik, Janubga tomon bir oz qiya. Kumli orollar, qum tillari, kichikroq qo’ltiqlar uchraydi. Iqlimi mo»tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi Janubda -3° dan shimolda -5° gacha, iyulniki Janubda 21,5° — 23,5°. Yozi issiq va quruq, ayrim vaqtda bo’ronlar bo’lib turadi. Vegetasiya davri 215— 230 kun. Yillik yog’in 300-400 mm. Asosiy daryolari: Dnepr, uning o’ng irmog’i — Ingules. Tuproqlari Janubda chirindisi kam qoratuproq, to’q kashtan tuproqlar dengiz sohilida kashtan, sho’rtob va sho’rxok tuproqlar. Viloyat hududida Askaniya-Nova, qora dengiz qo’riqxonalari, shuningdek, Azov-Sivash qo’riqxona-ovchilik xo’jaligi bor. Viloyat hududining 2,6% o’rmon va butazor. Xo’jaligi. Mashinasozlik va metallsozlikda kemasozlik zavodlari, kombayn, kardan vallari va elektr mashinasozlik (Xerson), elektr payvandlash jihozlari va avtomobil ta’mirlash zavodlari (kaxovka) bor. Xersonda neftni qayta ishlash zavodi va Ukrainada shisha idishlar ishlab chiqaruvchi eng yirik zavodlardan biri, Syurupinskda tsellyuloza-qog’oz kombinati, Novaya Kaxovkada mebel fabrikasi ishlab turibdi. Yengil sanoatda to’qimachilik yetakchi o’rinda (Xerson ipgazlama kombinati). Ipgazlama ishlab chiqarish bo’yicha Xerson viloyati Ukrainada 1-o’rinda. Oziq-ovqat sanoati konserva, un va yorma, go’sht-sut, baliq va boshqa tarmoqlardan iborat. Qishloq xo’jaligida g’allachilik, sabzavotchilik, polizchilik, tokchilik, bog’dorchilik va go’sht-sut chorvachiligi rivojlangan. G’alla, kartoshka va sabzavot, yem-xashak ekinlari ekiladi. Chorvachiligi go’sht-sutga ixtisoslashgan, cho’chqachilik va mayin junli qo’ychilik, pillachilik, baliqchilik rivojlangan (9 baliqchilik xo’jaligi bor). Temir yo’l uzunligi 1100 kilometr. Avtomobil yo’llari uzunligi 6 ming kilometr. Muhim portlari: Xerson, Skadovsk, Genichesk, xorli. Dneprda kema qatnaydi. Aeroport bor. 4 oliy o’quv yurti, 2 muzey, 2 teatr, filarmoniya, telemarkaz faoliyat ko’rsatadi.