Xett tili

Xett tili — o’z yozuviga ega bo’lgan eng qadimgi hind-yevropa tillaridan biri; xatt, palayya, Lidiya va boshqa tillar bilan Xett — luviy tillari (Anatoliya tillari) guruhini tashkil etgan o’lik til. Xett tilida so’zlashuvchi aholi qadimgi Anatoliyaning Markaziy va shimoliy qismlarida yashagan. Xett tili tarixida 3 davr farqlanadi: qadimgi davr (miloddan avvalgi 18-16-asrlar), o’rta davr (miloddan avvalgi 15-asr — 14-asr boshi) va yangi davr (miloddan avvalgi 14-asr o’rtalari — 13-asr). Bizgacha yetib kelgan matnlarning aksariyati yangi podsholik davriga mansubdir. Xett tilining asosiy grammatik xususiyatlari: fe’l qo’shimchalari 2 turga bo’lingan, otlar 2 grammatik jins kategoriyasiga bo’lingan. Leksikasida xatt, Akkad va xurrit tillaridan o’zlashgan so’zlar — asosan terminlar ko’p bo’lgan. Xett tili yozuvi — mixxat bo’lib, u shimoliy Suriyadan, ehtimol, qadimgi Akkad mixxatidan o’zlashtirib olingan. Yozma yodgorliklari asosan 1906-07 yillardagi arxeologik qazishmalar chog’ida Xattusasdagi (Turkiya, hozirgi Bo’g’ozko’y) podsholik arxividan topilgan.