Xilvatiy

Xilvatiy (taxallusi; asl ismi Mulla Yo’ldosh To’raboy o’g’li) (1858— hozirgi Namangan viloyati Uychi tumani Jiydakapa qishlog’i — 1921) — shoir. Namangandagi Azizxo’ja madrasasida mudarris va bosh mudarris bo’lgan. O’zbek va fors tillarida ijod qilgan. She’rlarida Bedil, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy an’analarini davom ettirgan, ularga nazira, tatabbu’va muxammaslar bog’lagan. Xilvatiydan bizgacha 2 ta dastxat (shoir o’zi yozgan) devoni saqlanib qolgan. 1-devonga jami 6886 bayt o’zbek tilida va 53 ta — 770 bayt fors tilidagi she’rlar kiritilgan. 2-devoniga esa 4540 bayt o’zbek va fors tilida yozilgan she’rlari jamlangan. Devondagi she’rlar orasida boshqa o’zbek va fors shoirlari she’rlari ham uchraydi (239 bayt). Xilvatiy asarlarining asosiy qismini ishq-muhabbat mavzuidagi lirik she’rlar tashkil etadi. Uning ijodida sarguzashtiy she’rlar alohida o’rin tutadi. Xilvatiy hayotlik chog’ida uning 3 ta — «Mavludi sharifi turkiy», «sayr uljibol min sayr irrijol» («erkaklar sayridan bo’lmish tog’ sayri»), «chirog’i maktab» she’riy risolasi chop etilgan va ular xalq orasida mashhur bo’lgan. «Sayri jibol» (1328) masnaviy usulida yozilgan bo’lib, asarda pochcha ota havosi, manzaralari, o’simlik dunyosi va suvlari haqida hikoya qilingan. «Charog’i maktab» — axloqiy, diniytarbiyaviy she’riy asar. Bu asar aqoidlar (e’tiqodlilar) haqida yozilgan va boshlang’ich maktab bolalariga mo’ljallangan. Unda Allohning sifatlari, uning yaratuvchiligi, mutlaqligi, Qur’onda zikr kilingan 25 payg’ambar nomlari, oxirgi payg’ambar Muhammad (sav) sifatlari: Me’roj voqeasi va boshqa she’riy tarzda bayon etilgan. Xilvatiy ustozi Langariy domlaning iltimosiga ko’ra, «Mavludi sharif»ni turkiyda yozgan. Bu mumtoz adabiyotda payg’ambar mavludlari haqida o’zbek tilida yaratilgan birinchi she’riy rivoyat (Doston)dir. Mazkur asar 1908, 1911, 1912, 1916 yillari G’ulom Hasan Orifxonov bosmaxonasida bir necha bor chop etilgan. Asar 2000 yil «Namangan» nashriyotida (tuzatilgan matni) A. Qurbonov va I. Abdullayev tomonidan qayta nashr etilgan. Xilvatiyning uzi tartib bergan «Devoni Xilvatiy» qo’lyozmasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik intstitui fondida, ikkinchisi esa Xilvatiy jiyanining o’g’li Abdulla Yo’ldoshev qo’lida saqlanadi. Abduqayum Pardayev.