Xiva shahri haqida eshitganmisiz?

Xiva shahri haqida eshitganmisiz? – Xorazm oblastida, Xiva rayonining markazi. Xiva – Xorazm vohasidagi qadimgi shaharlardan biri. Bu shaharga qaysi yili asos solinganligi hozircha ma’lum emas. Rivoyatlarga qaraganda uni oldin Raml deb atashgan. Nomning kelib chiqishini afsonaviy quduq bilan bog’laydilar. Go’yo bu yerda bir quduq bo’lgan emish. Karvon to’xtab suv ichayotganida savdogarlardan biri “xey, vah! shirin ekan” deganmish. Shundan keyin shahar barpo bo’lib Xeyvaq deb atalgan. Toponim qadimda Xeyvaq formasida qayd etiladi. N.I.Berezin Xiva toponimini Xayva yoki Xavak so’zi bilan bog’laydi va “quruq bo’shliq, qo’rg’on” deb izohlaydi. Go’yo shahar vujud kelgan joy oldin shunday atalgan. Bizningcha nomning etimologiyasini qadimgi Xorazmiylar tilidan izlamoq kerak. Chunki nomning qadimiyligi buni taqozo qiladi. Xorazmiy tili bilan qarindosh deb hisoblanayotgan osetin tilida ko’pgina xorazmcha so’zlar saqlangan. Bu toponimiyada ham o’z aksini topadi. Nuxos, Pirnaxos, Darxo toponimlari Osetiyada ham uchraydi. Shunday ekan Xiva toponimini hozirgi Osetiya toponimiyasida sermahsul bo’lgan Xiauv “qishloq” so’zi bilan bog’lash mumkin. –ak kichiklik bildiruvchi qo’shimchadir. Demak, Xivak yoki Xiva “kichik qishloq” ma’nosini anglatadi.

Fikr bildirish