XUSUSIY SEKTOR

XUSUSIY SEKTOR — iqtisodiyotning xususiy mulkchilik va xo’jalik yuritishning erkin bozor usullariga, iqtisodiy alohidalashuviga asoslangan sohasi. Bozor iqtisodiyoti davlat va nodavlat sektorlaridan iborat. O’z navbatida, nodavlat sektori xususiy va jamoa sektorlariga bo’linadi. Xususiy sektor nodavlat sektorining bosh bo’g’ini. Xususiy sektordagi moddiy va moliyaviy resurslar, yaratilgan mahsulot va xizmatlar xususiy mulk hisoblanadi. Bu sektor xususiy korxonalar, firmalar, moliya kompaniyalari, xo’jaliklar, banklar, jamg’armalardan iborat va iqtisodiyotning hamma tarmoqlarida amal qiladi. Xususiy sektorning iqtisodiyotdagi o’rni 3 ko’rsatkich bilan baholanadi: 1) asosiy kapitaldagi hissa; 2) ishlovchilar sonidagi hissa; 3) yalpi ichki mahsulot (YAIM)dagi hissa. Bular orasida Xususiy sektorning YAIMdagi hissasi asosiy, unga qarab Xususiy sektorning iqtisodiyotdagi mavqei aniqlanadi.