Yelkanni kim yaratgan?

Yelkanni odamzot juda qadim zamonlarda kashf etgan. Aslida, uning kim tomonidan, qachon yaratilganligini ham hech kim aytib berolmaydi. Yelkan qayiqning shamol esayotgan tomonga qarab yengil olg’a suzishiga yordam beradi. Buning uchun esa bir parcha teri, mato yoki shularga o’xshash yana nimanidir tayoqqa bog’lab ko’tarilsa, bas. Shunday yelkanlar yordamida qayiqlar yengil olg’a siljiydi va hatto eshkak eshishga ham aslo hojat qolmaydi. Albatta, haqiqiy yelkanli qayiq boshqa afzalliklarga ham ega: u shamolga qarshi suzishi ham mumkin. Buning uchun yo’nalishni o’zgartirish yoki qayiqni ilon izi harakatlar bilan boshqarish zarur. Kemalarni ham yelkanlar vositasida boshqarishga yetib kelgunga qadar oradan ancha zamonlar o’tdi. Bu yo’l ko’pgina bosqichlardan iborat edi. Qadimgi misrliklarning kemalarida ham eshkak hamda ulkan yelkanlar mavjud edi. Dastlab ularning kemalari faqat Nil daryosi bo’ylab suzgan, keyinchalik ular bilan dengizlarga ham chiqa boshlashgan. Lekin misrliklar yelkanlarni shamol o’zlari yo’l olgan tomonga qarab esgandagina ko’targanlar, xolos. Ular ixtiro etgan yana bir kema «dumaloq» deb atalib, ulardan asosan yuk tashish uchun foydalanilgan. Boshda bunday kemalar bitta machta va bitta yelkanga ega bo’lgan. Keyingi davrlarga kelib ularning burniga qo’shimcha machta va yelkan o’rnatilgan, ba’zida kemalarda kichik kuzatish supachalari ham paydo bo’lgan. Bu kemalar hamon shamolga qarshi yura olmas edi, lekin ayrimlari yonidan esayotgan shamolga mos harakatlana olar edi. Vikinglar ham yelkanli kemalar yasashgan va milodiy 800-yillarda katta chorburchak yelkanli kemalarda suzishgan.