YEVROPA ITTIFOQI

YEVROPA ITTIFOQI (YEI) — o’zida xalqaro tashkilot va federativ davlat xususiyatlarini mujassamlashtirgan davlatlararo uyushma. Dastlab Yevropa hamjamiyati (―Umumiy bozor) nomi bilan atalgan. YEI to’g’risidagi shartnoma 1992-yil Maastrixt shahrida (Niderlandiya) Yevropa hamjamiyatiga a‘zo bo’lgan 12 davlat va hukumat boshliqlari imzo chekkan Yevropa mamlakatlarining siyosiy va valyuta – iqtisodiy ittifoqini vujudga keltirish to’g’risidagi bu shartnoma 1993-yil 1-noyabrdan kuchga kirgan. YEIning maqsadlari: Yevropa xalqlarining mustahkam ittifoqini vujudga keltirish, ichki chegaralari bo’lmagan makon yaratish, iqtisodiy va ijtimoiy o’zaro ta‘sirni kuchaytirish yo’li bilan muvofiqlashtirilgan uzoq muddatli iqtisodiy taraqqiyotga yordam berish; iqtisodiy va valyuta ittifoqini tashkil qilish va yagona valyuta yaratish (bu maqsadga 2002-yil yanvarda asosan erishildi); birgalikda tashqi siyosat olib borish va xavfsizlik borasida siyosat yuritish, kelgusida esa birgalikda mudofaa siyosatini ham olib borish yo’li bilan xalqaro sohada o’ziga xos bir xillikni qaror toptirish; adliya va ichki ishlar sohasida hamkorlikni rivojlantirish; umumiy boylikni saqlab qolish va ko’paytirish. YEI organlari: Yevropa mashvarati, Yevropa parlamenti, Yevropa Ittifoqi Kengashi, Yevropa komissiyasi, Yevropa sudi. Tashkilotga Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gretsiya, Daniya, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Portugaliya, Finlyandiya, Fransiya, Shvesiya, Polsha, Chexiya, Norvegiya, kabi davlatlar a‘zo. Qarorgohi Bryusel shahrida (Belgiya). O’zbekistonning jahon hamjamiyatiga integrasiyalashuvida YEI bilan hamkorlik alohida o’rin tutadi. Tashkilot TASIS dasturi doirasida O’zbekistonga texnikaviy yordam ko’rsatadi. 1999-yil 1-iyulda O’zbekiston bilan YEI o’rtasida Sheriklik va hamkorlik to’g’risidagi bitim ratifikatsiya qilindi. Bu bitim siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy, madaniy-ma‘rifiy aloqalar rivoji uchun imkoniyat tug’dirdi. Jumladan, tomonlar o’zaro savdoda bir-birlariga eng qulay sharoit yaratadilar, bir-birlariga tegishli tovarlarni o’z hududlari orqali erkin transit qilishni ta‘minlaydilar.