YEVROPA XAVFSIZLIK VA HAMKORLIK TASHKILOTI
YEVROPA XAVFSIZLIK VA HAMKORLIK TASHKILOTI (YEXHT) — davlatlar o’rtasida xavfsizlik va hamkorlikni ta’minlashga qaratilgan harakatlarni muvofiqlashtiruvchi va ularning rivojlanish tamoyillarini belgilab beruvchi, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni demokratlashtirishga ko’maklashuvchi xalqaro tashkilot. Dastlab umum Yevropa kengashi (AQSH va Kanada ishtirokida) sifatida faoliyat ko’rsatib Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo’yicha kengash nomi bilan atalgan (1973- 1991). 1973-yil 3–7-iyulda Xelsinki shahrida kengashning birinchi bosqich (Yevropadagi 33 davlat tashqi ishlar vazirlari ishtirokida), 1973-yil 18-sentabrdan 1975-yil 21- iyuligacha Jeneva shahrida ikkinchi bosqich (35 davlat vakillari ishtirokida) va 1975-yil 30-iyuldan – 1-avgustgacha Xelsinki shahrida uchinchi bosqich (35 mamlakat siyosiy va davlat rahbarlari ishtirokida) uchrashuvlari bo’lgan. Pirovardida yakunlovchi hujjat qabul qilinib, u Yevropada tinchlikni ta‘minlashning muhim omiliga aylangan. Kengashning Madrid konferensiyasi (1991-yil aprel)da YEXHT Parlament assambleyasini tashkil etishga qaror qilindi (1991-yil iyulda ta‘sis etilgan). Yevropada yuz bergan jarayonlar, ―sovuq urushning tugashi natijasida vujudga kelgan o’zgarishlar kengashning tashkilot sifatida to’liq shakllanishiga olib keldi. YEXHTga 54 davlat a‘zo (2002-yil yanvar). Tashkilotga a‘zo davlatlar rahbarlari ikki yilda bir marta oliy darajada uchrashuv o’tkazadilar. YEXHTning Istanbul shahrida bo’lgan sammitida (1999-yil 18-19 noyabr) Yevropada xavfsizlik va hamkorlikni mustahkamlashning XXI asr dagi yangi tamoyillari belgilandi. Tashkilotga a‘zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari har-yili uchrashib turadilar (Vazirlar kengashi). Tashkilotning yana bir organi – Boshqaruvchi kengash har yili 3 marta Praga shahrida yig’iladi, bir marta iqtisodiy forum o’tkazadi. Muntazam ishlovchi doimiy kengashning majlislari haftada bir marta bo’ladi. Xavfsizlik va ishonchni mustahkamlash, qurollanish ustidan nazorat masalalarini muhokama qiluvchi Xavfsizlik bo‗yicha hamkorlik forumi mavjud. Uning majlislari ham har haftada o’tadi. YEXHT qarorgohi Vena shahrida. O’zbekiston 1992-yil 30-yanvarda YEXHTga qabul qilindi. Bu bilan O’zbekistonning Yevropa davlatlari, shuningdek, AQSh, Kanada bilan har tomonlama hamkorlik qilishiga yangi yo’l ochildi. YEXHTning ko’plab tadbirlari orqali O’zbekiston rahbariyati xalqaro miqyosdagi tashabbuslarni, dunyoning dolzarb masalalariga munosabatini jahon hamjamiyati e‘tiboriga havola qiladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenta I.Karimov YEXHTning Lissabon sammitida (1996-yil dekabr) mojarolar yuz berib turgan hududlarga yashirincha qurol-yarog’ yetkazib berishni to’xtatish, Istanbul sammitida (1999-yil noyabr) terrorizmga qarshi kurash bo’yicha xalqaro markaz tuzish haqida taklif bilan chiqdi. O’zbekiston YEXHT rahnamoligidagi ko’plab anjumanlarga mezbonlik qilib keladi. Toshkentda YEXHTning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar bo’yicha byurosi ish olib boradi.