YOLG’ON XABAR BERISH

YOLG’ON XABAR BERISH –jinoyat to’g’risida bila turib, yolg’on xabar berish. Yolg’on xabar berish Odil sudlovni to’g’ri yuritishga putur etkazishi, tergov organlari yoki sud faoliyatini noto’g’ri yo’lga solib, ishning chigallashtirib yuborilishiga sabab bo’lishi mumkin. Jinoyat haqida bila turib Yolg’on xabar berishning o’zi bilan jinoyat tugallangan hisoblanadi va bunda biron-bir oqibatning kelib chiqqanligi va chiqmaganligi ahamiyatsizdir. O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksiga ko’ra, 16 yoshga to’lgan har qanday shaxs shu jinoyat sub’yekti bo’lishi mumkin. Yolg’on xabar bergan shaxs eng kam oylik ish haqining 25 baravaridan 50 baravarigacha mikdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha qamoq bilan jazolanadi. Yolg’on xabar berish sun’iy ayblov dalillarini vujudga keltirgan; g’arazgo’ylik niyatlarida qilingan; uyushgan guruh manfaatlarini ko’zlagan bo’lsa jazo kuchaytiriladi. Yolg’on xabar berish og’ir oqibatlarga sabab bo’lsa aybdorga nisbatan yanada og’irroq jazo qo’llaniladi.