YONILG’I NASOSI

YONILG’I NASOSI – ichki yonuv dvigatelining yonilg’i bilan ta’minlash tizimidagi qurilma. Dizel dvigatelidagi Yonilg’i nasosi korpus, kulachokli val, turtkich, plunjerlar jufti, haydash klapanlari joylashgan nasos kallagi, yonilg’i miqdorini rostlab turadigan mexanizmlardan iborat. Karbyuratorli ichki yonuv dvigatelida yonilg’i bakidan yonilg’ini karbyuratorning qalqovuchli kamerasiga zarur miqdorda uzluksiz oqim bilan uzatib turadi, dizellarda esa yonilg’ini aniq belgilangan vaqtlarda har qaysi forsunkata uzatadi va yonish kamerasiga purkash uchun yetarli bosim (12,5—17,5 MPa) hosil qiladi. Karbyuratorli ichki yonuv dvigatellarida diafragmali, dizellarda ko’p plunjerli va bir plunjerli Yonilg’i nasosi ishlatiladi. Dizellarda ishlatiladigan Yonilg’i nasosi yuqori va past bosimli xillarga bo’linadi. Yuqori bosimli Yonilg’i nasosi yonilg’ini forsunkaga, past bosimlisi esa nasosforsun kaga uzatish uchun xizmat qiladi. Yonilg’i miqdorini rostlash usuliga qarab, plunjer yo’li o’zgaruvchan; yonilg’i o’tishini rostlovchi ignali; buriluvchi plunjerli xillarga bo’linadi. Buriluvchi plunjerli Yonilg’i nasosi eng keng tarqalgan. Bunda yonilg’i miqdori richag va ekstsentrik yordamida klapanning ochilish paytini o’zgartirib rostlanadi. Dvigatelda nechta tsilindr bo’lsa, shuncha plunjer bo’ladi. Masalan, 2, 4, 6 plunjerli Yonilg’i nasosi bor.