YORIB O’TISH

YORIB O’TISH (harbiyda) hujum harakatlari usullaridan biri. Dushmanning jangovar texnikasi va askariy kuchlarini tormor qilgan holda uning avvaldan tayyorlab qo’yilgan yoki shoshilinch tashkil etilgan mudofaasini bosib o’tish. Yorib o’tish orqali ma’lum uchastkadagi dushman mudofaasi artilleriya o’qi, aviasiya zarbalari va boshqa vositasida yemirib tashlanadi va frontning ichkarisi tomon quruqlikdagi qo’shinlarni shiddatli hujumi uchun qulaylik yaratiladi. Ba’zan dushman mudofaa chizig’i ochiq qanotlar mavjud bo’lganda hujum operatsiyalari Yorib o’tishsiz hal qilinishi mumkin. Yorib o’tish hujum operatsiyalarida asosiy va hal qiluvchi bosqich hisoblanadi. Yorib o’tish usullari yangi qurol-yarog’larning paydo bo’lishi va armiyalarning qurollanganligiga qarab yangi jangovar imkoniyatlar bilan boyib boradi.