YORMATOV KOMIL

YORMATOV KOMIL (1904.2.5, Konibodom — 1978.17.11, Toshkent) — o’zbek kinorejissyor, tojik kinosining asoschisi. O’zbekiston xalq artisti (1955), Tojikistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1939), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1943). Birinchi filmi — «Muhojir» (1934) Tojikiston kinostudiyasida suratga olingan (o’zi stsenariy muallifi, rejissyor, bosh rol ijrochisi). «Faxriy huquq», «Uzoq chegarada», «Do’stlar qayta uchrashganda» filmlari ham «Tojikfilm»da ishlangan. Bu filmlarda uning o’ziga xos uslubi, keskin dramatizmga intilishi, murakkab dekoratsiyalardan foydalanishi ko’zga tashlanadi. 1941 yildan «O’zbekfilm»ning badiiy rahbari. Urush yillari «Vatan sovg’asi», «Front uchun kontsert» singari kontsertfilmlar, «Uyqusiz yillar» badiiy filmini yaratdi. «Alisher Navoiy» filmi (1947) rejissyorga katta shuhrat keltirdi. Bir qancha o’zbek filmlarida aktyor sifatida qatnashgan. Yormatovning har bir ijodiy bosqichi yangi-yangi bo’yoqlar bilan sayqallasha borib, yaratgan filmlari milliy kino oldida turgan aniq va muhim vazifalarni hal eta bordi. Zamonaviy mavzuda «Opa-singil Rahmonovalar», «Gullar ochilganda», tarixiy mavzuda «Abu Ali ibn Sino» kabi filmlari, «Paxtaoy» ertakfilmi kinofestivallarda I-darajali diplomlar bilan taqdirlangan. 60-yillarda Yormatov kinotrilogiya yaratib, o’zbek kino san’atini yangi bosqichga ko’tardi. Afsona xarakteridagi «Ikki dil dostoni» (1966; xalqaro kinofestivalning «Oltin Absora» mukofoti, 1968), o’zbek shoirasi hayotiga bag’ishlangan «Nodirabegim», «Uzoq-yaqin yillar» (kinofestivalning maxsus sovrini, Riga, 1978) kabi filmlari ham shuhrat qozondi. «Kinossenariylar» (M. Melkumov bilan hamkorlikda) to’plami, «Esdaliklar»i nashr etilgan. O’zbekiston kinematografchilar uyushmasining kotibi (1958— 78). «O’zbekfilm»ga Yormatov nomli berilgan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1967). Ad.: Aliyev M., Komil Yormatov, T., 1960; Teshabayev Djura, Kamil Yarmatov, M., 1964; Teshabayev Djura, Schaste mastera, T., 1975.