YORUG’LIK O’TKAZGICH
YORUG’LIK O’TKAZGICH yorug’lik energiyasini ma’lum masofaga yo’naltirib uzatuvchi qurilma. Metall bilan qoplangan, yaxshi silliqlangan, ichki sirti yorug’lik nurini juda yaxshi qaytara oladigan tsilindr yoki konus shaklidagi naylardan iborat; ular, asosan spektrning ko’zga ko’rinadigan va infraqizil qismini o’tkazadi. Optik tola (diametri 0,3 millimetrdan kichik Yorug’lik o’tkazgich) deb ataluvchi shaffof dielektriklardan yasalgan, sirtiga metall krplangan tolalar ham Yorug’lik o’tkazgich sifatida ishlatiladi. Tola o’zagi doira, olti yoqli ko’p burchak va kesik konus shaklida, qoplamasi esa o’zakka kiydirilgan nay ko’rinishida bo’ladi. Yorug’lik o’tkazgichlarda nurlarning isrof bo’lmasdan tarqalishi yorug’likning to’la ichki qaytishi hodisasiga asoslangan. Yorug’lik energiyasining deyarli yutilmay, to’la qaytishi uchun Yorug’lik o’tkazgichlarning o’zagi nur sindirish ko’rsatkichi katta, qoplamasi esa nur sindirish ko’rsatkichi kichik bo’lgan moddalardan yasaladi. Nurlarning tolada batamom qaytib tarqalishi uchun tola uzunligi nur to’lqin uzunligidan bir necha baravar katta bo’lishi kerak. Shunga ko’ra, tola qanday nurga ishlatilishiga qarab, uning diametri har xil bo’ladi: ko’zga ko’rinadigan nurlar (h=0,38—0,77 mkm) uchun tola diametri bir necha mikrometr, infraqizil nurlar (A.=0,77— 10 mkm) uchun bir necha o’n mikrometr, ultrabinafsha nurlar (A=0,38—0,2 mkm) uchun esa juda kichik bo’lishi kerak. Optik tolalar o’zaro parallel qilib zich yopishtiriladi. Yorug’lik o’tkazgichlar qattiq yoki egiluvchan, chilvirsimon, kogerent qilib yasaladi. Bunday Yorug’lik o’tkazgich (fiberskop) lardan tasvirlar, yorug’lik oqimi yoki boshqa ko’rinishdagi nurlarni egri chiziq bo’ylab uzatishda ishlatiladi. Fiberskoplardan periskop, endoskop, gastroskoplarda, atom reaktorlarning xavfli zonalarida, raketalarning soplosini kuzatish va boshqa maqsadlarda foydalaniladi. Ko’p tolali qattiq Yorug’lik o’tkazgich uncha murakkab bo’lmagan tasvirlarni uzatishda, ingichka naychalarning ichki devorini, odamning qorin, quloq, tomoq va boshqa organlarini ko’rishda yoki quloq, ko’z, tomoq va yurak operatsiyalarini bajarishda ishlatiladi. Tolali Yorug’lik o’tkazgichning boshi va oxiridagi tolalarni aniq bir tartibda joylashtirib, tasvirning shaklini o’zgartirish, ya’ni kadrni bitta satrga, uzun shaklni kvadratga, to’g’ri satrni halqaga aylantirish mumkin. Bunday Yorug’lik o’tkazgich. yordamida tasvirni o’zgartiruvchi kinokamera bilan kinokadrlarni bitta satrga tushirsa bo’ladi. Optik tola diametri 10 mkm ga teng bo’lganda 1 metr uzunlikdagi kinolentaga 100000 ta tasvir tushirish mumkin. Tolali Yorug’lik o’tkazgichdan qilingan igna ob’yektivli mikroskop operatsiyasiz tashhis qo’yishda, o’smalarning tuzilishini aniqlashda ishlatiladi. Tolalari chalkashtirilgan Yorug’lik o’tkazgichlar yordamida shifrlangan (maxfiy) tasvirni pochta yoki televideniye orqali uzatish mumkin. Tasvir qabul qilingan joyda xuddi shunday Yorug’lik o’tkazgich yordamida aniq va o’z holiga keltirib qabul qilinadi. Yorug’lik o’tkazgichlar texnikaning ko’p sohalarida, elektronoptika asbobsozligida keng ishlatiladi. Lampalardan foydalanish o’rinsiz bo’lgan joylar (masalan, porox zavodi tsexlari) odatda Yorug’lik o’tkazgichlar bilan jihozlanadi.