YORUG’LIK QABUL QILGICHLAR

YORUG’LIK QABUL QILGICHLAR elektromagnit to’lqinlarni, ya’ni optik nurlanishlar energiyasini boshqa turdagi energiyaga aylantiradigan, yorug’lik oqimini qayd qilish yoki o’lchashga imkon beradigan qurilma. Ularning xossalarini, turlarini ifodalaydigan muhim parametrlari bo’sag’a sezgirligi, o’zgartirish koeffisienti, spektral ko’rsatkichlari, vaqt doimiysi va boshqalar hisoblanadi. Yorug’lik qabul qilgichlar issiqlik, fotoelektr, fotokimyoviy va vizual xillarga bo’linadi. Radiometrlar, pnevmatik yoki optik akustik qabul qilgichlar, termoelementlar, termoustunlar, bolometrlar issiqlik Yorug’lik qabul qilgichlar hisoblanadi. Fotoelektr Yorug’lik qabul qilgichlar — tashqi va ichki fotoeffektga asoslangan, ularning ishi tushayotgan yorug’likning kvant energiyasi hv ga bog’liq (y — Plank doimiysi, v — yorug’lik chastotasi). Bunday Yorug’lik qabul qilgichlarga tashqi fotoeffektli fotoelementlar, berkituvchi katlamli fotoelementlar — ventil fotoelementlar, ichki fotoeffektli fotoqarshiliklar, fotodiodlar, fotoelektron kuchaytirgichlar va foton hisoblagichlar misol bo’ladi. Fotokimyoviy Yorug’lik qabul qilgichlar elektromagnit nur ta’sirida fotokimyoviy reaktsiyalar o’tishiga asoslangan. Bunga zamonaviy fotografiyada ishlatiladigan barcha turdagi fotoqatlamlar taalluqli. Vizual Yorug’lik qabul qilgichlar nurlarning fiziologik ta’siriga asoslanadi. Yorug’lik qabul qilgichlar texnikada, ilmiy tadqiqotlarda, kimyo sanoati va hokazolarda muhim.