«YOSH KUCH»

«YOSH KUCH» — o’smirlarning ijtimoiy, adabiybadiiy jurnali. Muassisi: O’zbekiston Respublikasi «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati. Toshkent shahrida oyda 1 marta chiqadi. Dastlab Samarqand shahrida bolalarga mo’ljallangan birinchi ijtimoiy-siyosiy va adabiy-badiiy jurnal sifatida tashkil etilgan (1929), so’ng jurnal tahririyati Toshkent shahriga ko’chirilgan (1934). Turkistonda yosh avlodni zamon talabiga mos etib tarbiyalash maqsadida maxsus bolalar nashrlari tashkil etishga bo’lgan sa’y-harakatlar 20 asrning 10 yillarida boshlangan. «Yosh kuch»ning tashkil etilishi ana shu sa’y-harakatlarning hosilasi edi. «Yosh kuch» ayniqsa bolalar va yoshlar nashrlarining tilini shakllantirishga muhim hissa qo’shgan. Jurnalning 1940— 41 yillardagi sonlarida ko’pgina adabiy asarlar, adabiy-tanqidiy maqolalar yoritilgan. Xususan, Navoiyning 500 yillik yubileyi munosabati bilan bir qator maqolalar, shoir adabiy merosidan namunalar berilgan. Nizomiy, Fuzuliy kabi ulkan adiblarning asarlari, sharqshunos olim E. E. Bertelsning bir necha ilmiy maqolalari, To’xtasin Jalolovning «Xamsa talqinlari» turkum maqolalari ilk bor «Yosh kuch» sahifalarida yoritilgan. 1941 yilda urush boshlanganligi munosabati bilan ko’pgina nashrlar qatori «Yosh kuch» faoliyati ham to’xtatilgan. 1986 yil iyul oyida «Yosh kuch» yana qayta tiklandi. Muharriri — Erkin Abdurahmonov (1996 yildan). Jurnalda turli davrlarda Qosim Boboyev (193435), Akmal Po’lat (193536), Jalil Qodiriy (1939-41), Xudoyberdi To’xtaboyev (1986-93), Xurshid Do’stmuhammad (1993-96) va boshqalar muharrirlik qilishgan. Adadi 25000 (2002). Abduvohid Hayitov.