YOSIN

YOSIN — Qur’on 36-surasining nomi. 83 oyatdan iborat. Makkada nozil bo’lgan. Arabcha «yo» va «sin» harflaridan olingan. Ayrim mualliflar bu harflar Arabcha «yo, inson» iborasining qisqartirilgan shakli deb hisoblaydilar. Bu surada Qur’onning muqaddas kitob sifatida Alloh tomonidan yuborilgani, unda musulmonlar uchun to’g’ri yo’l ko’rsatilgani, Muhammadning payg’ambarligi, uning pand-nasihatlariga amal qilgan dindorlar oxiratda Alloh huzuriga qaytib borishi kabi Islom dinining asosiy aqidaviy g’oyalari ifodalangan. Shuning uchun Yosin Qur’onning eng ko’p o’qiladigan suralaridan biri sanaladi [masalan, kasal odam boshida, janozada, ro’za tutganda o’qiladi]. Bu sura yozilgan qog’oz ba’zan tumor xizmatini bajaradi. Yosin surasi mazmuni Muhammad (as) ta’limotining mohiyatini tashkil etadi. Muhammad (as) bu surani Qur’onning «mag’zi» deb hisoblaganligi haqida rivoyat bor.