YOSIN TIZMASI
YOSIN TIZMASI — Qashqadaryo viloyatining janubi sharqidagi tizma. Ko’hitang tizmasining shimoliy g’arbiy chekkasida joylashgan. Eng baland joyi 1401 metr, tizma Janub g’arbga tomon (1100 metr) pasayib boradi. Uzunligi 18 kilometr. Yosin tizmasining janubi Sharqiy yon bagri juda tik. Suvayirg’ich qismi paleogenning qattiq ohaktoshlaridan (Buxoro yarusi), yon bag’irlari paleogen, bo’r va yura davrlarining sho’rtob gil, ohaktosh, karbonatli qumtosh, konglomeratlaridan tashkil topgan. Dag’al mexanik tarkibli to’q bo’z tuproqlarda efemeroidlar va shuvoq tarqalgan.