YO’TAL

YO’TAL — murakkab reflektor holat, ixtiyoriy yoki g’ayriixtiyoriy ravishda tez nafas chiqarish harakati; nafas a’zolarining himoyalanish-tozalanish reaktsiyalaridan biri. Yo’tal Markaziy nerv sistemasi (Yo’tal markazi uzunchoq miyada joylashgan) tomonidan idora etiladi. Nafas yo’llari va o’pka yallig’langanda, shuningdek, nafas yo’llariga chang, to’zon va bopshqa yot narsalar tushganida Yo’tal paydo bo’ladi. Ba’zan nafas yo’llari shilliq qavatining «qichishishi»dan yoki bezovtalanish va zo’riqishdan (asabiylashish tufayli) Yo’tal yuzaga keladi. Yo’tal vaqtida, avvalo chuqur nafas olinadi, so’ng nafas muskullari taranglashadi, hiqildoqdagi ovoz yorig’i esa berkiladi — ko’krak bo’shlig’ida yuqori bosim vujudga keladi. Shundan keyin toraygan ovoz yorig’i orqali kuchli havo oqimi yuqori bosim bilan ketma-ket tashqariga otilib chiqadi va, ayni vaqtda, u o’pkadan balg’am yoki yot zarralarni ilashtirib haydab keladi. Yo’tal uzun-qisqaligiga qarab xurujli (ko’kyo’talda), davriy (bronxitda), to’xtovsiz, qisqa (plevritda); tovushiga ko’ra — xirillagan (hiqildoq shikaet langanda va isteriya vaqtida), bo’g’iq (tovush boylamlarining yallig’lanishi va yaralanishida); balg’am hosil bo’lishiga qarab — ho’l (balg’am keladi) va quruq bo’ladi. Yo’tal tez va qattiq tutganda ko’krakni og’ritishi, bemorni halloslatishi va hatto uyqu bermasligi mumkin. Mudom va bot-bot Yo’tal tutishi o’pka emfizemasi, yurak-o’pka yetishmovchiligiga olib keladi. Yo’talni bartaraf etish uchun vrachga murojaat qilish lozim. Davolash. Asosan, Yo’talga sabab bo’lgan kasallik davolanadi, balg’am ko’chiradigan, yo’tal markaziga ta’sir etadigan dorilar beriladi. Quruq Yo’talda og’riqni va Yo’talni qoldiruvchi doridormonlar tavsiya etiladi. Vrach tavsiyasiga ko’ra, tomoqqa, ko’krak sohasiga gorchichnik qo’yiladi, issiq sutga asal qo’shib ichiriladi, dorili ingalyasiya qilinadi. Yo’tal ko’kyo’tal, gripp va b. infektsion kasalliklar belgisi bo’lishi mumkin, shu sababli, yo’talganda og’izga dastro’mol tutish zarur (uni tez-tez yuvib, dazmollab turish kerak).