YOZYOVON TUMANI

YOZYOVON TUMANI — Farg’ona viloyatidagi tuman. 1952 yil 16 aprelda tashkil etilgan (1959 yil 14 dekabrda Toshloq tumani bilan birlashtirilib Oxunboboyev nomi berilgan, 1962 yil 24 dekabrda Oxunboboyev tumaniga Marg’ilon tumani ham qo’shilgan. 1980 yil 27 dekabrda Yozyovon tumani qayta tuzildi). Yozyovon tumani viloyatning Toshloq, Oxunboboyev, Oltiariq, Buvayda tumanlari, Namangan viloyatining Pop tumani, Andijon viloyatining Ulug’nor, bo’z tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,41 ming kilometr kvadrat. Aholisi 71,6 ming kishi (2000). Yozyovon tumanida 1 shaharcha (Yozyovon), 10 qishloq fuqarolari yig’ini (Guliston, Yozyovon, Ishtirxon, Xonobod, Cho’liguliston, Yangibo’ston, Yangiobod, Qatortol, Qorasoqol, Qoratepa) bor. Markazi — Yozyovon shaharchasi. Tabiati. Yozyovon tumani Farg’ona vodiysining markazida, Yozyovon cho’lida joylashgan. Relefi asosan tekislik bo’lib, shimolga tomon qiya. Yer yuzasi gil, qumoq, qumloq va qumdan iborat. Shimoliy g’arbiy qismida barxanlar — do’ng qum, marza qum shakllari uchraydi. Qumli cho’lning bir qismini saqlab qolish maqsadida 1991 yilda «Yozyovon cho’li» tabiat yodgorligi (maydoni 1842 gektar) tashkil etilgan. Iqlimi keskin kontinental, yozi issiq, qishi sovuq. Yog’inning ko’p qismi bahor va qishda yog’adi. Iyulning o’rtacha temperaturasi 27°, yanvarniki — 2,2°. Vegetatsiya davri 218 kun. Yiliga 120-130 millimetr yog’in tushadi. Farg’ona (Xo’jand) darvozasi orqali vodiy ichkarisiga esuvchi kuchli «Qo’qon shamoli» ekinlarga kata zarar keltiradi. Qishda tez-tez tuman tushadi. Yozyovon tumani dan katta Andijon kanali va Yozyovon soyi oqib o’tadi. Suv inshootlari, artezian va drenaj quduqlari yordamida yer osti suvlaridan foydalaniladi. Tuproqlari asosan sug’oriladigan o’tloq, qisman qumli va qumli o’tloq tuproqlar hamda sho’rxoklardan iborat. Vohalarda madaniy ekinlar, mevali va manzarali daraxtlar, butalar, begona o’tlar, qumliklarda qora saksovul va oq saksovul, Qandim, cherkez, yulg’un o’sadi. Xilmaxil qushlar, turli kaltakesaqlar, tulki, bo’ri, chiyabo’ri yashaydi. «Qizil kitob»ga kiritilgan qizil astragal, Farg’ona chipor kaltakesagi, Shtraux qurbaqaboshi, echkemar uchraydi. Aholisi, asosan o’zbeklar, shuningdek, qirg’iz, tojik, rus, tatar, qoraqalpoq va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 kilometr kvadratga o’rtacha 174 kishi to’g’ri keladi (2000). Xo’jaligi. Yozyovon tumani asosan qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan bo’lib, yetakchi tarmog’i paxtachilikdir. Sug’oriladigan yerlar 18,5 ming gektar, shu jumladan 7,8 ming gektar paxta, 6,9 ming gektar donli ekinlar, 2 ming gektar dan ziyod yer yem-xashak ekinlari, 424 gektar sabzavot poliz ekinlari, 924 gektar meva va tokzorlar bilan band. Yozyovon tumani fermer va shaxsiy xo’jaliklarida 15,6 ming qoramol, 18,6 ming qo’y va echki, 270 dan ziyod yilqi, 10,5 ming parranda, 600 gektar yaqin asalari uyasi bor. Pillachilik rivojlangan. Yozyovon tumanida 2 g’isht zavodi, 5 qurilish-ta’mirlash ustaxonasi, avtokorxona, 910 kichik va xususiy korxonalar bor. Yozyovon tumanidan Farg’ona—Namangan, Qo’qon—Andijon avtomobil yo’llar  o’tgan. Yozyovon tumanidagi 33 umumiy ta’lim maktabi, 1 kollej, 2 litsey, sport maktabida 18,3 ming o’quvchi ta’lim olmoqda, 35 jamoat kutubxonasi, muzey, 10 dorixona, 801 o’rinli 8 kasalxona, 4 poliklinika, 23 tibbiy shoxobcha mavjud. Aholiga 230 savdo shoxobchasi xizmat ko’rsatmoqda. 1952 yildan «Markaziy Farg’ona» tuman gazetasi chiqadi (adadi 9000).