YURIDIK SHAXS
YURIDIK SHAXS — fuqarolik huquq va majburiyatlarining sub’yektlari hisoblanuvchi korxona, muassasa, tashkilotlar. O’zbekiston Respublikasi fuqarolik qonunchiligiga ko’ra, Yuridik shaxs o’z mulkida, xo’jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega bo’lgan hamda o’z majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, o’z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo’la oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda da’vogar va javobgar bo’la oladigan tashkilotdir. Yuridik shaxslar mustaqil balans yoki smetaga ega bo’lishlari kerak. O’zbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksida Yuridik shaxslarning quyidagi 2 turi farqlanadi: 1) tijoratchi tashkilotlar, ya’ni foyda olishni o’z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olgan tashkilotlar. Masalan, xususiy korxonalar, xo’jalik shirkatlari va jamiyatlari; 2) tijoratchi bo’lmagan tashkilotlar, ya’ni foyda olishni o’z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan tashkilotlar. Masalan, jamoat birlashmalari, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari. Yuridik shaxslar fuqaro (fuqarolar) tomonidan (masalan, xususiy korxona, mas’uliyati cheklangan jamiyat, notarial kontora kabi shakllarda), Yuridik shaxslarning o’zlari tomonidan (masalan, o’zga aktsiyadorlik jamiyatining aktsiyalarini sotib olishi yo’li bilan, Yuridik shaxslar birlashma yoki uyushma ittifoqlariga birlashishi orqali), davlat tomonidan (masalan, operativ boshqaruvga asoslangan ta’lim muassasasini tashkil qilish, davlat molmulki bo’lgan korxona ochiq aktsiyadorlik jamiyatiga aylantirilayotgan paytda aktsiyalarning bir qismi davlatning o’zida qolgan hollar) ta’sis etilishi mumkin. Ular, o’z navbatida, tashkil qilingan Yuridik shaxsning muassislari (ta’sischilari) hisoblanadilar. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasida Yuridik shaxsning ta’sischisi chet el fuqarosi, chet el kompaniyasi (Yuridik shaxsi) ham bo’lishi mumkin. Qoidaga ko’ra, ustav jamg’armasining miqdori ta’sis etilayotgan Yuridik shaxs davlat ro’yxatidan o’tkazilayotgan paytda 150000 AQSh dollaridan ortiq va ulushning kamida 30 foizini chet el investorining hissasi tashkil etsa, bunday Yuridik shaxs — qo’shma korxona, agar yuz foiz ulush chet ellik investorga tegishli bo’lsa, bunday Yuridik shaxs — xorijiy korxona hisoblanadi. Ayni vaqtda bunday mulkiy tsenzlar mahalliy Yuridik shaxslarga ham o’rnatilgan. Chunonchi, mas’uliyati cheklangan jamiyatning, xo’jalik shirkatining ustav fondi jamiyatni, shirkatni davlat ro’yxatidan o’tkazish paytidagi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan kam bo’lmasligi kerak. Ayni vaqtda Yuridik shaxslarning mulkiy mablag’lari sohasida ayrim cheklashlar ham mavjud. Masalan, Yuridik shaxsning bir turi bo’lgan siyosiy partiyalar xayriya yordamini faqat O’zbekiston Respublikasi Yuridik shaxslari va fuqarolaridan oladilar (O’zbekiston Respublikasining 2004 yil 30 apreldagi «siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to’g’risida»gi qonuni). O’zbekiston Respublikasining «tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to’g’risida»gi qonuni (2000 yil 25 may) ga ko’ra, Yuridik shaxslar qonun bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyat turi bilan shug’ullanishlari mumkin. Shuningdek, ayrim faoliyat turlari bilan faqat ruxsatnoma (litsenziya) orqali shug’ullanishga io’l quiiladi (O’zbekiston Respublikasining 2000 yil 25 maydagi «faoliyatning ayrim turlarini lisenziyalash to’g’risida»gi qonuni). O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001 yil 12 maydagi qarori bilan «amalga oshirilishi uchun lisenziya talab qilinadigan faoliyat turlarining ro’yxati» belgilangan. Ularga, jumladan, atom energetikasi ob’yektlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ta’mirlash, geodeziya va xaritagrafiya faoliyati, mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlash, noshirlik, tibbiy, nodavlat ta’lim muassasalari faoliyati kabilar kiradi. Ayni vaqtda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 57-moddasiga ko’ra, konstitutsiyaviy tuzumni zo’rlik bilan o’zgartirishni maqsad qilib qo’yuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitusiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ’ib qiluvchi, xalqning sog’ligi va ma’naviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek, harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi. Maxfiy jamiyatlar va uyushmalar tuzish ham taqiqlanadi. Yuridik shaxsning huquq layoqati u tuzilgan paytdan, ya’ni davlat ro’yxatidan o’tkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi va uning faoliyati tugashi (tugatilishi) bilan tugaydi. Yuridik shaxs ustav asosida yoki ta’sis shartnomasi va ustav asosida yoxud faqat ta’sis shartnomasi asosida ish olib boradi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda tijoratchi tashkilot bo’lmagan Yuridik shaxs shu turdagi tashkilotlar haqidagi Nizom asosida ish olib borishi mumkin. Yuridik shaxs qonunlarga va ta’sis hujjatlariga muvofiq ish olib boradigan o’z organlari orqali fuqarolik huquqlariga ega bo’ladi va zimmasiga fuqarolik burchlarini oladi. Yuridik shaxs organlarini tayinlash yoki saylash tartibi qonunlar va ta’sis hujjatlari bilan belgilanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda Yuridik shaxs o’z ishtirokchilari orqali fuqarolik huquqlariga ega bo’lishi va fuqarolik burchlarini o’z zimmasiga olishi mumkin. Yuridik shaxslarning faoliyati qayta tashkil etish (qo’shib yuborish, qo’shib olish, bo’lish, ajratib chiqarish, o’zgartirish) yoki tugatish (muassislarning qarori bilan, faoliyat ruxsatnomasiz olib borilganda, bankrot deb topilganda — sudning qarori bilan) orqali bekor bo’ladi. Mamlakatimizda Yuridik shaxslar faoliyatini bevosita tartibga soluvchi bir qancha qonun hujjatlari mavjud: «O’zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to’g’risida» (1991 yil 15 Fevral). «Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida» (1996 yil 26 aprel). «Notariat to’g’risida» (1996 yil 26 dekabr), «Advokatura to’g’risida» (1996 yil 27 dekabr), «Ommaviy axborot vositalari to’g’risida» (1997 yil 26 dekabr), «Qishloq xo’jaligi kooperativi (shirkat xo’jaligi) to’g’risida» (1998 yil 30 aprel), «Fermer xo’jaligi to’g’risida» (yangi tahrirda 2004 yil 26 avgust), «Dehqon xo’jaligi to’g’risida» (1998 yil 30 aprel), «Nodavlat notijorat tashkilotlari to’g’risida» (1999 yil 14 aprel), «Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun Yuridik shaxslarning javobgarligi to’g’risida» (2000 yil 15 dekabr), «Xo’jalik shirkatlari to’g’risida» (2001 yil 6 dekabr), «Mas’uliyati cheklangan hamda qo’shma mas’uliyatli jamiyatlar to’g’risida» (2001 yil 6 dekabr), «Xususiy korxona to’g’risida» (2003 yil 11 dekabr) gi va boshqalar qonunlar. Ad.: Zokirov I. B., O’zbekiston Respublikasining fuqarolik huquqi, T., 1996; Rahmonqulov X. R., O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining birinchi qismiga umumiy tavsif va sharhlar, T., 1997; Ro’zinazarov Sh.N., Bozor sharoitida qishloq xo’jaligi ishlab chiqarish tuzilmalarining fuqarolik huquqiy maqomi, T., 1997; Kashanina T.V., Korporativnoe pravo, M., 1999; Ayubov U., Fermer xo’jaliklarini tashkil etishni tartibga solish, T., 2002; G’ulomov S.S., Xalqarosavdo huquqi, T., 2002; tadbirkorlik huquqi, T., 2002; Yuldashev J. I., Aktsiyadorlik jamiyatlari — fuqarolik huquqining sub’yekti, T., 2004. Mirodil Baratov.