Sohibqiron Amir Temur Kuragon

Amir Temur solnomasi

Temur va temuriylar saltanati

Buyuk Amir Temur saltanati va uning taqdiri

Turg’un Fayziyev. Temuriylar shajarasi

Saroy Mulk Xonim (Bibixonim)

Amir Temurning harami

Amir Temurning farzandlari

Muhammad Jahongir Mirzo

Umar Shayx Mirzo Bahodir

Sulton Husayn Mirzo Boyqaro

Mironshoh Mirzo

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo

Shohruh Mirzo

Sohibqiron Amir Temur Kuragon

Amir Temur 1336 yil, 8 aprelda (736 yil 25 Sha’bon) Kesh (Shahrisabz) viloyatining Xo’ja Ilg’or qishlog’ida dunyoga kelgan. Uning otasi amir Muhammad Tarag’ay barlos qabilasiga mansub beklardan bo’lgan. “Mujmali Fasihiy” nomli asar muallifining bergan ma’lumotiga qaraganda, amir Tara’ayning nasl-nasabi jahongir Chingizxonga borib taqaladi. Mazkur asar muallifi Fasih al-Xavofiy amir Tarag’ayning shajarasini quyidagicha bayon qiladi: amir Tarag’ay ibn Barkal ibn Ilangiz Ijik ibn Qorachor no’yon ibn Suku Sijon ibn Irumchi ibn Qochuli no’yon ibn Tuminaxon ibn Boysung’ur ibn Qayduxon ibn Dutam Mengi Buqoy ibn Buzanjir ibn Alon Quva. “Jangnomayi Amir Kuragon”da yozilishicha, onasi Buxoro fuzalolarining eng ulug’i – sadr ul-shar’ia (shariat qonunlarini sharhlovchi)ning qizi – Takina Moh begim bo’lgan.

Amir Muhammad Tarag’ay avvalo komil musulmon va bahodir jangchi bo’lgan. Shuningdek, ulamoyu fuzaloga ixlosmand, ilm ahliga homiy va ishtiyoqmand kishi edi. Amir Tarag’ay bahodir zamonasining mulkdor kishilaridan bo’lib, Chig’atoy ulusiga mansub hukmdorlar bilan yaqin munosabatda edi. U Shahrisabz (Kesh)ning ma’lum qismida hokimlik qildi. Temur keyinchalik o’z otasining mol-mulki haqida quyidagilarni bitgan: “Men 21 yoshga to’lgan edim. Shu yil otamning dehqonchiligi yaxshi bo’ldi. Qoramol va yilqilar ham ko’p bolaladilar. Men har bir o’n qulga bir boshliq tayinladim, har bir yigirma otni bir uyum qildim. Har bir o’n uyurni bir qulga topshirdim, har bir o’n tuyani va har bir ming qo’yni boqish uchun bir qul tayinladim. O’zimga tegishli mulkni idora qilishni esa maxsus ishonchli qulimga topshirdim”. Amir Temurning yuqoridagi so’zlaridan ma’lum bo’ladiki, Tarag’ay bahodir zamonasining davlatmand kishilaridan bo’lgan.

Amir Temurning tug’ilishi hamda go’daklik davri haqida aniq va muayyan ma’lumot kam uchraydi. Hozirgi kungacha yetib kelgan ma’lumotlar esa, nihoyatda chalkash va ishonchli manbalardan ajrab qolgan. Masalan, Amir Temurning tug’ilishidan to vafotigacha bo’lgan davr hamda sohibqironning barcha faoliyatini o’z qamrovida mujassamlashtirgan. “Temurnoma” nomli asarida Amir Temur shaxsi o’ta ilohiylashtirilib, o’quvchida shubhaga moyillik tug’diradi. Shuning uchun Amir Temurning o’zi haqida aytgan so’zlariga suyanmoq har tomonlama ishonchliroq tuyuladi.

Amir Muhammad Tarag’ay bahodir o’z zamonasining an’analariga ko’ra, o’g’liga ot minish, ov qilish, xat-savod chiqarish ham Islom ahkomlarini o’rgatuvchi murabbiylar tayinladi. Shuning natijasi o’laroq, yosh Temurni yetti yoshidayoq madrasaga o’qishga beradilar. U madrasaga kelganda alifbodan mukammal xabardor bo’lgan, o’z ona tili – turk tilidan tashqari fors tilini ham mukammal egallagan edi. Ammo ko’pchilik rus va Yevropa olimlari Amir Temurning savodsiz deb yozib kelganlar va bu aqida ko’pchilikning nazarida “haqiqat”dek o’rnashib qolgan. Ammo keyingi tekshirishlar shuni aniqladiki, Amir Temur o’z zamonasining o’qimishli va uquvli hukmdorlaridan bo’lgan ekan. Darhaqiqat, Amir Temur mamlakatni rivojlantirishda ilmu fanning ahamiyati beqiyos ekanligini yaxshi tushungan hukmdor bo’lib, olimu ulamolarga ehtirom bilan qaragan. Zero o’zi ham tibbiyot, matematika, falakiyot, me’morchilik va tarix ilmidan tuzukkina xabardor bo’lgan. Amir Temur bilan yuzma-yuz o’tirib suhbatlashish sharafiga muyassar bo’lgan buyuk arab faylasufi Ibn Xaldunning ta’kidlashicha, jahongir, turk, arab, fors xalqlari tarixini chuqur o’rgangan, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarning eng murakkab jihatlarigacha yaxshi o’zlashtira olgan zot ekan.

Shuningdek, Sharafuddin Ali Yazdiyning ta’kidlashicha, Amir Temurning bosh devonida “Manzumayi turk” nomli asar tuzilgan bo’lib, mazkur asarning yozilish jarayonida uning har bir parchasini shaxsan Amir Temurning o’zi necha martalab o’qib chiqqan, ba’zi joylarni tuzatib tahrir qilgan, qo’shimcha dalillar zarur bo’lib qolganda esa, voqea sodir bo’lgan joylarga maxsus odamlar yuborib aniqlattirgan hamda voqealarning to’g’ri, davomiy tartibda va tarixiy haqiqatga mos ravishda yoritilishini talab qilgan. Ana shunday shaxsni savodsiz deb bo’ladimi?

Amir Temur 12 yoshidan boshlab bolalarga xos bo’lgan ermak o’yinlaridan voz kechib, endilikda o’z tengqurlari bilan sipohiylikka oid o’yinlar bilan shug’ullandi. Rivoyat qilishlaricha, Eron shahanshohlaridan – ahmoniylar sulolasiga asos solgan Kayxusrav bolalik chog’laridagi o’yinlarda o’zini shoh va tengqurlarini turli mansablariga tayanib, saltanat ishlarini mashq qilgan ekan.

Temur 16-18 yoshida qilichbozlik, nayzabozlik va shikor (ov) qilish san’atini mohirona egallaydi va 20 yoshida esa abjir chavandoz bo’lib yetishadi. Endi u o’z tengqurlarini guruhlarga bo’lib, jang mashqlarini o’tkaza boshlaydi. Darvoqe, Temurdan qariyb 280 yil keyin dunyoga kelgan rus podshosi Pyotr Birinchi, shuningdek, Temurdan qariyb 400 yil keyin olamga kelgan bo’lajak mashhur sarkarda Suvorov ham ana shunday mashqlar bilan shug’ullanishgan edi.

Amir Temur siyosat maydonida kirib kelgan paytda, Movarounnahr mo’g’ullar istibdodi ostida ingramoqda edi. Darhaqiqat, Chingizxon va Botuxon bosib o’tgan yerlarni kuli ko’kka sovrilgan, shahar va qishloqlar vayronaga aylangan, suv inshootlari buzib tashlangan yoki ishga yaroqsiz holga keltirilgan edi. Chingizxon Movarounnahrni o’zining ikkinchi o’g’li Chig’atoyxonga suyurg’ol sifatida in’om qilgan edi. Chig’atoy ulusiga mansub bo’lgan mo’g’ul xonlari Movarounnahrda bir yarim asr mobaynida hukmronlik qildilar. Ular mamlakatni obodonlashtirish, suv inshootlari qurish va mehnatkash xalq ahvolini yaxshilashga aslo qiziqmadilar. Aksincha, mamlakat moddiy boyligini talash, qashshoq xalq ommasini yanada ezib, turli-tuman soliq va o’lponlar yig’ish bilan shug’ullandilar. Mo’g’ul xonlari avvalgi paytlarda bir-birlari bilan totuvlikda hukmronlik qilgan bo’lsalarda, keyinchalik XIV asrning ikkinchi choragiga kelib, ularning oralarida nizolar chiqib, o’zaro qonli urushlarning ko’payishiga olib keldi. Tabiiyki, tinimsiz davom etgan bunday qirg’inbarot urushlar qashshoqlashgan xalq ommasini holdan toydirgan edi. Xullas, Amir Temur siyosat maydoniga kirib kelgan paytidagi Movarounnahr bilan Xurosonning ahvoli ana shunday edi.

Amir Temur balog’atga yetgach, vatanni mo’g’ul istibdodidan xalos qilish yo’llarini qidira boshlaydi. Dastlab u, o’z tengqurlarini atrofiga yig’ib, manfur hukmronlikka qarshi isyon ko’tarish payiga tushadi. Ammo kutilmaganda onasi Tekina begimning vafoti tufayli isyon qoldiriladi yoxud ma’lum muddatga kechiktiriladi. Bu haqda aniq ma’lumot uchramaydi. Lekin taqdir taqozosi bilan shu kezlarda navqiron Temur otasi Muhammad Tarag’ay Bahodir bilan birga Movarounnahr hukmdori amir Qozog’onning qabulida bo’ladi. Har holda amir Qozog’on Temurning kayfiyatini sezibmi yoki uning bahodirligini nazarda tutibmi, unga iltifotlar ko’rsatib, hatto o’z nabirasi O’ljaoyni (amir Husaynning singlisi) uning ahdiga kiritadi. Amir Qozog’onning bundan kuzatgan maqsadi isyonkor Temurni o’z tarafiga og’dirish edi. Darhaqiqat, natija amir Qozog’on kutgandek bo’lib chiqdi. Keyinchalik Temur amir Qozog’on haqida gapirganda shunday derdi: “Amir Qozog’on unchalik qudratga molik hukmdor emasdi. Undan hokimiyatni osongina tortib olishim mumkin edi. Lekin menga ko’rsatgan lutfu ehtiromiga xiyonat qilish – ko’rnamaklik bo’lur edi”. Temur asta-sekin amir Qozog’onning ishonchiga kirib, unign eng yaqin kishilari qatoriga kiradi. O’z mavqeidan ustalik bilan foydalangan Temur amir Qozog’onga qarshi qaratilgan suiqasddan fosh etib, yanada yuksak ishonchga sazovar bo’ladi. Amir Qozog’on Temurga Shibirg’on viloyatini, keyinchalik esa Xorazm hokimligini in’om qiladi.

Amir Qozog’on o’sha zamon hukmdorlariga nisbatan soddaroq va siyosat bobida o’z burni tagidan narini payqamaydigan hukmdor edi. Ana shu tufayli ham o’ziga eng yaqin bo’lgan maslakdoshi va qudasi (o’g’li Abdulloning qayinotasi) amir Husrav Bayonqulini ranjitib, qattol dushmanga aylantirib qo’yadi. Amir Temur hukmdrlar orasida uzluksiz ravishda davom etayotgan siyosiy mojarolardan mohirona foydalanib amir Qozog’ondan Movarounnahr amirligiga tavsiyanoma oladi. Darhaqiqat, amir Xusrav Bayonquli tez kunda Tug’luq Temurxon bilan bamaslahat amir Qozog’onga qarshi suiqasd uyushtiradi. 1357 yilda navbatdagi o’zaro janglardan birida Mo’g’uliston xoni Qutlug’ Temur Buldoy o’z qaynotasi amir Qozog’onni halokatga yetkazadi. Movarounnahr taxtiga esa amir Qozog’onning o’g’li Abdulloni o’tqazadilar. Abdullo hokimiyatga kelgach, saroyda fisqu fujur ko’payadi. Fasih Xavofiyning yozishicha, Abdullo Bayonqulixonni o’z xotinlaridan biri bilan bo’lgan ishqiy mojaro tufayli qatl etdiradi. U Buxoroda Shayx Sayfuddin al-Boxarzi qabristoni yaqiniga dafn qilinadi.

1358 yilda Bayon Sulduz va amir Hoji Barlos birgalashib Abdullo ibn Qozog’onga qarshi urush ochadilar. Jangda Abdullo ibn Qozog’on yengilib, taxtni tashlab Andarobga qochadi va o’sha yerda vafot etadi. Amir Abdullo ibn Qozog’on qochib ketgach, Bayon Sulduz va Hoji Barlos Movarounnahrning bir qismini qo’lga kiritib, uni o’zaro taqsim qiladilar. Xususan, Hoji Barlosga Kesh viloyati tegadi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, 1358 yilda Kesh viloyati hokimligining Hoji Barlos qo’liga o’tishi – hokimiyati qariyb bir yarim asrdan so’ng mo’g’ul bosqinchilari qo’lida mahalliy aholi qo’liga o’tishining debochasi edi.

Ammo Mo’g’uliston hukmdori Tug’luq Temurxonga Movarounnahrdagi so’nggi voqealar, ya’ni mahalliy aholining hokimiyatga intilib, joylarda vujudga kelayotgan xalq harakatlari tinchlik bermay qo’ygandi. Tug’luq Temurxon Chig’atoy naslidan Duvaxonning nabirasi bo’lib, Movarounnahr – Chig’atoy ulusini o’z tasarrufiga kiritishni rejalashtirgan edi. Ayni paytda Movarounnahrda kechayotgan siyosiy ahvol, uning o’z rejalarini amalga oshirishi uchun turtki bo’ladi. U 1359 yilda katta qo’shin bila Movarounnahrga bosib kiradi. Kesh viloyatining hukmdori Hoji Barlos o’z yaqinlari bilan Xurosonga qochadi. Tabiiyki, o’z amakisi Hoji Barlos bilan birga 24 yoshli Amir Temur ham safar taraddudida edi. Ammo juvonmardlik ruhida tarbiyalangan Temurda oriyat, hamiyat kuchli bo’lib, vatani, xalqi boshiga og’ir kunlar soya solib kelayotgan bir paytda yurtni dushman irodasiga tashlab, o’zi chetda tomoshabin bo’lib turolmasdi. Binobarin, u qat’iy fikrga kelib, amakisi Hoji Barlosga, “Siz boravering, qiyin kunda men el ichida bo’lishim kerak”, deb, amakisini Xurosonga kuzatib, o’zi Keshga qaytib keladi.

Bu haqda “Temur tuzuklari”da mazkur voqea quyidagicha tasvirlangan. “… Tug’luq Temurxon Movarounnahr mamlakatini olish maqsadida qo’shin tortib, Xo’jand suvidan kechib o’tgach, menga amir Hoji Barlosga va amir Boyazid Jaloyir nomiga yorliq jo’natib, uning huzuriga kelishimizni talab qilgandi. Ular men bilan kengashdilar. O’z uluslari bilan Xurosonga ketish yoki Tug’luq Temurxon oldiga borish haqida mashalat so’radilar. Men ularga shunday yo’l ko’rsatdim: Tug’luq Temurxonning huzuriga borsangiz ikki foyda, bir ziyoni border, Xuroson tomonga o’tib ketishning (esa) ikki ziyoni, bir foydasi bordi, dedim. Ular mening kengashimga kirmay (el-yurti bilan ko’chib) Xuroson tomonga ketdilar. Men ham Xurosonga yoki bo’lmasa Tug’luq Temurxonning oldiga borish-bormasligimni bilmay ikkilanib qoldim. Shu hol asnosida pirimdan maslahat so’rab xat yozgan edim, ushbu mazmunda javob yozib yubordilar: “To’rtinchi xalifa hazrati Ali ibn Abu Tolibdan, unga tangrining karamu marhamati bo’lsin,, bir kishi so’rabdiki, osmonlar – kamon, yer kamon ipi, hodisalar (va ofatu kulfatlar esa) – o’q bo’lsa, insonlar ul o’q-yoylarga nishon bo’lsa, otg’uvchi – xudoyi taollo bo’lsa, uning qudrati yana ham ulug’ bo’lsin, odamlar qayerga ham qochadilar? Xalifa javob qilib, odamlar tangrining qoshiga qochsinlar, – debdilar. Shunga o’xshash sen ham hozir Tug’luq Temurxonning oldiga qochgil va qo’lidagi o’q-yoyini tortib olgil”. Bu javob kelishi bilan ko’nglim ko’tarilib, yuragim bundan quvvat oldi va Tug’luq Temurxon qoshiga borishga ahd qildim”.

Haqiqatan ham Amir Temur yo hayot yo mamot iborasini diliga jo qilib, o’limni bo’yniga olgan holda Tug’luq Temurxon dargohiga boradi. Tole yor bo’lib, Amir Temurning o’z xohishi bilan kelganini ko’rgan Tug’luq Temurxon, unga iltifotlar ko’rsatadi. Ammo Tug’luq Temurxon amirlari o’rtasida hamjihatlik yetishmas edi. Bu illat ayniqsa Movarounnahr yurishida yaqqol namoyon bo’ladi. Bu haqda Temur o’zining “Tuzuklar”ida shunday yozadi: “Yana shu vaqtda Tug’luq Temurxonning Dashti qipchoqdagi amirlari ham isyon tug’ini ko’targani haqida xabar olindi. Bundan xon tashvishga tushdi, mendan maslahat so’radi va Jete (Mo’g’uliston) taragiga qarab yuzlandi. Movarounnahrni (esa) mena qoldirdi va bu xususda yorlig’ va ahdnoma yozib berdi, Amir Qorachor no’yonning Movarounnahrdagi tumonini ham menga topshirdi”. Darhaqiqat, amir Abdullo ibn Qozog’ondan keyingi davr – Movarounnahrda Amir Temur saltanatining boshlanish davri bo’ldi.

Amir Qozog’on vafotidan so’ng Movarounnahrda qudratli hukmdor qolmagandi. Mamlakatda tarqoqlik holati hukmron edi. Chunonchi, Kesh viloyatida Hoji Barlos, Xo’jand viloyatida Boyazid Jaloyir, Shibirg’onda Muhammad Xo’ja Opardiy, Balx viloyatida amir Husayn ibn Musallab, Badaxshonda mahalliy shohlar va Xuttalonda esa amir Kayxusrav hukmronlik qilardilar. Nizomiddin Shomiyning ta’kidlashicha, mazkur hukmdorlar orasida hamjihatlik yo’q edi. Aksincha ular bir-birlariga o’ta kibr-havo bilan qarar va natijada turli-tuman kelishmovchiliklar, isyon, g’alayon va qirg’inlar kelib chiqishiga sabab bo’lardilar.

Ammo 1361 yilda Tug’luq Temurxon Movarounnahrga ikkinchi marta qo’shin tortib keladi. “Temur tuzuklari”da Amir Temurning o’z iqroricha, “hijriy 762 (milodiy 1360-61) yili Tug’luq Temurxon ikkinchi marta Movarounnahrga qo’shin tortib kelib, meni o’z huzuriga chorlab noma jo’natdi. Men (rozi bo’lib) uning istiqboliga chiqib, u bilan ko’rishdim. U oramizdagi ahdni buzib, Movarounnahrni o’g’li Ilyosxo’jaga topshirdi, meni esa sipohsolar qilib belgiladi. Bu ishga ortiqcha ro’yxushlik bildirmayotganimni ko’rib, mening bobom Qochuvli bahodir va o’zining bobosi Qobulxonlarning ahdnomasini ko’rsatdi. Po’lat taxtaga imzolangan ahdnomada “xonlik Qobulon avlodining qo’lida, sipohsolarlik esa Qochuvli bahodirxon bolalarida bo’lsin, ular bir-bilari bilan yovlashmasin”, degan so’zlar bitilgan ekan. Buni o’qib ko’rgach, ulug’lar ahdiga vafo qilish yuzasidan sipohsolarlikni qabul qildim”, deydi. Bundan ma’lum bo’ladiki, ana shu ahdnomaga amal qilgan Amir Temur, umrining oxirigacha o’zi barpo qilgan ulkan davlatga o’zini xon deb e’lon qilishga jur’at qilolmadi. Balki xon lavozimini nomigagina joriy qilib, mo’g’ul xonlari avlodidan birini xon tayinlab, saltanat ishlarini mustaqil ravishda o’zi boshqaradi.

Fasih Xavofiyning yozishicha, Movarounnahrda osoyishtalik barqaror bo’lgach, Xurosonga qochib ketgan amir Hoji Barlos yana Keshga qaytib keladi. Bir yil davomida Keshni boshqarib turgan Amir Temur Kesh hokimligini amakisi amir Hoji Barlosga topshirib, o’ziga yaqin kishilarini olib Balx hukmroni qaynog’asi amir Husayn ibn Musallob ibn Qozog’on huzuriga ketadi. Amir Husayn Chig’atoy ulusining sobiq amiri Qozog’onning nabirasi bo’lgani tufayli o’zini Movarounnahr taxtiga shar’an da’vogar deb bilardi. Amir Temur Movarounnahrni mo’g’ul hukmronligidan ozod qilishda amir Husayn bilan ittifoq tuzib, birgalikda harakat qilishni rejalashtiradi. U amir Husaynning Movarounnahr taxtiga bo’lgan da’vosidan mohirlik bilan foydalanadi. Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, Amir Temur va amir Husayn Movarounnahr hukmdori mo’g’ul Ilyosxo’jaga qarshi bir necha marta jang qiladilar. Bu ikki amirning o’zaro ittifoqi Movarounnahr tarixida umidli imkoniyatlarni vujudga keltirardi. Ammo amir Husaynning ochko’zlik va Amir Temurga nisbatan g’arazgo’yligi ko’zlangan maqsadni amalga oshishiga halaqit berardi. 1362 yili Amir Temur va amir Husayn Mohon (Marv) qishlog’ida Alibek nomli Turkman qo’lida 62 kun asirlikda yotadilar. Asirlikdan qochib Seistonga ketadilar. Ana shu paytda Seiston uchun bo’lgan jangda Amir Temur o’ng qo’li va o’ng oyog’idan og’ir yarador bo’ladi. Keyinchalik o’ng qo’li deyarli quruqshab qoladi va o’ng oyog’i oqsab qoladi. Tarixiy manbalarda turkchada “Oqsoq Temur”, forschada “Temurlang” va Ovrupada “Tamerlan” nomini olganligi shundandir.

Mo’g’uliston xoni Tug’luq Temurxon vafotidan so’ng uning o’g’li Ilyosxo’ja Movarounnahrdan quvib chiqariladi. Biroq, Ilyosxo’ja Movarounnahrdek boy o’lkadan umidini uzaolmaydi va 1365 yili Mo’g’ulistondan katta qo’shin to’plab, Movarounnahrga bostirib keladi. Amir Temur va amir Husayn o’z qo’shinlari bilan Ilyosxo’ja qo’shiniga qarshi kurashadilar. Mazkur jang hozirgi Chinoz bilan Toshkent oralig’ida bo’lib, tarixga mashhur “Loy jangi” bo’lib kirgandir. Bu jang paytida qattiq jala yog’ib, yer sirg’anchiq va yopishqoq loy bo’lib otliq uchun ham, piyodalar uchun ham yurish mushkullashadi. Ko’pgina otliq va piyoda jangchilar loyga botib, hatto Amir Temur ham oti bilan yiqilib tushgan, degan rivoyatlar ham bor. Buning ustiga Amir Temur qo’shini dushman ustidan g’alabaga erishib turgan pallada amir Husayn qat’iyatsizlik qilib, jang maydonini tashlab ketadi. Natijada dushman jangda g’olib kelib, har ikki amir Samarqandga, keyinchalik Balxga qarab qochadilar.

Ilyosxo’ja qo’shinining Samarqandga yaqinlashayotganini eshitgan shahar xalqi masjidi jom’yega yig’ilib, yovga qarshi kurashishga da’vat qiladilar. Yig’ilishni Samarqand sarbadorlarining rahnamolaridan biri Mavlonzoda boshqaradi. Xalq shahar ko’chalarini berkitib, dushman yo’liga pistirmalar qo’yib, jang taraddudiga tushadi. Mo’g’ul qo’shini shaharni osongina qo’lga kiritishga ishongan edi. Ammo shahar ostonasida talofat ko’rib, parokandalikka yuz tutadi. Shahar xalqi sarbadorlar yetakchiligida dushman ustidan porloq g’alabaga erishadilar. Ilyosxo’ja Movarounnahrni tashlab chiqib ketishga majbur bo’ladi.

Ilyosxo’janing Samarqand sarbadorlaridan yengilib orqaga chekinganligi haqidagi xabar atrofga tarqaganda Amir Temur Qarshida, amir Husayn Amudaryo qirg’og’ida qishlamoqda edilar. 1366 yili bahorda Amir Temur va amir Husayn yana birgalashib, Samarqand shahrrining Koni-gil mavzesiga kelib tushadilar va u yerdan sarbadorlarning qo’lga kiritgan g’alabalarini tabriklab, ularning rahnamolarini o’z lashkargohlariga taklif qiladilar. Sarbadorlarning boshliqlari amirlarning “beg’araz” taklifiga ishonib, lashkargohga keladilar. Biroq amir Husayn sarbadorlarni tutdirib qatlga buyuradi. Faqat Mavlonzodagina Amir Temurning qilgan jonbozligi natijasida qatldan omon qoladi. Shundan ma’lum bo’ladiki, harholda sarbadorlar haqida Amir Temur bilan Husaynning fikrlari boshqa-boshqa bo’lgan. Sarbadorlar harakati qonga belangach, har ikki amir Samarqandni o’z tasarrufiga kiritadilar.

Lekin shu voqeadan so’ng Amir Temur bilan amir Husayn o’rtasida o’nglanmas nizo vujudga keladi.

Shunisi diqqatga sazovorki, ayrim tarixiy ma’lumotlarda sarbadorlar harakatining ayrim boshliqlari bilan Amir Temur orasida oldindan munosabatlar bo’lganligi haqida rivoyatlar uchraydi. Bunday aqidalar mashhur sharqshunos Yu.A.Yakubovskiy asarlarida ham yozilgan. Biroq sarbadorlarning rahnamolari bilan Amir Temur o’rtasidagi mazkur aloqa qanday aniqlanmagan. Yetuk alloma Ibrohim Mo’minov yozadi: “Bizning fikrimizcha, mo’g’ul zulmi asoratiga qarshi olib borilgan harakatlar sarbadorlarning ayrim rahbarlarini, birinchi navbatda, ularning ilhomchisi va ideologi Mavlonzoda va Temurni bir-birlariga yaqinlashtirgan, ko’makdosh etgan; xuddi shu sababdan sarbadorlar boshliqlari Temur faoliyatining asosan birinchi davrida yuqoridagi maqsadni amalga oshirish uchun Temurni qo’llab-quvvatlaganlar, unga yordam berganlar”. Bu fikrning to’g’riligiga yana bir dalil shuki, Amir Temur bilan Husayn o’rtasida vujudga kelgan dushmanlik ana shu sarbadorlarni qirg’in qilishdan so’ng avjiga chiqadi.

Sarbadorlar voqeasidan so’ng Husayn Amir Temurga nisbatan zimdan dushmanlik xatti-harakatlarini boshlaydi. Amir Husaynning qaltis niyatini tushungan Amir Temur undan ilgariroq jang taraddudiga kirishadi. 1370 yili Amir Temur o’zining yaxshi qurollangan qo’shini bilan Balxni qamal qiladi. Bir necha kun davom etgan jang-jadaldan so’ng shaharga yorib kirib, shahar qo’rg’onini ham qo’lga oladi. Amir Husayn asirga olinadi. Amir Temur o’z ittifoqchisi xuttalonli Kayxusravga amir Husaynni topshiradi.

Sharafuddin Ali Yazdiyning xabariga qaraganda, 1360 yilda amir Husayn xuttalonli Kayxusravning akasi Kayqubodni qatl qildirgan. 1361 yili mo’g’ullarga qarhi jang paytida Kayxusrav xon tomoniga o’tib, xonning xolavachchasi Tuman Qutluqqa uylanib kuyov bo’ladi. 1366 yilda Kayxusrav Toshkentga kelganida Amir Temur Husayn bilan yovlashib yurgan edi. Amir Temur Kayxusrav bilan yaqinlashadi va uning Tuman-Qutluq nomli xotinidan tug’ilgan qizi Rokiya Xonog’oni o’z o’g’li Jahongir Mirzoga unashtiradi. 1369 yilda esa Amir Temur Husaynning sodiq kishisi sifatida qo’zg’olon ko’targan Kayxusravni tinchitib, uni Oloyga qochishga ko’ndiradi. 1370 yili Kayxusrav Husaynga qarshi bosh ko’targan Amir Temurga kelib qo’shiladi. Amir Husayn asirga olingach, Amir Temurning ijozati bilan akasi Kayqubodning qasosini olishga muvaffaq bo’ladi. Amir Husayn Kayxusrav qo’lida qatl etiladi.

Amir Husayn qatlidan so’ng Amir Temur Movarounnahr taxtining haqiqiy sohibi bo’ldi. Biroq mamlakatda ahvol og’ir edi. Movarounnahr hududi hali mo’g’ul istilochilaridan batamom xalos bo’lmagan, qashshoqlikka mahkum etilgan mehnatkash xalq og’ir kunlarni boshdan kechirmoqda edi. Amir Temur taxtga o’tirgach, birinchi harakatni mamlakatni mo’g’ul istilochilaridan ozod qilib, mustaqil markazlashgan davlatni barpo qilishga qaratdi. Saltanatni boshqarishda yangi va mukammal tartib-qoidalar joriy qildi. Movarounnahrda Kepakxon (1318-1326 yil) tomonidan joriy qilingan ma’muriy tumanlarni saqlab qolib, mazkur tumanlarga yangi mingboshi va tumanboshilar tayinlaydi.

1370 yildayoq Amir Temur Samarqand shahar devorini qurdirishga kirishadi. Shuningdek, qo’rg’on va saroylar bino qildiradi. Bu qurilishlar – mo’g’ullar istilosidan 150 yil keyingi birinchi qurilishlar edi.

Akademik Ibrohim Mo’minov ta’riflagandek, Amir Temur hayoti va faoliyati ikki davr yaqqol ko’zga tashlanadi.

Birinchi davr 1360-1386 yillarni o’z ichiga oladi. Temur bu davrda Movarounnahrda mo’g’ul xonligidan mustaqil, kuchli markazlashgan davlat tuzish yo’lida kurashdi, Movarounnahrni birlashtirishdan manfaatdor bo’lgan turk va tojik zodagonlari – oq suyaklari kabi sotsial kuchlar bilan birgalikda o’rta asr o’zboshimcha feodallariga, markazlashish va birlashishga zid harakatlarga, mamlakatni parchalangan holatda saqlashga intiluvchilarga, o’zaro urushlarga undovchilarga qarshi kurash olib bordi.

Amir Temur Amudaryo va Sirdaryo oralig’idagi yerlarni, shuningdek Farg’ona va Toshkent viloyatlarini osonlik bilan o’z hukmiga kiritdi. Ammo Xorazm masalasi ancha mushkul edi. Mo’g’ullar davrida Xorazm ikki qismga bo’lingandi; Shimoliy Xorazm Urganch shahri bilan Oltin O’rda tarkibiga, Janubiy Xorazm Qiyot shahri bilan birga Chig’atoy ulusi tarkibiga kirardi. Oltin O’rda xoni Berdibekning vafotidan (1359) so’ng, turli g’alayonlar boshlanib, Oltin O’rda o’zi bilan ovora bo’lib turgn bir paytda, Qo’ng’irot qabilasidan So’fi sulolasi maydonga chiqadi. Sulolaning ulugi Husayn So’fi Shimoliy va Janubiy Xorazmni birlashtirib, Qiyot va Xiva shaharlarini bosib oladi. Chig’atoy ulusining barcha yerlariga o’zini voris deb hisoblagan Amir Temur Husayn So’fining bunday o’zboshimcha siyosatini qonundan tashqari deb biladi va 1372 yilda bosib olgan yerlarni qaytarib berishni talab qilib, elchi yuboradi. Tabiiyki, Husayn So’fi bu talabnomani bajarishdan bosh tortadi. Shunda Amir Temur darhol o’z askari bilan Husayn So’fi ustiga yuradi. Hali jang boshlanmasdanoq yo’l ustida joylashgan QIyot shahrini Temur askarlari ishg’ol qiladilar. Qiyot qo’ldan ketgacha Husayn So’fi tushkunlikka uchrab, Temurning barcha talablarini so’zsiz bajarishga rozi bo’ladi. Ammo Amir Temurning lashkar boshilaridan xuttalonli Kayxusrav Amir Temurning kuchayib ketishini istamas va unga nisbatan zimdan ko’ngilda adovat saqlardi. Binobarin, Kayxusrav Husayn So’fi bilan maxfiy muzokara yuritib, uni Temurga taslim bo’lmaslikka ko’ndirgach, bu xususda o’zining ham yordam berajagini bildiradi. Kayxusrav so’ziga ishongan Husayn So’fi Temurga qarshi jang boshlaydi. Biroq birinchi zarbadayoq chilparchin bo’ladi. Husayn So’fi Temurdan qochib, Urganch qal’asiga berkinadi va ko’p o’tmay o’sha yerda vafot etadi. Uning o’rniga ukasi Yusuf So’fi (1373-1380) taxtga o’tiradi. Amir Temur Yusuf So’figa sulh taklif qiladi. Sulhning shartlaridan bittasi Husayn So’fining qizi Sevin beka (O’zbekxonning nabirasi)ni o’zining to’ng’ich o’g’li Jahongir Mirzoga xotinlikka olib berish edi. Yusuf So’fi rozi bo’ladi. Kayxusravning sotqinligi oshkor bo’lib, o’limga mahkum qilinadi. Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida hamda Abdurazzoq Samarqandiyning bergan ma’lumotiga qaraganda, Amir Temur tomonidan tayinlangan xon-mo’g’ul Suyurg’otmishxonning farmoniga ko’ra, Kayxusravni Samarqandga keltirib, bir vaqtlar u qatl qilgan amir Husaynning navkarlari qo’liga topshirdilar. Bu tadbir qudratli hukmdorning isyonkor sarkardaga qarshi birinchi qo’llagan jazosi edi.

Amir Temur sulh tuzib qaytib ketgach, Yusuf So’fi sulh shartnomalarini bajarish o’rniga, 1373 yilda Qiyotni qaytadan o’z tasarrufiga kiritadi. Bu xabarni eshitgan Amir Temur yana Xorazmga yurish qiladi. Biroq ish jangu jadalga borib yetmaydi. Yusuf So’fi darhol Amir Temurga bo’ysunib, barcha shartlarni bajarishga va’da beradi. Natijada janubiy Xorazm Amir Temur saltanatiga qo’shib olinadi. Ammo g’alaba uzoqqa bormaydi. 1375 yili Amir Temur Oq O’rda xoni O’rusxon bilan jang qilayotganidan foydalangan Yusuf So’fi janubiy Xorazmni qaytadan bosib oladi. Ikki orada davom etgan to’qnashuvlar 1379 yilgacha davom etadi. Nihoyat Amir Temur Urganchni uch oy qamalda tutgach, shaharni o’z tasarrufiga kiritadi va janubiy Xorazm butunlay qo’shib olinadi. Ammo 1388 yilda Oltin O’rda xoni To’xtamishxonning qutqusi bilan Xorazmda yana isyon boshlanadi. Zotan, 1372 yildan to 1388 yilgacha Amir Temur Xorazmga besh marta yurish qiladi. Nihoyat, eng so’nggisi 1388 yilgi isyondan bag’oyat g’azablangan sohibqiron Urgancha shahrini yer bilan yakson qilish va o’rniga arpa ekishga farmon beradi. Natijada shahar vayro qilinib, aholisi Samarqandga ko’chirib yuboriladi va shaharning ma’lum bir qismini shudgorlab, arpa ekiladi. Amir Temur shaharni 1391 yildagina qayta tiklashga ruxsat etiladi.

Sohibqiron Temur Movarounnahr tuprog’ini bosqinchi mo’g’ul g’allalaridan tozalab, bir butun qudratli markazlashgan hokimiyat barpo etishga muvaffaq bo’ladi. Ana shundan so’ng 1386 yildan to umrining so’nggi kunlarigacha qo’shni mamlakatlarga qarshi “bosqinchilik” urushini olib bordi. Mazkur davr mobaynida sohibqironning uchta asosiy huruji – uch yillik, besh yillik va yetti yillik yurishlaridan iboratdir.

Sohibqiron Temur 1370 yildan 1402 yilgacha Xuroson, Eron, Iroq, Ozarbayjon, Gurjiston, Armaniston, Hindiston, Oltin O’rda va Turkiya bilan jang qilib, Karl Marks ta’biri bilan aytganda, saltanat hududini sharqda Xitoy devoriga qadar, shimolda – Moskvaga, g’arbda –O’rta yer dengiziga, janubda esa Misr chegaralariga qadar kengaytirdi. Buning uchun 18 marta jang qilishga to’g’ri kelgan, deyilgan. Biroq Fasih Xavofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida voqiiy yillar majmuasi (xronologiya) asosida hisoblab chiqilsa, Amir Temurning 1370 yildan to umrining oxirigacha 30 martadan ko’proq harbiy yurish qilganligi ma’lum bo’ladi.

Amir Temurning “bosqinchilik” yurishlari haqida gapirganda shuni esdan chiqarmaslik lozimki, qaysi davrda qaysi hukmdor jangu jadalsiz saltanat boshqargan? Tarixda qaysi jang talafotsiz, qurbonsiz yoxud qirg’insiz tugagan? Shuningdek, qaysi xalq o’z vataniga chetdan bostirib kirgan fotihni quloch yozib kutib olgan, yoxud uning qilmishlarini o’z solnomasiga ezgu fazilat deb qayd qilgan? Tarixdan ma’lumki, har qanday xalq o’z tuprog’iga bostirib kirgan fotihni u adolatlimi, adolatsizmi – bosqinchi deb qaragan va dushmanlik kayfiyatida bo’lgan.

Tabiiyki, Amir Temurning ham harbiy yurishlari bosqinchilik yurishlar deb talqin qilingan. Shular asosida tarixiy va ilmiy asarlar yaratilib, ayrim shaxslar tarafidan Temur shaxsiga noloyiq iboralar ishlatilib, bo’hton va nafratdan iborat qissalar, kitoblar bitildi. Holbuki, Amir Temur ham o’sha davr hukmdorlariga o’xshash feudal hukmdor edi. U Movarounnahr markazlashgan davlat barpo etish uchun kurashdi. Amir Temurdan qariyb 200 yil keyin Rossiya hukmdori Ryurixlar sulolasiga mansub bo’lgan Ivan IV (dahshatli Ivan) bobosi Ivan III ning boshlagan ishini davom etdirib, bir necha mayda rus knyazliklarini birlashtirib, markazlashgan yagona rus davlatini barpo etishga muvaffaq bo’ldi. Shu bilan cheklanib qolmay, necha asrlardan buyon mustaqil yashab kelayotgan Qozon xonligi (1552), Astraxon xonligi (1556) va G’arbiy hamda Sharqiy Sibir xonliklarini ham qilich kuchi bilan o’z tasarrufiga kiritdi. Ivan IV ning qilgan qonxo’rligi va jabr-zulmining cheki yo’q. Yoki Romanovlar sulolasiga mansub bo’lgan Rossiya podshosi Ulug’ Pyotrni olaylik. Rossiyaning istiqboli uchun Shvetsiya bilan 21 yil (1700-1721), Janubda Turkiya bilan 6 yil jang qildi. Tuyaga minginu – uzoqni ko’zla, deganlaridek, Pyotr ham kelajakda Hindistonga kirib borish maqsadida O’rta Osiyodagi feudal xonliklarni Rossiya tasarrufiga kiritishdek bosqinchilik rejalarini tuzdi. Rossiya imperiyasi mazkur reja asosida XIX asrning 60-yillarida O’rta Osiyo xonliklarini birin-ketin bosib oldi. Agar tarixiy manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga ishonilsa, u holda Chor Rossiyasining birgina O’rta Osiyodagi qirg’inlarining salmog’i Amir Temurning barcha qirg’inlaridan ko’plik qiladi. Shunga qaramay, rus xalqi o’z vatanining ravnaqi yo’lida nohaq qon to’kishga jazm qilgan hukmdorlarining nomlarini hurmat bilan tilga olib iftixor bilan alqaydilar.

To’g’ri, Amir Temur olib borgan jangu jadallar natijasida minglab begunoh odamlarning qoni to’kilgan. Ammo insoniyat tarixida bo’lib o’tgan urushlar sababi, tub mohiyatini ilmiy asosda tahlil qilinsa, barcha chigalliklar birin-ketin yechila boradi. Binobarin, sohibqiron Temur yashagan davr, tarixiy sharoit o’ziga xosligi bilan ajralib turadi. U davrda shunday vaziyat ustivor ediki, yo sen dushmaningni mag’lub etib, saltanatning qudratini oshirasan, yoki g’animlaring seni majaqlab, davlatingni bosib oladilar. Tabiiyki, Amir Temur ham o’sha davr farzandi, o’shanday ijtimoiy hayot vakili, aniqrog’i o’sha zamon hukmdorlaridan biri edi.

Amir Temur XIV asrning 80-nchi yillaridan boshlab o’zining jahongirlik yurishlarini boshlaydi. Biroq uning barcha harbiy yurishlariga turtki bo’larlik biron-bir sabab mavjud bo’lgan. Mashhur venger sayyohi German Vamberi o’zining “Buxoro yoki Movarounnahr tarixi” nomli asarida Amir Temurga baho berarkan, “U Bursa kutubxonasidagi kitoblarni yuk tashiydigan hayvonlarga ortib, Samarqandga ko’chirtirgan. Endi shu kishini vahshiy, marhamatsiz deb atash mumkinmi? Binobarin, Temurni Chingiz ila bir safga qo’yib, uni vaxshiy, zolim, qaroqchi deb atagan kishilarning fikrlari ikki martaba xatodir. U avvalo Osiyo sarkardasi edi. O’zining g’olib askarlari va qurollaridan o’z zamonasining taomilicha foydalangan. Uning dushmanlari tarafidan aybga sanalgan ishlari va urushlarini sinchiklab qaralsa, doimo biror jinoyatga jazo tarzida yuz bergan. To’g’ri, jazo qattiq, lekin doimo haqqoniyatli bo’lgan. Isfaxonda, Sherozda ul xiyonat ila maqtul bo’lg’on askarlari uchun intiqom (qasos) olg’on. Dimishq aholisi esa Maoviyaning qadimgi muxlislari bo’lib, Husayn (Ali ibn Abu Tolibning o’g’li Imom Husayn) oilasining shahodati uchun hech shubhasiz jazo ko’rurga tegishli edilar. Aning fojiali xotimasi Temurning g’azabini keltirgan edi. Shunga o’xshash voqealar naqadar bo’lsa yoki dushman qalami ila mubolag’ali tasvir etilgan. Yoxud bizga mastur (ma’lum) bo’lmagan sabablar ila vujudga kelganlardir” – deb yozadi.

Zotan Amir Temurning To’xtamishxonga qarshi yurishi (1395) ana shunday jazo berish tariqasida kechgan edi. 1376 yili Oq O’rdaning hukmdori O’rusxon yurishda Mang’ishloq (Mingqishloq) hokimi To’yxo’ja o’g’lon qatnashmaydi. Bundan g’azablangan O’rusxon To’yxo’ja O’g’lonni qatl qildiradi. To’yxo’ja O’g’lonning o’g’li To’xtamishxon Temur huzuriga qochib keladi va xizmatini taklif qiladi. Temur u masalaning mohiyatini atroflicha o’rganib, Oq O’rdada o’z odami bo’lishini nazarda tutib, To’xtamishxonga O’rusxonga qarshi katta qo’shinn hamroh qilib, Oq O’rda taxtini qo’lga kiritishni ta’kidlab jo’natadi. Ammo To’xtamishxon yengilib qaytadi. 1376 yil qish faslida Amir Temurning shaxsan o’zi Oq O’rdaga qarshi jangga otlanadi. Biroq sovuqning zabtiga olishi tufayli jang harakatlari to’xtatiladi. Faqat 1379 yildagina Amir Temur O’rusxonni yengib, Oq O’rda taxtiga To’xtamishxonni o’tqazadi va O’rusxonni qatl qildirib o’zi Samarqandga qaytadi.

Ammo To’xtamishxon Oq O’rda xoni bo’lib olgach, Amir Temurning umidlarini puchga chiqardi. To’xtamishxon dastlabki yillarida Temur tomonidan berilgan har qanday yordamni bajonidil qabul qilar va chetdan qaraganda o’z homiysiga minnatdor va sodiqdek ko’rinardi. Amalda esa siyosiy nayrangboz sifatida ish ko’rardi. Oradan biroz vaqt o’tgach, mustaqil siyosat yurgazib, hatto valine’mati Temurning manfaatlariga zid keladigan harakatlarni ham boshlab yubordi. Ayniqsa, 1381 yilda Oltin O’rda hukmdori Mamayni yengib, Jo’ji ulusida hokimiyatni qo’lga kiritgandan so’ng, Oltin O’rdaning qudratini oshirish va uning ulug’ davlatchilik siyosatini qayta tiklash uchun harakat qiladi.

1387 yilda To’xtamish Movarounnahrga talonchilik niyatida bostirib kirgandan so’ng, Temurda ham unga qarshi jang qilish majburiyati vujudga keladi. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, To’xtamish 1388 yil oxirida katta qo’shin to’plab, turk-mo’g’ul qo’shinlaridan tashqari, rus, bulg’or, cherkas, alan, moksha, boshqird va qrim xalqlaridan olingan askarlardan maxsus otryadlar tuzgan. To’xtamish qishda jangga otlanib, qo’shinining bir qismini Temur saltanatining chegara shahari bo’lmish Savronni qamal qilish uchun yuborib, ikkinchi qismini esa, Aris daryosining Sirdaryoga kelib quyiladigan joyi yaqinidagi Zernuq qal’asiga jo’natgan. Temur Sirdaryo yaqinida To’xtmish qo’shining oldingi qismlari bilan to’qnashib, ularni tor-mor qilib, qolganlarini daryoning narigi tomoniga qochishga majbur qilgan. 1389 yil bahorida Temur Oq O’rdaga qo’shin tortadi va To’xtamish qo’shini bilan shu yerda uchrashmoqchi bo’ladi. Biroq, To’xtamish Savron qamalini tashlab, qo’shinini dashtlikning ichkarisiga olib kirib ketadi.

Amir Temur To’xtamish bilan bo’lajak jang hozirligini ko’rib bo’lgach, 1390-1391 yilning qish faslida harbiy yurishni boshlagan edi. U Samarqanddan chiqib, Toshkent tomon yo’l olarkan, qishni butun askari bilan Chinozz yonida o’tkazadi. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, Amir Temur jang oldidan Shayx Maslahaddin maqbarasini ziyorat qilish uchun Toshkentdan Xo’jandga borib, maqbarani tavof qiladi, 10000 kebek dinor nazr-niyozini bergach, Toshkentga qaytib keladi. Amir Temur Toshkentda betoblanib, 40 kun yotib qoldi. 1391 yil yanvarining ikkinchi yarmida birmuncha sog’ayib, jang taraddudiga tushdi. Nizomiddin Shomiyning aytishicha, u barcha yaqin kishilari, qo’shin amirlariga katta sovg’alar ulashgan. Shundan so’ng Cho’lpon Mulk Og’odan boshqa barcha xotinlari va malikalarni Samarqandga jo’natdi-da, 1391 yil 22 yanvarda Toshkentdan chiqib, O’tror tomonga yo’l oladi. Sharafuddin Ali Yazdiy esa bu safarni 1391 yil 19 yanvar deb ko’rsatadi. Amir Temur O’tror yaqinidagi Qora Saman mavzeiga yetganda, uning huzuriga To’xtamishxonning elchilari kelgan.

Amir Temur To’xtamishxon elchilarni yaxshi kutib olishni buyuradi. Qabul marosimida elchilar Amir Temurga ko’plab hadyalar, shu jumladan bir lochin va 9 yo’rg’a ot tortiq qilganlar. Amir Temur qabul rasm-rusmlarni buzmaslik uchun lochinni olib qo’liga qo’ndirganu lekin lochinga hatto qaramagan ham. Bu bilan mazkur sovg’alar uni mutlaqo qiziqtirmasligini namoyish etadi. Elchilar mulozimat bilan tiz cho’kib, To’xtamishxonning maktubini Amir Temurga topshiradilar. Maktubda To’xtamishxon Amir Temur tomonidan o’ziga ko’rsatilgan yaxshiliklari va qilgan margamatlarini unutmaganligini, Temurga nisbatan yomon niyat bilan be’mani harakatlar qilgani uchun kechirishini so’ragan. Shuningdek, noma oxirida To’xtamishxonning bundan buyon sodiq kishi sifatida qolib, Temurning barcha buyruqlarini so’zsiz bajarishga jazm qilgani haqidagi va’dalari bilan yakunlangan. Bu maktubdan ma’lum bo’lishicha, ayni paytda katta jang qilish To’xtamishxon uchun negadir noqulay ekanligini Temur juda yaxshi anglar edi. Temur To’xtamishxonga qaytargan javob xatida, uni yaramas ishlar qilganini yuziga solib, qattiq koyiydi va To’xtamishxonning Oq O’rda, keyinroq esa Oltin O’rda taxtini egallash uchun olib borgan kurashlarida unga qanday yordamlar ko’rsatganini eslatib o’tadi. Shuningdek, To’xtamishxon qudratli xon bo’lib olgandan so’ng, Temurning orqasiga xanjar urgani, ya’ni Temur Fors va Iroq jangida band bo’lgan vaqtida To’xtamishxon Movarounnahr ustiga qo’shin tortib kelganligi ustida to’xtaladi. Binobarin, To’xtamishxonning va’dalariga butunlay ishonmasligini hamda yarashish haqidagi taklifni qabul etolmasligini bildirib, javob xatini tugatadi.

Darhaqiqat, Amir Temur To’xtamishxonning nayrangini yaxshi tushunib yetgani sababli, jang taraddudini to’xtatmaydi hamda 1391 yil 22 aprelda 200 minglik qo’shin bilan To’xtamishxonga qarshi harbiy yurishni boshlaydi. Amir Temur o’z qo’shini bilan hozirgi Kuybishev viloyatidagi Cheremshan daryosining irmog’i Kundurcha daryosidagi Kundurcha yoki Qunduzcha degan joyda To’xtamishxon qo’shinlari bilan to’qnashadi. Jangda To’xtamishxon batamom tor-mor qilinadi. Sharafuddin Ali Yazdiyning iborasi bilan aytganda, “To’xtamishxonning old tomonida Itil daryosi, orqa tomonida esa halokatli qilich turar edi”.

To’xtamishxonning 1391 yilgi mag’lubiyati qanchalik og’ir bo’lmasin, u hali batamom yanchilmagan edi. Arab mualliflari al-Maqriziy, al-Asadiy va al-Ayniylarning hikoya qilishlaricha, 1394 va 1395 yillar davomida To’xtamishxon Misr sultoni al-Malik az-Zohir Berpuk bilan yaqinlashish yo’lini qidirgan va uni ikki tomon uchun bir xilda xavfli bo’lgan Temurga qarshi kurashda yordam berishga undagan. Shuningdek, 1393 yildayoq To’xtamishxon Litva ulug’ knyazi Vitovt bilan yaqinlashib, uning ukasi polyak qiroli Yagello bilan bitim imzolagan.

1394 yilda Amir Temur Shekida (hozirgi Ozarbayjonda) turgan paytida, To’xtamishxonning qo’shini Darbanddan o’tib, Shirvonning shahar va qishloqlarini talay boshlaydi. Amir Temur To’xtamishxon bilan to’qnashishi muqarar ekanligini va uni kechiktirishdan foyda yo’qligini bilib, harbiy yurishga tayyorlanish haqida o’z qo’shinlariga buyruq bergan hamda elchilik qonun-qoidalarini yaxshi bilgan aqlli va tajribali Shamsiddin Olmaliqni To’xtamishxon huzuriga elchi qilib jo’natadi. Elchi To’xtamishxon huzuriga borib, Temurning maktubini unga topshiradi. Nizomiddin Shomiyning yozishicha, To’xtamishxon o’zining javob maktubida uzr so’rab, yarashishga tayyor ekanligini bildiradi. Sharafuddin Ali Yazdiyning xabariga ko’ra, To’xtamishxon Temur bilan yarashmoqchi bo’ladi-yu, biroq o’z amirlarining qutqusi bilan fikri o’zgarib, qo’pol iboralar bilan yozilgn maktubni elchi qo’liga topshiradi. Ana shundan so’ng har ikki tomonda urush harakatlari boshlanib ketadi.

1395 yilning 15 aprelida Terek daryosi vodiysida Amir Temur qo’shini bilan To’xtamishxon qo’shini o’rtasida hal qiluvchi hayot-mamot janggi boshlanadi. Bu jang faqat To’xtamishxonning taqdirini hal qilib qo’yaqolmay, balki butun Oltin O’rda taqdirini ham hal qildi.

To’xtamishxonning qo’shini shiddatli hujumlarga bardosh berolmay, qocha boshlaydi. To’xtamishxonning so’l qanoti sindirilib, qo’shinlari parokandalikka uchrab, natijada bu jang – To’xtamishxonning qochishi bilan tugallanadi. Amir Temur To’xtamishxonning qarorgohini bosganda, juda katta boylik va xazinani qo’lga kiritadi. To’xtamishxonni tutib asirga olish va qolgan qo’shini yanchib tashlash uchun orqasidan saralangan qo’shin bilan kechayu kunduz quvib borib: Itil daryosining so’l qirg’og’iga o’tadi, ammo To’xtamishxonni qo’lga tushiraolmaydi. Endilikda Amir Temur To’xtamishxonni siyosat taxtasidan butunlay surib tashlashga jazm qilib, Oltin O’rdaning Dnepr tomonidagi g’arbiy uluslariga borishga qaror qiladi. Nizomiddin Shomiy va Sharafuddin Ali Yazdiylarning ma’lumotiga qaraganda, Amir Temur To’xtamishxonni quvib borarkan, yo’lida uchragan shahar va qishloqlarni talon-taroj qiladi. Amir Temur jumladan Moskvaga ham bosib kirgan deb yozadi Sharafuddin Ali Yazdiy. Ammo bir qator rus tarixchilari Amir Temurni Moskvaga bosib kirganini inkor qiladilar. Misol uchun “Kulikovskaya bitva” nomli kitobda, muallif “Temur Moskvani olmagan. U faqat Yeletsgacha borib qaytgan. Moskvaga borishga buyuk knyazdan qo’rqqan shekilli” degan kulgili fikrni yozadi. Shuningdek “Oltin O’rda va uning qulashi” nomli asarining mualliflari ham shu haqda so’z yuritib, “Musulmon xalqlar yashaydigan O’rta Osiyo va old Osiyoning jug’rofiyasi va tarixini yaxshi bilgan Temurning Rus yurti to’g’risida, rus knyazliklari va Moskva to’g’risida hatto juda elementar ma’lumoti ham yo’q edi”, deb yozganlar.

Avvalo shuni ta’kidlash lozimki, Amir Temur ham taridan yaxshigina xabardor shaxs bo’lgan. Chingizxon va Botuxonning Rus tuprog’iga bostirib kirish tarixidan Amir Temur bexabar deb kim ayta oladi? Yoki Oltin O’rda davlatining barpo etilishi hamda uning qo’l ostidagi qaram xalqlar tarixini bilmasligi mumkinkidi? Holbuki, Amir Temur Movarounnahr taxtiga o’tirgan kundan boshlab Oltin O’rdani o’z saltanatining eng asosiy xavfli dushmani deb bilgan, binobarin o’ta ehtiyotkorlik bilan murosayu madoro uslubida siyosat yuritgan. Demak, Amir Temur Oltin O’rdaning ichki va tashqi siyosatidan doim xabardor bo’lib turgan. Shuningdek, qariyb 170 yil davomida mo’g’ul istibdodi asoratida yashab kelayotgan rus knyazliklarining tarixidan ham qisman xabardor bo’lganligini mantiqiy dalillarning o’zi aytib turibdi.

Amir Temur To’xtamishxonni ta’qib etish bilan barobar, uning moddiy, madaniy va harbiy tayanchlarini yo’q qilishga harakat qildi. Binobarin, Oltin O’rdaning qon tomiri bo’lmish yirik savdo va madaniy markazlaridan biri Hoji Tarxon (Astraxon)ni o’z askarlariga o’n kun davomida talatib, so’ngra shaharga o’t qo’yishni buyurgan. Ana shunday qismat Oltin O’rdaning sobiq poytaxti Saroy (Saroy Botu) hamda yangi poytaxt Saroy Berka boshiga ham tushdi. Shuningdek, Amir Temur Oltin O’rdaning eng boy o’lkalari – Qrim, Shimoliy Kavkaz va Quyi Povoljyening iqtisodiy qudratini batamom puturdan ketkazdi. Bu bilan Oltin O’rdaning poydevoriga rahna solib, uni sekin asta yemirilib, barbod bo’lishiga mahkum etdi.

Amir Temurning 1395 yilda To’xtamishxon ustidan qozongan g’alabasi tarixan juda muhim ahamiyatga ega edi. Zero, Amir Temur tomonidan To’xtamishxonga berilgan so’nggi zarbadan so’ng Oltin O’rda qayta o’ziga kelolmadi va ikkinchi darajali davlatga aylanib qoldi. Uning qo’l ostida qariyb 170 yildan buyon asoratda yotgan xalqlar, jumladan rus xalqi uchun ham istiqbol yo’llari ochildi. Bu haqda A.Yu.Yakubovskiy shunday yozadi: “1395 yilda Temurning To’xtamish ustidan qozongan g’alabasi, Astraxan va ayniqsa Oltin O’rda poytaxti Saroy Berkaning xarob qilinishi va yondirib yuborilishi faqat O’rta Osiyo va o’sha vaqtdagi janubi-sharqiy Yevropa uchungina emas, balki Rus uchun juda katta ahamiyatga ega bo’ldi. Ryazan yerini talon-taroj qilib vayron etgan oqsoq Temur, garchi yovuz qilmishlari bilan rus xalqi xotirasida yomon nom qoldirgan bo’lsa-da, ammo To’xtamishni yengish bilan rus yeriga ob’yektiv suratda katta xizmat ko’rsatgan, lekin shunday bo’lib chiqishini uning o’zi mutlaqo payqamagan”.

1402 yilda Amir Temur Turkiya hukmdori Boyazid Yildirim (Yashin) bilan jang qiladi. Aslida Boyazidning jizzakiligidan kelib chiqqan bu to’qnashuv, Anqara shahri yaqinida Boyazidning ikki yuz minglik qo’shinini o’rab olib, tor-mor qilinishi va asirga olinishi bilan yakunlanadi.

Amir Temur o’zining “Tuzuklari”da Boyazid Yildirim bilan bo’lgan jangning kelib chiqish sabablari va tafsilotini quyidagicha izohlaydi: “Mening shon-shavkat va qudratim ovozasi Rum qaysarining qulog’iga yetdi. U o’ziga qarashli Sivos hamda Malatiya qal’alari va ularga tobe’ yerlarni zabt etganim, qal’alar ichidagi askarlarining barchasini tarqatib, tevarak atrofga sochib tashlaganim haqidagi xabarni eshitgach, tomirlaridagi g’ayrat harakatga keldi va askarim zarbasidan qochib, qaysar qoshida panoh topgan Qora Yusuf Turkman ig’vosi bilan ustimga lashkar tortishga qaror qildi. Qaysar baloga giriftor bo’lib, davlati vayron bo’lishi yaqinlashib qolgan edi. Chunki u Qora Yusufning ig’vosiga uchib, menga qarshi lashkar tortgan edi. Qolaversa Misr va Shom askarlarini ham yordamga chaqirgan edi.

Men kengashib lashkarimni uch favjga bo’lsam yashi bo’lar dedim. Biroq jangda yengish-yengilish ishi taqdir pardasi ostida yashirin bo’lganligi sababli, bu to’g’rida amirlarim bilan kengash o’tkazdim. Ular sipohiylarga xos ishni tutib, urush ochmoqni maslahat berdilar. Shunday bo’lsa ham qaysarning g’ayrat o’tini achchiq-chuchuk gap bilan so’ndirmoqni maslahat ko’rdim va qaysarga maktub yo’lladi. Xatning qisqacha mazmuni shunday edi: “Yeru ko’kni yaratgan Tangri ta’ologa cheksiz shukurlar bo’lsinki, yetti iqlim mamlakatlarining ko’pini mening farmonimga kirgizdi va olam sultonlari va hokimlari menga egilib, itoat qilish xalqasini jon quloqlariga taqdilar. O’z qadrini bilib, haddidan oshmay jasorat oyoqlarini tiygan bandasini Tangri yorlaqasin. Sening nasli nasabing kim ekanligi jahon xalqi oldida ma’lumdir. Shunday ekan, holingga munosib ish tutib, jur’at oyog’ini oldinga qo’ymaki, ranju mehnat balchig’iga botib, balo chuquriga yiqilg’aysen. Iqbol eshigidan haydalgan bir to’da ig’vogar kishilar g’arazli ishlarini bajarish uchun sening panohingdan joy olib, uxlab yotgan fitnani uyg’otmishlar. Yana o’shalaring ig’vosi bilan ofat va balo eshigini davlating yuziga ochmag’il. Mazkur maktub yetishi bilan Qora Yusufni mening oldimga yuborgil. Yo’q esa taqdir pardasi ikki lashkar saflari to’qnashganda yuzingga ochilg’usidur”.

Amir Temurning Boyazid Yildirimga yuborgan elchisi rad javobini olib keladi. Ibn Arabshohning ta’kidlashicha, Boyazid o’zining javob xatida o’z huzuriga Amir Temurning bo’yin egib kelishini talab qilgan, aks holda Amir Temurning ayollari uch taloq (taloq bi-s-salosa) bo’lsin degan haqoratli so’zlarni yozgan. Tabiiyki, bunday qaltis javobdan so’ng Amir Temurning jangga kirmasligi mumkin emas edi. 1401 yil fevralida Amir Temur Ozarbayjondan Boyazid ustiga lashkar tortib boradi. Nihoyat, 1402 yil 25 iyulda Anqara yaqinida bo’lgan murorabada Boyazid qo’shini mag’lubiyatga uchrab, Boyazid va uning harami asirga olinadi. O’g’li shahzoda Sulaymon jang maydonini tashlab qochadi.

Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, shuningdek mazkur jangda o’z ko’zi bilan ko’rganlarini yozib qoldirgan Sharafuddin Ali Yazdiy guvohlik berishicha, Turkiya sulton Boyazid Yildirim jangda mag’lubiyatga uchrab, jang maydonidan chiqib ketayotgan paytida, Movarounnahrning xoni Sulton Mahmudxon (Amir Temur tomonidan tayinlangan xon) uni asirga olib, Amir Temur o’rdugohiga jo’natadi. Qo’li bog’liq Boyazidni xufton vaqtida Amir Temurning huzuriga olib kelishadi. Shu asnoda Amir Temurda shohona muruvvat jo’sh urib, Boyazidning qo’llarini yechib, unga mehribonlik bilan izzat-ehtirom ko’rsatishlarini buyuradi. So’ngra Boyazidni o’zining yoniga o’tkazib, do’stona suhbatlashadi.

Sulton Boyazid jangda mag’lub bo’lib, asirga olingach, Amir Temur tarafidan unga ko’rsatilgan munosabat haqida L.Lyangle shunday yozadi: “Temur kun bo’yi davom etgan jangdan charchab, to’shakda hordiq chiqarayotgan paytda, uning chodiriga qo’l-oyoqlari bog’langan Boyazidni olib kirishadi. Kutilmaganda Boyazidni ko’rib hayajonga tushgan g’olib Temur o’zini ko’z yoshidan tutib turolmaydi. Boyazidning istiqboliga peshvoz chiqib, uni banddan bo’shatishlarini buyuradi va qabulxonasiga olib kiradi”.

Temur o’z mahbusini yoniga o’tirgizib: “Baxtsizligingizni o’zingizdan ko’ring Boyazid! Bu – o’zingiz ekkan daraxtning mevasi. Men sizning oldingizga osongina shart qo’ygan edim. Sizning rad javobingiz meni sizga qarshi o’zim hech ham xohlamagan harakatni qilishga majbur etdi. Men sizga zahmat yetkazishni istamagandim, aksincha sizning dushmanlaringizga qarshi urishishingizga yordam berishni ham niyat qilgan edim. O’jarligingiz hamma ishni barbod qildi. Hay attang! Mabodo g’alaba siz tomonda bo’lganda edi, menga va qo’shinimga qanday muomala qilishingizni bilaman. Shunday esa-da, hotirjam bo’lig, ko’nglingizdan xavf-xatarni chiqarib tashlang, men hayotingizni saqlab qolish bilan o’z g’alabam uchun Alloh-ta’ologa hamdu sanolar aytmoqchiman”, – deydi hamda o’z qarorgohi yonida Boyazidga maxsus chodir qurib berishlarini va unga shohona iltifot ko’rsatishlariga amr qiladi.

Ammo Amir Temurni yomon ko’radigan ayrim tarixchilar Temur bilan Boyazid munosabatlarini turlicha bo’yoqlarda aks ettirishga tirishganlar. Go’yo Temur Boyazidni zanjirdan xalos etgan emas, aksincha unga shu qadar og’ir kishanlar solganki, mahbus zo’rg’a harakat qilaolgan. Yana bir rivoyatda Temur Boyazidni past qilib ishlangan po’lat qafasga qamab, otga minayotganida qafasni zinapoya o’rnida ishlatgan emish. Ularning ta’kidlashicha, Temur Boyazidni tahqirlash maqsadida o’z bazmlariga olib kirar, Boyazid bazmaro o’z xotinlari va qizlarini yarim yalang’och holda oqsochlik qilib yurganlarini ko’rarkan. Shu bois o’shandan buyon usmonli hukmdorlar xotin-qizlarining tahqirlanishlaridan qo’rqishib, uylanmasdan kaniz saqlashar emish.

Yana bir rivoyatda naql qilinishicha, Boyazidning josuslaridan biri Movarounnahrni kezib, Amir Temurning tobora o’sib borayotgan shuhrati haqida o’z hukmdoriga to’lqinlanib so’zlarkan, Temurga qarshi ehtiyot choralarini ko’rish lozimligini so’z orasida qistirib o’tadi. Josusning so’nggi iborasi mag’rur va o’jar Boyazidga yoqmaydi va darg’azab bo’lib “Oqsoq Temurning qo’lidan ne ish kelur?!” – deb qichqiradi. Ittifoqo, bu so’z quloqma-quloq Temurga ham yetib boradi. Taqdir taqozosi bilan Temur Boyazid bilan jang qilib, Boyazidni asirga olgach, o’zi bilan birga olib kelgan bir kishilik oltin aravachaga ot o’rnida Boyazidni qo’shdirib, og’ziga oltin so’liqli yuganni kiydirib aravaga chiqib o’tirgach, qo’liga oltin dastali qamchinni ushlab, Boyazidga qarata: “Marhamatli sulton! Ko’rib turganingizdek mening bir oyog’im cho’loq, nogironman, siz esa sog’siz, binobarin ushbu aravada yuringizni aylantirib tomosha qildirsangiz” – degan emish. Mana shunga o’xshash quyushqondan tashqari mantiqsiz naql va rivoyatlar ko’plab uchraydi. Amir Temurning Boyazid Yildirimga qarshi olib borgan kurashi, o’z zamonasining taqozosiga ko’ra adolatli jang bo’lgan. Mashhur olim A.Yu.Yakubovskiy mazkur jangni sharhlarkan, Amir Temurning Yevropa xalqlariga ko’rsatgan yana bir xizmati haqida shunday deydi: “1400 yilda Temur askarlari O’rta Osiyodan uzoqda – G’arb turk sultoni Boyazid I va Misr sultoni Farajga qarshi kurash olib boradi. O’sha vaqtda Temur ko’p xalqlarini, masalan, Kichik Osiyodagi Sivasni, Suriyadagi Halab (Aleppo) ni o’ziga qaratib olgan edi. 1402 yilda Anqara yonida Temur ikkinchi marta Boyazid bilan jang qildi. Bu jang o’sha davrdagi eng katta janglardan bo’lgan edi. Har ikki tomondan 200 mingdan ortiq askar qatnashadi. Anqara yonida bo’lgan bu jangda Usmon sultoni Boyazid batamom tor-mor etildi va Boyazid asir olindi. Bu g’alaba faqat Osiyo tarixi uchungina ahamiyatli bo’lib qolmadi. Temur o’zining bu g’alabasi bilan Yevropa xalqlariga ikkinchi marta xizmat etadi. Anqara yonida bu g’alaba va Boyazidning asir tushishi Konstantinopolning (Stambul) turklar – usmonlilar tomonidan bosib olinishi qariyb 50 yil orqaga surib yubordi”.

Darhaqiqat, Ismoil Sulaymonovning “Ovro’paning Amir Temurga minnatdorchiligi” nomli maqolasida keltirilgan hujjatlarga murojaat qilsak, Yevropa mamlakatlari – Fransiya qiroli Karl VI, Angliya qiroli Genrix IV, Germaniya hukmdori, Italiya va Ispaniya hukmdorlari o’z navbatida Amir Temurning Boyazid ustidan qozongan g’alabasini tabriklab, shuningdek Yevropani Boyazid xavfidan qutqazganligi tufayli, chuqur minnatdorchiliklarini izhor etuvchi maktublar yo’llaganlar. Chunonchi, Britaniya muzeyida saqlanayotgan va Amir Temur nomiga yuborilgan maktubda qirol Genrix IV jahongir Amir Temurga murojaat qilib, Alloh inoyati bilan bizning va sizning umumiy dushmanimiz Boyazidni qisqa muddatda tor-mor etganligingizni eshitib, nihoyatda xursand bo’ldik va yengil tortdik. Buning uchun yaratgan egamga sonsiz-sanoqsiz shukronalar keltirdik, – deyilgan. Hatto Yevropa qirollari bunga ham kifoyalanmay, jahongirni Yevropa oldidagi xizmatlarini abadiylashtirish maqsadida maxsus ko’rgazma muzey zali barpo etishga qaror qilishgan. Bu ishning tashabbuskori Germaniya qiroli o’zining Potsdamdagi yozgi qarorgohidagi saroylardan birida, Amir Temur uchun maxsus sharqona uslubda bir xona barpo etib, xonaning devorini bo’yi basti bilan fransuz rassomi bir surat chizgan. Rasmda Amir Temur taxtda, atrofida arkoni davlati, sakkiz xabash yelkasidagi qafasda Boyazid g’olib hukmdor huzuriga keltirilyapti. Jahongir zafar quchganlarga monand mag’rur holatda.

Temur oyog’iga tiz cho’kiz turgan parivash go’zal xotin, – Boyazidning suyukli kenja xotini. Ayol o’z hukmdorining bir qoshiq qonidan kechishini, hayotini saqlab qolishni xudoning zorini qilib, Temurga yolboryapti. Jahongir esa unga qiyo ham boqmayotir. Uning ikki ko’zi Boyazidda, xuddi: “Qaysar, gapimni quloqqa olmading, endi holing qalay”, deyayotgandek.

Jahongir Amir Temur Movarounnahrni mo’g’ul istilochilaridan tozalab, markazlashgan ulug’ davlatni barpo etdi. Tarix uning zimmasiga Oltin O’rdadek qudratli mo’g’ul imperiyasining asosini yemirishdek ulkan vazifani qo’ygan edi. Sohibqiron bu vazifani ham buyuk jasorat bilan ado etib, Rus knyazliklari va sharqiy Yevropa xalqlarini qayriyb 170 yillik mo’g’ul asoratidan xalos bo’lishlariga yo’l ochib berdi. Nihoyat, 1402 yilda turk sultoni Boyazid ustidan g’alaba qozonib, butun Yevropa mamlakatlarini dahshatli tahlikadan xalos qildi. Bularning barchasi tarixiy haqiqatdir, ularni aslo inkor qilib bo’lmaydi.

Ayrim tarixchilar Amir Temurni qonxo’r bosqinchilikda Chingizxon bilan bir o’ringa qo’yadilar. Chingizxondan o’z yurtida nima meros qoldi? Faqat Kerulen yaylovida toshdan o’yib ishlangan bahaybat toshbaqagina qolgan, xolos. (Bu toshbaqa Chingizxonning chodiri yoniga o’rnatilgan edi.) Amir Temur faoliyatidan esa tarixiy hujjatlar va osori atiqa obidalar guvohlik berib turibdi.

Jahonga mashhur buyuk sarkarda sohibqiron Amir Temurning shaxsi haqida so’z yuritgnda, uning shakli shamoyili qanday ekanligini tasavvur qilish uchun, avvalo uning dushmani, taniqli arab tarixchisi Ahmad ibn Muhammad ibn Arabshohning “Ajoyib ul-maqdur fi axbori Taymur” nomli asarida keltirilgan ma’lumotlarga murojaat qilsak maqsadga muvofiq bo’lsa ajab emas.

“Temur gavdasi kelishgan, uzun bo’yli odam edi. Peshonasi ochiq, kallasi katta, ovozi jarangdor bo’lib, kuchi jasurligidan qolishmas edi. Oqish yuzini och qizil rang jilolantirib turardi. Yelkalari keng, barmoqlari to’liq, qovurg’alari uzun, muskullari kuchli edi. Uzun soqol qo’yib yurardi. O’ng qo’li va o’ng oyog’i mayib, qarashlari yoqimli, o’limni pisand qilmasdi. U qariyb 80 ga kirib o’lim asnosida ham aql-zakovati va jasoratini yo’qotmagan edi. U yolg’on-yashiqning dushmani bo’lib, hazilni yoqtirmasdi. O’zining oldida qotillik, ayollar nomusiga tajovuz qilganlik, mazlum va mazlumalarni zo’rlash, talon-taroj qilish haqida gapirishga yo’l qo’ymasdi. U haqiqat qanchalik achchiq va og’ir bo’lmasin, uni eshitishni yaxshi ko’rardi. Yaxshi yoxud yomon holatlar uning kayfiyatiga hech qanday ta’sir qilmasdi. Jasur askarning do’sti, g’oyat mard va botir bo’lgan bu odam kishilarni o’zini hurmat qilishga, o’ziga bo’ysunishga majbur etabilardi”.

Amir Temurning siymosi, xulq-atvori va fazilatlari haqida uning zamondoshlari ko’pgina ma’lumotlarni yozib qoldirganlar. Jumladan, Barbara Brey bir arab solnomachisining guvohligiga asoslanib, o’zining “Ibn Xaldun” sarlavhali maqolasida quyidagilarni yozadi:

“Temur uzun bo’yli, keng yelkali va baquvvat, kallasi katta, peshonasi keng, jismonan juda kuchli, terisi oq, yuzi qizil, barmoqlari to’liq odam edi. Soqollari hilpirab turardi, bir qo’li falaj, o’ng oyog’i oqsoq, qarashlari o’tli, yoniq, ovozi jarangdor, o’limdan qo’rqish nimaligini bilmaydi. Sakson yoshga yetsa ham ma’naviy va jismoniy kuchini to’la saqlab qolgan edi”.

Sohibqiron Amir Temur serqirrali murakkab shaxsdir. Uning xislatlaridan biri shulki, u biror masalani hal etishdan oldin shu sohaning bilimdon olimlari bilan maslahatlashar, so’ngra aniq va qat’iy qaror qabul qilardi. Uning olimu fuzalolar bilan o’tkazadigan anjumanlari har xil mezonda va turli shakllarda bo’lgan. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, ko’pincha Amir Temur tibbiyot, matematika, astronomiya, tarix, adabiyot va tilshunoslik ilmi namoyandalari, shuning ilohiyot va din sohasidagi mashhur kishilar bilan shaxsiy suhbatlar o’tkazardi. Bu suhbatlarda hayotning muhim masalalari to’g’risida, Movarounnahr va Xorazmdan tashqari, Oltin O’rda, Oq O’rda, Xuroson, Hindiston, Eron, Iroq, Turkiya, shuningdek, butun mag’ribni o’z ichiga olgan saltanatga oid ishlar haqida gap borardi.

Amir Temur saroyida ko’plab ilm-ma’rifat kishilari hukmdorning marhamatidan bahramand bo’lib, xizmat qilardilar. Chunonchi, Mavlono Abdujabbor Xorazmiy, Mavlono Shamshuddin Munshi, Mavlono Abdullo Lison, Mavlono Badriddin Ahmad, Mavlono No’moniddin Xorazmiy, Xo’ja Afzal, Mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiylar shular jumlasidandir. Amir Temur ilm-fanning riyoziyot, handasa, me’morlik, falakiyot, adabiyot, tarix, musiqa kabi sohalarning ravnaqiga katta e’tibor berardi. U ayniqsa sohib hunar ustalar bilan jon-dildan suhbatlashardi. Bu haqda Lyangle shunday yozadi: “Temur olimlarga seriltifot edi. Bilimdonligi bilan bir qatorda sofdilligini ko’rgan kishilarga ishonch bildirardi. U tarixchilar, faylasuflar, shuningdek ilm-fan, idora va boshqa ishlarda iste’dodli bo’lgan barcha kishilar bilan suhbatlashish uchun ko’pincha taxtdan tushib, ularning yoniga kelrdi. Chunki Temur bu sohalarga g’amxo’rlik qilishga asosiy e’tiborini berardi.

Sharafuddin Ali Yazdiyning hikoya qilishicha, 1403 yili Amir Temur Boilkon shahrida olimlar kengashini chaqirib, o’zi nutq so’zlagan. U o’z nutqida shunday degan: “Fan va dinning mashhur kishilari o’z maslahatlari bilan podshohlarga yordam berib kelganlar. Sizlar esa menga nisbatan bunday qilmayapsizlar. Mening maqsadim mamlakatda adolat o’rnatish, tartib va tinchlikni mustahkamlash, fuqaroning turmushini yaxshilash, yurtimizda qurilishni kengaytirish, saltanatimizni rivojlantirishdir. Bu ishlarni amalga oshirishda sizlar o’z maslahatlaringiz bilan menga ko’maklashmog’ingiz lozim”.

Ma’lum bo’ladiki, Amir Temur odamlar bilan yaqin muloqotda bo’lib, ahli ilm, ahli hunar, ahli din va ahli mehnatga umid ko’zi bilan qarab, ularga yuksak iltifotlar ko’rsatgan. Alisher Navoiyning yozishicha, Temur saltanati davridan boshlab mamlakatda turkiy adabiyot keng ko’lamda rivojlana boshlagan. Amir Temurning o’zi ham she’riyatga zo’r ehtiros bilan qaraganligi haqida Alisher Navoiy quyidagilarni yozadi: “Temur Kuragon… agarchi nazm aytmoqqa iltimot qilmaydurlar, ammo nazm va nasrni andoq xub mahal va mavqeda o’quvdurlarkim, aningdek bir bayt o’qug’oni ming yaxshi bayt ayqonicha bor. Tabarruk haysiyatidankim, ul hazratning muborak ismi bu muxtasarda bo’lg’ay va ul latoyifdan biri bila ixtisor qilinur. Mundoq naql qilurlarkim, chun Mironshoh Mirzo Tabrizda chog’irg’a ko’p ishtig’ol ko’rguzdi, dimog’ va mizoji e’tidol tariqidin inhirof topib, andin nomuloyim amr ko’p surat tutaboshladi. Samarqandda ul hazrat arzig’a bu nav’ yetkurdilarkim, uch nadimi bor kim, mufrit (haddan tashqari – T.F.) chog’ir ichmakka bois alardurlar. Hukm bo’ldikim, tavochi (adyutant – T.F.) miod (muddat – T.F.) bila chopib borib uchalasining boshin keltursun. Alardin biri Hoja Abdulqodir erdi, biri Mavlono Muhammad Koxiy erdi va biri Ustod Qutb noyi, Tavochi borib ikkisini yasoqqa (jazo – T.F.) yetkurdi. Ammo Hoja Abdulqodir qochib, qalandar bo’lib, o’zin devonalig’ga solib, mulkdin mulkka mutavori (berkinib – T.F.) bo’lub yurur erdi, to ulkim, ul hazrat yana Iroq yurushi qildi, ul mamolikda Hojaning ul holi ba’zig’a ma’lum bo’lib, yuqori arz qildilar. Hukm bo’ldiki, tutub keltursunlar. Ul hazrat taxtda erdikim, Hoja faqirni devonaliqg’a qo’ymay, sudrab taxt ilayiga kelturdilar. Andin burunkim, siyosat hukmi bo’lg’ay, chun Hojaning kamolotidin biri qur’on hifzi va qiroat ilmi erdi, filhol biyik un (baland ovoz – T.F.) bila qur’on o’qumoq bunyod qildi. Ul hazratning g’azabi lutfg’a mubaddal bo’lub, fazl va kamol ahli sari boqib, bu misrani o’qudikim:

Abdol zi biym chang dar va musxaf zad.

Mazmuni:

Qalandar qo’rquvdan qur’onga chang soldi.

Andin so’ngra Hojag’a iltifot va tarbiyalar qilib, o’z oliy majlisida nadim va mulozim qildi”.

Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Movarounnahrda mo’g’ullarning qariyb 150 yillik hukmronlik davrida birorta ham ko’zga ko’rinarli qurilish yoki suv inshootlari vujudga kelmagan. Amir Temurning tashabbusi bilan 1365 yilda Qarshining, 1370 yilda Samarqandning, 1380 yilda Kesh (Shahrisabz)ning atrofi qaytadan mudofaa devorlari bilan o’ralgan. Shuningdek, xalq farovonligiyu mamlakat obodonchiligi yo’lida suv omborlari, to’g’ron qurishga, ariqlar qazishga, yangi yerlarni o’zlashtirishga alohida e’tibor berilgan. Mamlakatning iqtisodiy ahvolini ko’tarishda savdoning ahamiyati beqiyos ekanligini tushungan hukmdor bozorlar, rastakar va timlar qurdiradi hamda turli-tuman ustaxonalar barpo etib, xalq hunarmandchilik san’atini taraqqiy ettiradi.

Amir Temur o’z poytaxti Samarqand jamolini tubdan o’zgartirishga qaror qilgan. Binobarin, Samarqand Ko’ksaroy, Bibixonim masjidi va madrasasi, Shohi-zinda maqbarasi kabi qator qurilishlar vujudga keldikim, mazkur binolarning ayrimlari hozirgacha o’z salobatini ko’z-ko’z qilib turibdi. Shuningdek, Samarqand atrofida Bog’i Shamol, Bog’i Dilkusho, Bog’i Chinor, Bog’i Bihisht va Bog’i Nav kabi bir bog’-rog’larni qurdiradi.

Amir Temur Samarqandni jahondagi eng katta va go’zal shaharga aylantirmoqchi edi. Shahar atrofiga mayda qishloqlar barpo etib, ularga dunyoning eng katta shaharlarining nomini bergan edi. Chunonchi: Bag’dod, Damashq, Misr, Cheroz Sultoniya, Madrid, Porij shular jumlasidandir. Kezi kelganda shuni ham aytish lozimki, Andijon viloyatidagi Asaka shahrining nomi Yaponiyaning Osaka shahridan olinmaganmikan degan taxminlar ham bor.

Sohibqiron mamlakat obonchiligi yo’lida xazinanani ayamadi. Zarafshon, Amudaryo va Sirdaryoga ko’priklar qurildi. Toshkent atrofiga kanallar o’tkazailib, Ohangaron qishlog’igaa asos solindi. Buxoro, Shahrisabz, Farg’ona, Turkiston (Yassa) va boshqa shaharlarda karvonsaroylar, hammomlar, maqbaralar, madrasalar, shuningdek, shaharlararo karvon yo’llaridaa rabotlar, sardobaalar qurilib, savdo-tijorat ishlarining rivojlanishiga sharoit yaratib berdi.

Amir Temur faqat Movarounnahrda emas, balki Movarounnahrdana ancha uzoqda bo’lgan yerlarda ham obodonchilik va qurilish ishlarini olib borgan. Jumladan, Kobul vodiysi hamda Mug’on cho’lida qurilgan ulkan sug’orish inshootlari sohibqironning buyuk qalb egasi ekanligidan dalolat beradi. Taniqli sharqshunos olim, akademik V.V.Bartold Amir Temurning quruvchilik faoliyati haqida gpirib: “Temur go’yo Samarqanddan boshqa hamma yerda vayronagarchilik bilan shug’ullangan, degan fikr muboralag’ali; u Kobul vodiysi va Mug’on cho’li kabi Samarqanddan uzoq bo’lgan joylarda ham ulkan sug’orish ishlari olib bordi”, deb aynan tarixiy haqiqatni ifodalagan edi. Ammo V.V.Bartold asarlari 2-jildining I qismini nashrga tayyorlagan V.A.Romodin: “V.V.Bartold Temurning bosib olgan mamlakatlardagi quruvchilik faoliyatini bo’rttirib ko’rsatgan, zero Temurning bu yerda aytib o’tilgan ozgina ijobiy harakatlari bilan chegaralanib va undan kelib chiqqan natijalari bilan uning qilgan vayronagarchiliklarini taqqoslab bo’lmaydi”, deb yozadi. Fikrimizcha, V.A.Romodin Amir Temurgacha va undan keyin o’tgan hukmdorlarning o’z qo’l ostidagi mamlakatlarda o’rnatgan tartib va qoidalarini izchillik bilan o’rganmagan.

Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, Amir Temur 1399 yilda nabirasi Abu Bakr Mirzoga (Mironshoh Mirzoning o’g’li) bir yil mobaynida Bag’dod shahrini qayta tiklash haqida farmon beradi. Shuningdek, muhandislar tarafidan tayyorlagan aniq loyiha asosida Boilkon qo’rg’on – shaharni ham qaytadan tiklaydi. Pishiq g’ishdan ko’pgina turar joy binolari, bozor, maydon, hammomlar qurilib, bog’lar, xiyobonlar barpo etiladi. Araks daryosidan kanal chiqarib, shahar suv bilan ta’minlanadi. Boilkon qo’rg’on-shahar bir oy ichida qayt qurilib bitkaziladi. Shahar mudofaa aylanma devori hamda boshqa inshootlar bir yil davomida nihoyasiga yetadi. Aylanma devorning uzunligi ikki yuz ming to’rt yuz gazdan iborat edi.

Yuqorida zikr etilgan tarixiy ma’lumot va aniq dalillarga suyangan holda, “Temur bosib o’tgan yerlarda faqat vayronalar qoldi”, – degan bir yoqlama salbiy fikrlar asossiz ekanligi, aksincha, Amir Temur buyuk ijodkor quruvchi ham bo’lganligiga shak-shubha qolmaydi.

Amir Temur harbiy salohiyatda jahonga mashhur sarkarda va o’z zamonasining eng qudratli hukmdori edi. Amir Temurning harbiy mahorati ikki yo’nalishda, askariy qismlarni qayta tashkil etishda hamda lashkarboshi – qo’mondonlikda namoyon bo’ldi.

Amir Temurning askari o’nlik, yuzlik, minglik bo’linmalardan iborat bo’lib, ularning har qaysisiga maxsus harbiy boshliqlar rahbarlik qilardi. Bo’linma birlashmasi – qo’shin deb atalgan. Bir necha qo’shinni o’z ichiga olgan birlashmani – qo’shinot deb atalgan. Bu qismlarning har biri sharoitga qarab, o’ng qo’l – burong’ur, so’l qo’l – juvong’ur, ilg’or (avangard) – manglay deb atalgan. Qo’shin turlari ichida otliq askar, piyoda askar hamda ilg’or (razvedka) bo’linmalari yuksak qadrlangan.

Amir Temur borgohida amir Xo’ja Sayfuddin, amir Burunduq, Xudoy Husayn Bahodir, amir Sulaymon Xosh, amir Oqbug’o, amir Saribug’o, Shayx Ali Bahodir, Temur Tosh, Barot Xo’ja, amir Dovus barlos, Umar Abbos, Mahmudshoh Buxoriy, amir Muayyid Arlot, Tuman Berdibek, amir Shoh Malik, amir Shayx Nuriddin va boshqa harbiy boshliqlar xizmat qilganlar.

Amir Temur 1404 yilda mashhur yetti yillik yurishdan g’alaba bilan qaytib kelgach, o’z g’alabasining sharafiga katta sayl tashkil qiladi. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, mazkur sayl g’oyat katta tantana bilan o’tgan. Bu haqda Kastiliya qirolining Samarqandga – Temur saroyiga jo’natgach elchisi Rui Gonsales de Klavixo ham o’zining “Kundalik”ida batafsil yozib qoldirgan.

Ammo sohibqiron Amir Temur yetti yillik yurishdan kelgach, hali hordiq chiqarib ulgurmasdanoq, tarixda mashhur Xitoyga qarshi yurishga taraddudlanadi. Zero, 1368 yilda Xitoyda davlat to’ntarishi bo’lib hokimiyatga Min sulolasi kelgan edi. Natijada sobiq “mo’g’ul hukmdorlari” Xitoy hududidan haydab chiqariladi. Imperiyaning poytaxti Pekin (Xonbaliq)dan Nankinga ko’chiriladi. Movarounnahr bilan Xitoy o’rtasida gavju tijorat karvon qatnovi mavjud bo’lib, mazkur karvon yo’lini Sharafuddin Ali Yazdiy o’zining “Zafarnoma” asarida mohirona tasvirlab bergan.

O’rta Osiyo tarixining bilimdoni akademik V.V.Bartoldning Amir Temur hamda Min sulolasining tarixiy manbalaridan olib bergan ma’lumotiga qaraganda, 1387 yilda Amir Temur Mavlono Hofiz nomli kishini elchi bilan birga boj tariqasida 15 ta ot va ikki tuya jo’natgan. Shundan so’ng har yili ot va tuyalar boj tariqasida jo’natib turilgan. 1392 yildagi bojning yoniga bir to’p mato ham qo’shib yuborilgan. Mazkur elchilar Xitoydan qaytayotganda, Xitoy imperatori sobiq mo’g’ul sulolasi hukmronligi davrida Gansu viloyatida o’rnashib qolgan 1200 kishidan iborat musulmonlarni elchilarga qo’shib Samarqandga jo’natgan. 1394 yilda Amir Temur Xitoyga 200 ta ot jo’natgan. Shuningdek, Amir Temurning Xitoy imperatori nomiga yuborgan yorlig’ining Xitoy tiliga tarjimasi keltirilgan. Yana manbada keltirilishicha, qaysi yilda ekanligi noma’lum, Temur tarafidan Xitoyga jo’natilgan otlarning soni 1000 ga yetgan. Xitoy tarafi ham mazkur sovg’alar evaziga qimmatbaho toshlar va qog’oz pullar jo’natgan (qog’oz pullar elchilar tomonidan Xitoyning o’zida sarf qilingan bo’lsa kerak). Qanchalik to’g’ri, Xitoydan Temurga birinchi elchi 1395 yilda kelgan. Elchilarning nomi An Chji-dao va Go Tzi bo’lgan. Elchilar Samarqandga odatdagidek Qashqar va Farg’ona orqali emas, balki Semirechye orqali kelgan. Biroq, mazkur elchilarga Xitoyga qaytish faqat Temur vafotidan so’ng nasib qilgan.

Amir Temurga oid tarixiy manbalardan ma’lum bo’lishicha, Amir Temur Xitoy elchilarini 1397 yil oxirida Sirdaryo bo’yida qishlayotgan vaqtida qabul qilgan edi. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, elchilar ko’p tuhfalar keltirganlar va hukmdorning marhamatiga sazovor bo’lib, qaytib ketishga ijozat olganlar. Agar biz xitoy elchilarini ushlanib qolganligi haqidagi ma’lumotni bilmaganimizda edi, – deb yozadi, V.V.Bartold, – u holda bu so’zlardan, elchilar Xitoyga qaytib ketganlar, degan fikr kelib chiqqan bo’lardi, albatta.

Elchilarning ushlab qolinishi, albatta yaxshilikdan dalolat bermas edi. Xitoyda mo’g’ul sulolasi hukmronligining tugatilishidan so’ng, hokimiyatga Min sulolasining kelishi Xitoy imperatorining buyrug’i bilan 100 ming musulmon fuqarosi qatl qilinadi. Bu voqealardan Amir Temur bexabar bo’lgan deb bo’lmaydi. Chunki Sharafuddin Ali Yazdiy va Nizomiddin Shomiy hamda G’iyosiddin Alilarning yozishicha, 1398 yili Amir Temur Xitoyga borib “butparastlar”ni qirib tashlashni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan edi.

1399 yil qish faslida Qorabog’lda qishlayotgan chog’ida, Min sulolasining asoschisi Xitoy imperatorining vafot etgani haqida xabar keladi. Xabarda go’yo marhum imperator o’z o’limidan avvalroq qandaydir arzimagan bahona bilan 100 ming musulmon fuqarosini qirib tashlashga farmon bergan va shu yo’l bilan o’z mamlakatini Islomdan batamom tozalagan, deb mubolag’ali ma’lumot ham berilgan edi. Tabiiyki, o’zini dini Islom homiysi deb bilgan sohibqiron shakkok imperatorning aqlini kiritib qo’yishga jazm qilgan edi.

1404 yili Amir Temur Xitoyga qarshi yurishga tayyorlanarkan, ikki yangi ulus tashkil qilib, ikki yosh nabirasiga in’om qiladi. Ulardan biri Shohruh Mirzoning to’ng’ich o’g’li 10 yoshli Ulug’bek Mirzoga – Toshkent, Sayram, Avliyoota, Ashkardan to Xitoy chegarasigacha bo’lgan yerlar kirardi. Ikkinchi ulusni esa Shohruh Mirzoning ikkinchi o’g’li Ibrohim Mirzoga – Farg’ona, Qashqar va Xo’jandni in’om qilgan edi.

Biroq, Amir Temur bu norasida hukmdorlarga mo’g’ul beklari osongina bo’ysunmasliklarini yaxshi tushunardi. Binobarin, Xitoy yurishiga taraddudlanarkan, yo’l-yo’lakay mo’g’ul beklarini bo’ysundirib, mazkur uluslarni nabiralariga olib berib, so’ngra Xitoyga yurishni rejalashtirgan edi. Shunday qilib, 1404 yil 27 noyabr Samarqanddan chiqib, O’tror tomonga yo’l oladi. U Oqsulot mavzega kelib, u yerda 28 kun turadi. Amir Temur o’z beklari va amirlaridan ko’pchiligini qishlash uchun Shohruhiya, Toshkent va Sayramga jo’natgan edi. Hukmdorning qarorgohida faqat amir Shayx Nuriddin, amir Shohmalik va amir Xo’ja Yusuflargina qolgan edilar.

Shuningdek, katta qo’shinning o’ng qanoti hisoblangan yirik harbiy bo’linma hali Toshkent, Shohruhiya va Sayramda qishlamoqda edi. Mazkur harbiy bo’linmaga Temurning nabiralaridan Xalil Sulton Mirzo (Mironshohning o’g’li boshchilik qilardi. Qo’shinning chap qanoti (Juvong’ir) Turkiston va Sabron shaharlarida qishlamoqda edi. Bu qo’shinga Temurning Og’a begim ismli qizidan tug’ilgan Sulton Husayn Mirzo nomli nabirasi boshchilik qilardi. Markaziy qo’shin esa Temur rahbarligida Oqsulotda turardi.

1404 yil 25 dekabrda Amir Temur Oqsulotdan yo’lga chiqib, 1405 yil 14 yanvar chorchanba kuni O’trorga kelib to’xtydi. Amir Temur O’trorda 35 kun turadi va shu muddat ichida qanday sabablarga ko’ra 1405 yil 5 fevral payshanba kuni Amir Temur bundan buyon nard va shaxmat o’ynamaslikka ont ichgan.

1404-1405 yilning qish fasli o’ta sovuq kelib, Amudaryo va Sirdaryoning barcha o’tish joylari muz bilan qoplangan edi. Garchi Amir Temur qarib qolgan bo’lsa-da, yo’l mashaqqatlariyu hamda sovuqni pisand qilmas, ruhan tetik va jismonan bardamday ko’rinardi. Sharafuddin Ali Yadiyning ma’lumotiga ko’ra, Amir Temur O’trorda Oltin O’rdaning sobiq xoni To’xtamishxonning elchisini qabul qiladi va elchiga “Xitoy urushi to’xtagach, Oltin O’rdaga qarshi yurish qilib, taxtni To’xtamishxonga qaytarib olib berishga” va’da beradi.

Ammo ko’p o’tmay Amir Temurning mijozida kasallik vujudga kelib, kundan-kun ahvoli og’irlashadi. Tib ilmining bilimdoni mavlono Fazlullo Tabriziy boshchiligida bir necha tabiblar hukmdorning kasaliga xilma-il muolijalar qilardilar. Ammo xastalik kundan-kunga kuchayib borardi.

Amir Temurning kasallanish sababi haqida “Temurnoma” muallifining bergan ma’lumoti diqqatga sazovordir. “Sohibqiron Amir Temurning huzurlariga chopar kelib, qalmoqlar bosh ko’taribdilar, deb xabar keltirdi. Hamma jangga otlansin, deb buyurdilar. Beklar va amirlar havo sovuqligi tufayli yo’lga chiqmaslikni maslahar ko’rdilar. Ul vaqt qishni to’qsoni erdi. Amir g’ayratlariga chiday olmay o’rdadin tashqariga chiqdilar. Vaqtikim sha’bon oyining yettisi seshanba kuni o’rdani ravoqida o’ltirib, sartaroshg’a sochlarini oldirib o’ltirib erdilar, o’shal zamon amirg’a bir bodi muholif (yoqimsiz shamol) kelib tegdi. Ahdollari o’zlarig’a ma’lum bo’lib, soat o’tmay rang va tuslari tag’yir topdi”. Mashhur sharqshunos olim, akademik V.V.Bartold “har holda Temurning ksali va o’limiga bevosita sabab, sovuqqa qarshi badanni biroz isitish maqsadida me’yordan ortiq may tanovul qilganidadir”, degan fikrni bildiradi. Holbuki, tarixiy manbalarning bergan ma’lumotiga qaraganda, Temur mayxo’rlikni unchalik xush ko’rmagan va mayxo’rlikka ruju qilganlarni esa kim bo’lishidan qat’i nazar mansabidan azl qilib qoralagan. Bizningcha, Amir Temur mayni faqat shifobaxs dori sifatida qabul qilgan. Zero, Sharq tabiblari, shu qatorda Ibn Sino ham bir necha tur sharolarni muolija uchun qo’llaganlar.

Fikrimizcha, Amir Temurning kasallanish jarayoni ancha ilgaridan davom etib kelayotgan bo’lishi ehtimol. 1404 yilning kuzida Amir Temur yetti yillik yurishdan qaytib kelgach, Konigilda katta anjuman o’tkazadi. Bu anjumanda, Klavixoning ma’lumotiga ko’ra, Temurning chehrasida ancha horg’inlikka o’xshash kasallik alomatlari zohiran ko’rinib turgan. Darhaqiqat, yetti yillik yurishdan qaytgan hukmdor aqalli besh oygina ham dam olmay, yana yangi yurish taraddudiga tushib, Xitoyga qarshi yo’lga chiqqan. Binobarin, uzluksiz yo’l mashaqqatlari qarib qolgan hukmdorga zimdan o’z ta’sirini o’tkazgan va, nihoyat “Temurnoma” muallifining ma’lumotiga amal qilinsa, boshni shamollatish natijasida kasallik botindan yuzaga chiqqan. Zotan, “Zafarnoma” muallifi Sharafuddin Ali Yadiyning yozishicha, har kuni yangi-yangi kasallik alomatlari zohir bo’la boshlagan. Naql qilinishicha, bemorlik paytida Amir Temurning yonida faqat Saroy Mulk xonimgina turishga haqli edi. Hukmdorning qo’zg’alishga ham madori yetmas, Saroy Mulk xonim uning ahvolidan kechasiyu kunduzi xabardor bo’lib turardi. Tunlarning birida toliqqan Saroy Mulk xonimga uyqu g’alaba qilib, pinakka ketadiyu, shu zahoti seskanib uyg’onadi. Tabiiyki, xonim, uyg’pnish asnosda darhol hukmdor yotgan tarafga ko’z tashlaydi. Biroq, qaysi ko’z bilan ko’rsinki, to’shakda hukmdor yo’q edi. Saroy Mulk xonim sapchib o’rnidan turib, tashqarida turgan posbon oldiga chiqib, hukmdorni so’raydi. Posbon xonimga ta’zim qilgach, qo’li bilan qorong’ilik tomonga ishora qiladi. Saroy Mulk xonim o’sha tomon yelib borarkan, kichik bir tepalik ustida turgan qora bir gavdaga ko’zi tushadi. Bu jahongir Amir Temur edi. U yelkdasida chopon, chuqur xayolga cho’mgan holda qorong’ilikka tikilib turardi. Saroy Mulk xonim hayajonda: “Bu qanday gap, ulug’ amir!? Qahraton qish, izg’irinli tunda kasal holingiz bilan bu yerda turishda nima hikmat bor?” – deb Amirni o’rdugoh tomon boshlaydi. Temur o’rdugohga kelib, o’z o’rniga yotgach, Saroy Mulk xonim bu g’ayri tabiiy ahvol sirini yana so’raydi. Amir Temur xo’rsinib, oh tortgach, shu kecha ko’rgan tushini so’zlaydi:

Har ikki chekkasi baland qamishlar bilan o’ralgan katta yo’lda otimni yeldirib ketayotgan edim. To’satdan yo’l chetidagi qamishlar shitirlab qoldi. Men o’sha tomonga qaradim. Qaradimu hayratdan ot jilovini tortib to’xtab qoldim. Qamishzor ichidan padari buzrukvorim shitob bilan chiqib ketayotgan edilar. Men hayrat ichida otdan tushib, otam istiqbollariga yura boshladim. Ammo padari buzrukvorim shitob bilan chiqib kelayotgan edilar. Men hayrat ichidan otdan tushib, otam istiqbollariga yuraboshladim. Ammo padari buzrukvor menga iltifot qilmay, mening oldimdan o’tib borib, otimning egar-jabdurlarini yechib olib, o’z kelgan yo’llaari, ya’ni qamishlar orasiga kirib, ko’zdan g’oyib bo’ldilar… Men katta yo’l ustida garangsib. yalang’och ot yonida turganim holda uyg’onib ketdim… Uyg’onganimda a’zoyi badanim titrab, qizib ketayotgan edi. Bu xosiyatsiz tush dahshatidan tashqariga chiqib ketganimni ham sezmay qolibman… Har holda paymona to’lganga o’xshaydi…

– Yaxshi niyat qiling, ulug’ amir, dard boshqa ajal boshqa, shukur, salomatligingiz yaxshi! – ko’z yoshini to’kib, tasalli berardi Saroy Mulk xonim.

– Yig’idan foyda yo’q, xonim! Taqdirni tabdil qilib bo’lmas… Shukur, tong ham yorisha boshladi. Posbonga buyuring, amir Shayx Nuriddin, amir Shohmalik va amir Xo’ja Yusuflar ertalab huzurimga kirsinlar!

Amirlar va beklar sohibqiron qarorgohiga kirganlarida, u to’shakda behol yotardi. Saroy Mulk xonim hukmdorga yaqinlashib, amirlar tashrifi haqida sekingina shivirlagach, u nursiz ko’zini ohista ochib, yaqinroq kelib o’tirishlariga ijozat berdi. Amirlar qisqagina hol-ahvol so’rashishgach, hukmdorning oyoq tomonida – poygohdan joy olib, butun vujudlari quloqqa aylangan holda yerga qarab o’ltirardilar. Hukmdor ohista ko’zini ochib, amir va beklarga bir-bir razm solgach, entikib-entikib so’z boshlaydi:

– Ma’lumingiz bo’lg’aykim, Jahongir Mirzoning farzandi Pir Muhammad Mirzoni valiahd etib tayinlaydurmen, toki Samarqand taxti va arkoni davlat aning hukmi-farmonida bo’lg’ay! Mamlakat va millatning osoyishtaligi, qo’shin salohiyatining mukammalligi, raiyatning xotirjamligi borasida foydali tadbirlar ko’rsin. Binobarin, sizlar ham itoat va ehtirom borasida unga bay’at bildirib, saltanatni boshqarishda, el-yurtning tinchligi, musulmonlarning osoyishtaligi uchun hamjihat bo’lib, ko’maklashmog’ingiz lozim. Chunonchi, sizlarning hamjihatlik va ittifoq bilan qilgan ishlaringiz uzoq-yaqindagi do’st-dushmanlarga ko’rinib tursin, toki o’zaro nizolarga o’rin qolmagay va hech kim saltanatga qarshi isyon ko’tarishga o’zida jasorat topmag’ay. Bil’aks o’zaro nizolar vujudga kelib, raiyat boshiga tashvish va nadomatlar ortib, mamlakat obodonligi barham topgay. Inchunin, mening ko’p yillik sa’y-harakatlarim zoye’ga ketgay…

Amir Temur holsizlanib ko’zini yumadi. Bu uning so’nggi vasiyati edi.

Amirlar, beklar va yurtning kattalari hamda shu yerda hozir bo’lgan shahzodalar, malikalar hukmdorning vasiyatini mukammal bajarishga qasamyod qilishgach, amir Shayx Nuriddin ohista so’z boshlaydi.

– Agar amri oliy vujudga kelsa Toshkand, Samarqand va Hirotg’a xabar yuborsak, toki farzandi dilbandlaringiz – shahzodalar zudlik birlan yetib kelib, janobi oliylarining husni tavajjuhlaridan bahramand bo’lib, gavharfishon nasihatlaringizni ixlos qulog’i bilan tinglab, itoat kamarini bellariga bog’lasalar foydadin holi bo’lmas erdi.

Amir Temur asta ko’zini ochib, amirlarga mungli nazar solarkan, chap qo’lini ko’tarib, avval ko’rsatgich barmog’ini, keyin o’rta barmog’ini qo’shib ko’rsatadi-da, qo’lini tushirib, ko’zini yumib oladi. Amirlar hukmdorlarning imo-ishorasiga tushunolmay, sarosimaga tushib, hammalari Saroy Mulk xonimga savol nazari bilan qaraydilar. Shu asnoda hukmdor tamshanib, ko’zini ochib amirlarga qarab:

– Vaqt tang, bir yoki ikki kunlik umr qoldi. Afsus, ularni ko’rish nasib bo’lmadi. Endi diydor ko’rishmak qiyomatga qoldi, – deb ko’zini yumadi.

Darhaqiqat, etasi (17 sha’bon 807) 1405 yil 18 fevral chorshanba kuni kechasi shom bilan xuftan namozi o’rtasida jahonga mashhur sarkarda sohibqiron Amir Temur Kuragon hayotdan avadiy ko’z yumadi. Amir Temurning o’limi hammadan sir tutilib, tunda maxsus bezatilgan aravada amir Xo’ja Yusuf boshchiligida Samaqandga jo’natiladi. Shundan so’ng amir va beklar harbiy kengash o’tkazib, uzoq-yaqindagi barcha shahzodalarga xabar yuborishga, toki saltatant dushmanlari oyoqqa turib, ig’vo va fasod yo’liga kirib, isyon ko’tarmagaylar degan andishaga borib sohibqironning vafotini vaqtincha sir tutishga qaror qiladilar.

Ammo, Toshkent va Sayramda turgan Xalil Sulton Mirxoga bo’lgan voqeani mufassal bayon qilib, xabar yuboriladi. Shuningdek, Turkiston va Sabronda turgan Sulton Husayn Mirzoga ham xabar yuboradilar. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, G’aznada turgan Pir Muhammad Mirzoning huzuriga maktub bilan Hizr Qavchinni jo’natadilar. Maktubda sohibqironning o’lim oldidan qilgan vasiyatiga ko’ra, Pir Muhammad Mirzo tezlik bilan Samarqaandga yetib kelib, saltanatni o’z tasarrufiga kiritmog’i lozim ekanligi ta’kidlanadi. Shuningdek, Hirotda Shohruh Mirzoga, Bag’dodda Mironshoh Mirzoga, Tabrizda Umar Mirzoga, hamda Fors va Iroqdagi boshqa shahzodalarga xabar yuboriladi.

Biroq Amir Temurning o’limi qanchalik sir tutilmasin, ertasigayoq shum xabar uzoqlarga ham yashin tezligida tarqaldi. Qo’shin orasida parokandalik vujudga keladi. Toshkent va Sayramda qishlovda turgan qo’shinning boshlig’i Xalil Sulton Mirzo bobosi vafoti haqida xabar kelgach, o’z qo’l ostidagi qo’shin bilan Samarqandga shoshiladi. Turkiston va Sayramda turgan Sulton Husayn Mirzo o’z qo’l ostidagi qo’shindan o’ziga ishonchli bir ming askarni olib, zudlik bilan taxtni egallash maqsadida Samarqandga qarab yo’l oladi. Hali sohibqironning jasadi sovimasdanoq temuriy shahzodalar, harbiy boshliqlar va arkoni davlat orasida parokandalik boshlanib ketadi. Sohibqironning vasiyatlariga sodiq qolishga qasamyod qilgan temuriy shahzodalar tez kunda vasiyatdan yuz o’rigib, taxt uchun kurashni boshlaydilar, harbiy va ma’muriy boshliqlar esa guruhbozlikni avjiga chiqaradilar. Mavrusiy saltanatni boshqarishda temuriy shahzodalar, sahroyi chingiziy shahzodalaridek hamjihatlik bilan birlasha olmadilar. Aksincha, o’zaro qonli nizolarni boshlab, mamlakatni janggohga aylantirdilar va mehnatkash xalqni og’ir musibatlarga duchor qilib, mamlakatni parchalanib ketishiga sababchi bo’ldilar.

Amir Temurning jasadi Samarqandga jo’natilgach, bir kundan so’ng malikalarga ham Samarqandga qaytishga ruxsat beriladi. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, amir Xo’ja Yusuf sohibqironninng jasadini 23 fevralda Samarqandga yetkazib keladi va o’sha kechasiyoq marhum Muhammad Sulton Mirzo xonaqohiga dafn qilinadi. Malikalar Samarqandga yetib kelganlarida Amir Temurning o’limi haqidagi xabar hammayoqqa tarqalib bo’lgan edi.

Samarqand shahrining hokimi Arg’unshoh shahaar darbozalaarini berkitib, to haqiqiy valiahd kelib, taxt masalasi hal bo’lmaguncha shaharga hech kimni kiritmasligini e’lon qiladi. Faqat davomli muzokaralar so’nggida Saroy Mulk xonim boshchiligida ayrim malikalar va yosh shahzodalargagina shaharga kirishga kirishga ijozat beriladi. Malikalar, shahzodalar va shahar a’yonlarining xotinlari Muhammad Sulton Mirzo xonaqohiga borib, ta’ziya marosimini boshlaydilar. Ular ko’k kiyinib, sochlarini yoyib, yuzlarini tirnab qonatib, qorakuya surtib, dod-faryodlar qilib, aza ochadilar. Bu marosimda shahzodalar, shahar ichida bo’lgan a’yonlar, hatto shayxulislom Abdul Avval va Isomiddinlar ham faol qatnashadilar. Shahardagi barcha rastalar va do’konlar yopiladi.

1405 yil 18 mart dushanba kuni Xalil Sulton Mirzo hech qanday qarshiliksiz Samarqandga kirib, taxtga o’tiradi. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, Samarqand shaharining boshliqlari Arg’unshoh va O’trordan qaytib kelgan amir Xo’ja Yusuflar Xalil Sulton Mirzo bilan muzokara yuritib, shahar kalitini unga topshirgan edilar. Ikki kun o’tgach, Xalil Sulton Mirzo Muhammad Sulton Mirzo xonaqohiga borib, motam marosimi yanada ulug’vorroq va tantanali ravishda o’tkazadi. Marosimda faqat shahzodalar, malikalar va arkoni davlatgina emas, balki butun shahar xalqi ishtirok etadi. Marosimda Amir Temur ruhiga hatmi qur’on qilinib, beva-bechoralarga xayr-ehsonlar ulashilib, bir necha kungacha ot, ho’iz va qo’ylar so’yilib, fuqaroga ob-osh tortiladi. Marosim oxirida yig’i-sig’i bilan Amir Temurning maxsus jang nog’orasini o’rtaga olib kiradilar va bir lahza chaladilarda, shundan so’ng “u endi boshqa kishiga xizmat qilmasin uchun”, uni tilimlab yorib tashlaydilar. Bu udum motam marosimining tugallanishi hisoblanardi.

Ibn Arabshohning ma’lumotiga qaraganda, sohibqironning jasadi Muhammad Sulton madrasasidagi dahmaga dafn etilgan bo’lib, dahmaning devorlariga Temurning kiyimlari va qurol-aslahalari ilib qo’yilgan. Mazkur buyumlar qimmatbaho toshlar va oltin bilan bezatilgan bo’lib, bu ma’danlarning eng kichik bir bo’lagi bir viloyatning bir yillik hirojiga teng kelardi. Maqbara ichiga katta-katta oltin qandillar o’rnatilgan bo’lib, ulardan birining og’irligi 4000 misqolga teng edi. Maqbara sahniga ipak gilamlar to’shalgan. Sohibqironning jasadi esa sherozli mohir usta tarafidan yasalgan po’lat tobutga solinib, dafn etilgan.

Oradan to’rt yil o’tgach, 1409 yil may oyida Amir Temurning to’rtinchi o’g’li Shohruh Mirzo Xalil Sulton Mirzodan Samarqand taxtini tortib olgach, Muhammad Sulton xonaqohiga kelib, otasi Amir Temurning qabrini ziyorat qildi. Shariat tartiblariga qattiq rioya qiluvchi Shohruh Mirzo maqbaradagi shariat qonun-qoidalariga zid keladigan ishlarni, marosimlarni man etadi, shu jumladan Amir Temurning kiyimlari, qurol-aslahalari va barcha qimmatbaho bezaklarni xazinaga qaytaradi. Shuningdek, Amir Temur va Muhammad Sulton Mirzo jasadlarini madrasa xonaqoidan ko’chirib, po’lat tobut o’rniga yog’och tobutga solib, hozirgi Go’ri Amir maqbarasiga dahn ettiradi. Jasadlarni po’lat tobutdan yog’och tobutga solib dafn etilishi shariat hukmiga muvofiqroq bo’lsa kerak, deb taxmin qiladi. A.Yu.Yakubovskiy. Biroq Shohruh Mirzoning jasadlarini ko’chirib qayta dafn ettirishi Samarqand arkoni davlatida ancha shov-shuvlarga sabab bo’ladi. Ayniqsa harbiy boshliqlar orasida norozilik kuchayadi. Shuning uchun bo’lsa kerak, deb yozadi akademik V.V.Bartold, – Temurning diniy rahnamosi Sayid Barakaning hokimi Andxo’ydan olib kelib, Amir Temurning bosh tomoniga dafn ettiradi. Zotan, Sayid Baraka Temurning diniy rahnamosi sifatida katta obro’-e’tiboriga ega ekanligi hammaga ma’lum edi. Go’yo Temur hayotligida Sayid Baraka bilan yonma-yon dafn etilishini vasiyat qilgan emish.

Darhaqiqat, 1941 yilda Go’ri Amir maqbarasida Temur va uning nabirasi Muhammad Sulton Mirzoning qabrlari ochib tekshirilganda, har ikki jasadni ham archa yog’ochidan yasalgan tobutga solib dafn etilganligi ma’lum bo’ldi. Shuningdek, mashhur sharqshunos olim A.A.Semenov va arxeolog olim V.A.Shishkinlarning fikricha, har ikkalar tobut bir xil yog’ochdan, hamda tobut ichiga to’shalgan matolar ham bir xil, ya’ni parchaga o’xshash mato edi.

Tarixiy manbalarning bergan ma’lumotiga qaraganda, Amir Temur vafot qilganda, uning xotinlaridan to’rttasi – Saroy Mulk xonim, Tuman og’o xonim, Tukal xonim va Ruh Parvar og’o xonimlar hali hayot edilar. Shuningdek, Sharafuddin Ali Yazdiy va Fasih Xavofiyning bergan ma’lumotlariga ko’ra, Amir Temur vafot qilgan vaqtda unda 2 o’g’il, 19 nevara va 15 chevara, jami 26 shahzoda hayot edi. Bulardan tashqari sohibqironning kichik qizi – Sulton Baxt begim va katta qizi – Og’o begimdan tug’ilgan o’g’il – Sulton Husayn Mirzo nomli nevarasi ham bor edi.

Tarixiy ma’lumotlarning dalolaticha sohibqiron Amir Temur o’n sakkiz marta uylangan. Bundan tashqari u 22 nafar xos kanizaklarini ham o’z shabistoniga mahram qilgan. Sohibqironning o’z iqroricha, 1355 yili otasi amir Muhammad Tarag’ay uni birinchi marta amir Joku Barlosning qiziga uylantiradi. O’sha yiliyoq Amir Temur amir Qazag’onning nabirasi, amir Husaynning singlisi O’ljaoy Turkon Og’oga ham uylanadi. “Temurnoma” muallifining yozishicha, O’ljaoy Turkon Og’oning asl nomi Kamoloy bo’lib, doim erkaklar libosida otga minib, janglarda ishtirok etar, hamda jangdan ko’plab o’ljalar bilan qaytar ekan. Shu bois uni O’ljaoy Turkon deb atar ekanlar. O’ljaoy Turkon og’o 1366 yilda kasal bo’lib vafot etadi.

Sohibqiron Amir Temur Samarqand taxtiga o’tirgan (1369-1370) vaqtida mazkur xotinlaridan ikki o’g’il va ikki qizi bor edi. Har ikki amirzoda, ya’ni Jahongir Mirzo va Umar Shayx Mirzo bir yilda – 1356 yilda tug’ilganlar. Demak, amirzodalar boshqa-boshqa onadan tug’ilganlar.

Tarixchi Xondamirning bergan ma’lumotiga qaraganda, Jahongir Mirzoning onasining ismi Turmush Og’o bo’lgan. Agar shunga amal qilinsa, sohibqironning birinchi xotini – amir Joku Barlos qizining ismi Turmush Og’o bo’lib, undan Jahongir Mirzo va O’gi Begilar tug’ilgan. Sohibqironning ikkinchi xotini O’ljaoy Turkon Og’odan Sulton Baxt begim tug’ilgan.