Qo’muz

Qo’muz — 1) qirg’iz torli-tirnama musiqa cholg’usi. O’zbek do’mbirasiga yaqin. Qirg’izistonning Janubiy vohalarida chertmek nomi bilan mashhur. Rivoyatlarda aytilishicha, uni afsonaviy Qambarkan (Aliqambar) kashf etgan. Bir butun yogoch (o’rik, archa, ba’zida yong’oq va boshqa daraxt) bo’lagidan yasaladi. Noksimon kosaxonasi, pardasiz dasta va 3 torni ushlab turgan quloqlaridan iborat. Umumiy uzunligi 85-90 santimetr. Mayin tovushga ega. Qo’muz qirg’izlarda eng sevimli va keng tarqalgan professional cholg’usi bo’lib, unda xalq qo’shiqlari ohanglariga asoslangan «OBON kuylar» («Semetey kuu», «Qoraqo’l bo’tam», «Nalima», «kerme too» va boshqalar), virtuoz xarakteridagi, ba’zan o’yin-kulgi bilan bog’liq «aytish kuylar» («Ko’yro’n kuu», «Armandu chimchiq») hamda yirik shakldagi mumtoz kuylar («Qambarkan», «Botoy», «kerbez» va boshqalar) ijro etiladi. Qo’muz, shuningdek, qirg’iz oqin va ir (qo’shiq-)chilar tomonidan jo’rnavoz soz sifatida ishlatiladi; 2) qirg’iz changqo’bizining nomi (yog’och- qo’muz, temir-qo’muz); 3) chechen va ingushlarda 19-asrdan tarqalgan garmon nomi.