Qalqon, sipar
Qalqon, sipar — 1) jangchining tanasini tig’li qurollar (qilich, nayza va boshqalar) zarbidan himoya qiluvchi moslama. Tosh davridan boshlab 17-asrgacha amaliyotda qo’llanilgan. Eng qadimgi Qalqonlar yog’och, to’qilgan chiviq, qo’g’a, teri, keyinchalik esa jez va temirdan yasalgan. Qalqon shakli va katta-kichikligi turli xalklarda turlicha (yumaloq, uchburchak, to’rtburchak, tuxumsimon, yarim tsilindrik va boshqalar) bo’lgan. Miloddan avvalgi 3-ming yillikda Mesopotamiyada usti mis plastinkalar bilan qoplangan yog’och Qalqonlar qo’llanilgan. Jezdan qilingan birinchi Qalqon miloddan avvalgi 2-ming yillikda ossuriyada vujudga kelgan. Ko’pincha, Qalqonlar turli rasm, ramz, gerb va boshqalar tasviri bilan bezatilgan. Masalan, Urartu podsholarining Qalqonlari turli manzarali tasvirlar va mixxat bilan qoplangan. Yunonistonda yog’ochdan (ba’zan temirdan) ishlangan dumaloq Qalqonlarda jangchilarning ramzlari (delfin, sher va boshqalar) tasvirlangan. O’rta Osiyo xalqlarida ham Qalqon qadimdan qo’llanilib kelgan. Atama ilk bor 11 —12-asrlar Qoraxoniylar davri eski turkiy til obidalarida Qalqon va qalqang fonetik shakllarida qayd etiladi. Pahlavonlar, sarkardalar Qalqoni qimmatbaho toshlar bilan ziynatlangan. Amir Temur va Temuriylar davrida odam bo’yiga mos keluvchi Qalqonlar mavjud bo’lgan, ular tura deb nomlangan. Ular katta-kichikligi, turli shakldaligi bilan ajralib turgan. Qalqon 16-17-asrlarda o’tsochar qurollarning takomillashuvi bilan o’z ahamiyatini yo’qotgan. Hozirda dunyoning ko’p mamlakatlarda polisiyachilarning himoya quroli; 2) ko’chma ma’noda — ofat, balo, ko’ngilsiz hodisalar va boshqalardan saklovchi vosita; to’siq, g’ov.