Qoradaryo

Qoradaryo — Samarqand viloyatidagi daryo. Zarafshon daryosining chap tarmog’i. Uzunligi 111 kilometr. Zarafshon daryosi Samarqanddan 7 kilometr quyida (Cho’ponota tepaligi yonida) ikkiga — Oqdaryo (o’ng) va Qoradaryo (chap) ga ajraladi, Yangirabot shaharchasi yaqinida yana birlashadi. Zarafshonning Oqdaryo va Qoradaryoga ajralish joyida Samarqand gidrotuguni qurilgan (1974). Zarafshon daryosi suvining ko’p qismi Qoradaryoga oqiziladi. Qoradaryo suvidan Kattaqo’rg’on suv omborini to’ldirish uchun foydalaniladi. Qdan bir necha kanallar suv oladi. Bu kanallar orqali Oqdaryo, Ishtixon, Kattaqo’rg’on, Narpay, Paxtachi, Navoiy viloyatining Xatirchi tumanlarining yerlari suv bilan ta’minlanadi.