Qodirov Muhsin Xalilovich
Qodirov Muhsin Xalilovich (1932.10.3, Shahrisabz) — teatrshunos olim. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1978). San’atshunoslik Doktori (1976), professor (1980). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1955). Qashqadaryo viloyat madaniyat boshqarmasida katta mutaxassis (1955— 57). Toshkentdagi San’atshunoslik institutida ilmiy xodim (1957-58), katta ilmiy xolim (1961-64, 1966-76), ilmiy kotib (1964-66), 1976 yildan bo’lim mudiri. 1962 yildan san’at institutida dars beradi (1996-98 yillar institut rektori). Ilmiy faoliyati o’zbek xalqi tomosha san’atlari (an’anaviy teatr, raqs, tsirk, maydon tomoshalari va bayramlar)ni o’rganishga bag’ishlangan. Qodirovning «O’zbek xalq og’zaki dramasi» (1963), «masxaraboz va qiziqchilar san’ati» (1971), «Xalq qo’g’irchoq teatri» (1972), «O’zbek teatri an’analari» (1976), «O’zbek xalq tomosha san’ati» (1981), «Navoiy va sahna san’ati» (2000) kabi kitoblari alohida qimmatga ega. Qodirov «Tanbur nolasi» (Farg’ona teatrida qo’yilgan), «sehrli uzuk» (rus yosh tomoshabinlar teatrida, Kattaqo’rg’on, Qashqadaryo, Surxondaryo teatrlarida qo’yilgan), «Kenja qiz», «Sirli nay» (Respublika qo’g’irchoq teatrida), «baxt qushi» (Muqimiy teatrida sahnalashtirilgan), «Susanbil» (Xorazm qo’g’irchoq teatrida qo’yilgan), «Samar va qand qissasi» (Samarqand viloyat qo’g’irchoq teatrida sahnalashtirilgan) kabi pesalar yozgan. «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (2003). As: Yusufjon qiziq, T., 1991; Temur va Temuriylar davrida tomosha san’atlari, T., 1996; O’zbek teatri tarixi, T., 2005. Ad.: Ilmga baxshida umr, T., 2002; Kumusheva N., Muhsin Qodirovning ilmiy tadqiqotchilik faoliyati, T., 2002.