Qodirov Davlatoxun

Qodirov Davlatoxun (1888, Andijon — 1953, Toshkent) — sozanda (dutor), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1944). Hamza rahbarligidagi O’lka sayyor siyosiy truppasi (1918— 20), M.Qoriyoqubov rahbarligidagi O’zbek davlat sayyor kontsert etnografik truppasi (1926), O’zbekiston radioqumitasi xalq cholg’u asboblari orkestri (1929-53)da sozanda. Qishloq xo’jaligi ko’rgazmasi (1923, Moskva), O’zbek san’ati va adabiyoti dekadalari (1937, 1951, Moskva)da qatnashgan. Repertuaridan Toshkent-Farg’ona vohalari hamda mashhur o’zbek, tojik va uyg’ur xalq musiqa namunalari asosiy o’rin tutgan. Qodirov, ayniqsa, «rohat», «o’yin bayoti», «o’yin Dugohi», «Bahor», «Saraxbori Oromijon», «Dilxiroj», «Chertmak», «Tanavor», «Farg’onacha» kabi kuylarni mahorat bilan ijro etgan. Uyg’ur maqom cholg’u yo’llarining ko’pini yoddan bilgan.