Qodirov Vohid

Qodirov Vohid (1925.10.1 – Toshkent — 1992.5.8) — aktyor, rejissyor. O’zbekiston xalq artisti (1980). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1948). 1948-92 yillar yosh tomoshabinlar teatrida ishlagan. «Po’lat qanday toblandi» (A.Ostrovskiy) spektaklidagi Klimka uning sahnada yaratgan ilk obrazidir. Keyinchalik Mister Tomas (V.Lyubimov, «Oppog’im»), Chiranchoq quyoncha (S.Mixalkov, «chiranchoq quyoncha»), Jurjon hokimi (H.Olimjon, «Oygul bilan Baxtiyor»), Mansur (I.Ahmedov, O.Tolipov, «kim aybdor»), Qovoqvoy, Konfetvoy (P. Mo’min, «Qovoqvoy va Chanoqvoy», «Suqatoy Konfetvoy»), Sariboy (G’.G’ulom, «Shum bola»), Ikrom (Alp Jamol, «mehribonlar») kabi turli xarakterdagi rollari bilan tanildi. Qodirov dramatik, komik, satirik va ertak janrlaridagi rollar ustasi sifatida hamda o’ziga xos uslubi bilan tanilgan. Rejissyor sifatida «tayyorga ayyor» (E. Rahimov), «Suqatoy Konfetvoy» (P.Mo’min), «Mehribonlar» (Alp Jamol) kabi spektakllarni sahnalashtirgan. Qodirov kinoda ham bir qancha rollar: Pardozchi («Maftuningman»), Sariboy («Shum bola»), amaldor («Osiyo ustida bo’ron»), Milisioner («chinor ostidagi duel»), Xon («Akmal va ajdaho») va boshqalar ijro etgan. «Otalar so’zi – aqlning ko’zi», «Televizion miniatyuralar teatri», «ekran xandasi», «shunchaki sarguzasht» kabi televizion ko’rsatuvlarning faol ishtirokchisi bo’lgan.